1.Iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida fanning ahamiyati
2.Iqtisodiyotni modernizatsiya qilishda mahalliy byudjetlarning daromadlarini mustahkamlash.
Mahalliy byudjetlarning daromadlarini mustahkamlash hozirgi byudjet islohatlarining asosiy yo‘nalishi hisoblanmoqda. Bu borada mulkni, erni va tabiiy resurslarni soliqqa tortish asosiy rol o‘ynaydi. Keyingi samarali manba bo‘lib, jismoniy shaxslar daromad soliqlarini uzoq muddatga mahalliy byudjetlarga biriktirib qo‘yish hisoblanadi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarda davlatning iqtisodiyotga aralashuvini qisqartirish, iqtisodiyotda davlat boshqaruvini markazlashtirishni cheklash hamda bu boradagi vazifalarning bir qismini respublikadan viloyat, tuman darajasiga o‘tkazishga asosiy e’tibor qaratilmoqda, buning natijasida ko‘pgina vakolatlar mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish organlariga navbatma-navbat o‘tkazilib borilmoqda. O‘tgan davrda bu sohada ko‘p ishlar amalga oshirildi, biroq sohada kelgusida hal etilishi zarur bo‘lgan ko‘plab masalalar mavjud. Bu borada Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning “mahalliy hokimiyat organlarining vakolat va mas’uliyatini qayta ko‘rib chiqishimiz, ularning mustaqilligini yanada oshirishimiz lozim”1 degan fikrlari so‘zimizni tasdiqlaydi.
Mustaqillik davrida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish institutining respublikamizga xos bo‘lgan noyob shakli bo‘lgan mahallalarga bir qancha moliyaviy vakolatlarning berilishi, jumladan bolali oilalarga nafaqalar, onalarga nafaqalar yoki moddiy yordamlarning mahallalar tomonidan tayinlanishi ijtimoiy nafaqalar manzilliligini ta’minlash imkonini bermoqda. Mahalliy byudjetlar xarajatlarining asosiy qismi ijtimoiy sohaga ajratilayotganligi mazkur soha rivojida muhim o‘rin egallamoqda, lekin shu bilan birga davlatimiz rahbari tomonidan “hududlarni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni moliyalashtirish uchun mahalliy byudjetlarning mablag‘lari yetarli emasligi” qattiq tanqid qilindi.
Amalga oshirilayotgan bunday islohotlar markazlashgan byudjetdan amalga oshiriladigan xarajatlarning bir qismini quyi byudjetdan amalga oshirilishini obyektiv zaruriyat qilib qo‘ymoqda, chunki mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish organlari vakolatlarining kengayishi ular xarajatlarini oshishiga olib kelmoqdaki, bu o‘z navbatida mahalliy byudjet daromad manbalarini oshirishni davr talabi darajasiga chiqarmoqda.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, hududlarni kompleks va mutanosib ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirilishi byudjet tizimi, jumladan mahalliy byudjetlar ahamiyatini yanada oshiradi. Mahalliy byudjetlar umumdavlat ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarini amalga oshirishda, birinchi navbatda, davlat mablag‘larini taqsimlash va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. Ular mahalliy hokimiyatlarning faoliyat ko‘rsatishlarida asosiy moliyaviy manba bo‘lib, davlatning ijtimoiy-iqtisodiy siyosatini joylarda amalga oshirishda asosiy rolni o‘ynaydi. Hududlarni ijtimoiy- iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirish bo‘yicha tadbirlarning samarasi mahalliy byudjetlarning moliyaviy barqarorligiga bog‘liqdir. Mahalliy byudjetlar daromadlari asosan mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar, belgilangan normativlarga muvofiq umumdavlat soliqlari, bozorlardan tushadigan daromadlar hamda boshqa daromadlar hisobidan shakllantiriladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan ajratiladigan subvensiyalar, o‘tkazib beriladigan daromadlar va dotatsiyalar mahalliy byudjetlarining daromadlari hisoblanadi. Shu bilan birgalikda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari bo‘yicha qat’iy belgilangan soliq, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan pivo va o‘simlik yog‘i uchun aksiz solig‘i mahalliy byudjetlar daromadlariga o‘tkazib beriladi.
O‘z navbatida Respublika va mahalliy byudjetlar o‘rtasidagi munosabatlarni, ularning o‘zaro bog‘liqligini yanada takomillashtirish, shubhasiz hududlarni iqtisodiy rivojlantirish ular o‘rtasidagi iqtisodiy nomutanosiblikka mumkin qadar barham berishdan iborat. Zero, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish borasida qabul qilingan “Harakatlar strategiyasi”da ham xarajatlarning ijtimoiy yo‘naltirilganini saqlab qolgan holda Davlat byudjetining barcha darajalarida mutanosiblikni ta’minlash, mahalliy byudjetlarning daromad qismini mustahkamlashga qaratilgan byudjetlararo munosabatlarni takomillashtirish masalasi mamlakatni iqtisodiy rivojlantirish borasida muhim ahamiyat kasb etadi.
Shunga ko‘ra, qayd etilgan masalalar bo‘yicha tarmoqlar va mintaqalarni barqaror rivojlantirish hisobiga ijtimoiy muammolarning hal etilishini ta’minlovchi mahalliy byudjetlarning daromad manbaini kengaytirish bo‘yicha 2017 yil davomida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturlari tayyorlanishi va ular asosida mintaqalarning ishlab chiqarish salohiyati kengaytirilishi, mahalliy byudjetlar daromadlarini oshirish va alohida viloyatlar va tumanlarning subvensiyalanishini kamaytirish bo‘yicha 2017- 2021 yillarga mo‘ljallangan dasturlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, byudjet xarajatlarini yanada optimallashtirish, shaharlar va tumanlarning subvensiyalanishini kamaytirish, fiskal nomarkazlashtirish jarayonlarini chuqurlashtirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar tayyorlanishi rejalashtirilgan. Zero, prezidentimiz bu borada “har bir tuman va shaharda, respublika ahamiyatiga molik yirik korxonalar hissasini e’tiborga olmagan holda, soliqqa tortish bazasini kengaytirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish hisobidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent viloyatining barcha tumanlarini subvensiyadan chiqarishni so‘zsiz ta’minlash kerak. Bu yil boshqa hokimliklar va tegishli organlar uchun ham subvensiyadan qutilish masalasida sinov yili bo‘ladi4”- deya ta’kidlab o‘tganlar.
Yuqoridagi mazkur holatlar mahalliy byudjetlarning daromad bazasini mustahkamlashning oqilona yo‘llarini izlab topishni taqoza etadi. Bu borada mahalliy byudjetlarga tushumlarning yangi manbalarini qidirib topish, soliqqa tortiladigan bazani kengashtirish va mavjud soliq tushumlari asosini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini yanada oshirish lozim bo‘ladi. Bugungi kunda mahalliy byudjetlarning daromad qismini mustahkamlash, tushumlar miqdorini yanada oshirishga salbiy ta’sir qiluvchi ayrim muammoli masalalar ham mavjudki, ularning qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin bo‘ladi:
Birinchidan, hududlarda aholi tomonidan yerlardan noqonuniy (tegishli hujjatlarsiz), o‘zboshimchalik bilan foydalanish, o‘ziga tegishli bo‘lmagan yerlarni qo‘shib olish, yerlardan me’yordan ortiq foydalanish, yangi qurilgan turar va noturar joylarni o‘z vaqtida davlat kadastri ro‘yxatidan o‘tkazmaslik, ularni baholatmaslik, tegishli tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish, yollanma ishchilardan hujjatsiz foydalanish kabi holatlar mahalliy byudjetga soliq to‘lovchilar soni, ular tomonidan to‘lanadigan mahalliy soliqlarning miqdori va soliqqa tortiladigan ba’zasinining kengayishiga teskari ta’sir qiladi.
Ikkinchidan, joylarda dehqon va mol bozorlarida bo‘sh savdo o‘rinlaridan oqilona foydalanilmaslik, bozor ma’muriyati tomonidan sotuvchi va xaridorlarga ko‘rsatiladigan pullik xizmatlarning yetarli darajada emasligi, mavjud imkoniyatlar (tarozi, arava va b. ijarga berish)dan to‘laqonli foydalanmaslik mahalliy byudjetlarning bozorlardan tushadigan daromadlari miqdoriga ta’sir qilmoqda.
Uchinchidan, har bir hududda mavjud tabiiy, mineral-xomashyo resurslar oqilona foydalanilmaslik hamda ular negizida tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishga bo‘lgan targ‘ibot tadbirlarining sustligi, aholining mavjud tomorqalaridan samarali foydalanish, uning negizida dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanish bo‘yicha yetarli bilim, ko‘nikma va malakalarga ega emasligi hamda ushbu faoliyatlarni amalga oshirish jarayonida zarur bo‘lgan xizmatlarni ko‘rsatuvchi infratuzilma ob’ektlarining hududlarda yetarli darajada emasligi, hududlarning investitsiya salohiyati hamda investitsiya kiritish lozim bo‘lgan sohalar bo‘yicha investorlarning to‘laqonli ma’lumotga ega emasligi hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, mavjud salohiyatdan samarali va optimal foydalana olmaslik mahalliy byudjetlarni subvensiyalanishini kamaytirishga, shuningdek daromadlarini oshirishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |