Axloqiy ideal – axloq me’yorlarining yuksak, orzu qilingan darajadagi tasavvufi, barcha eng yaxshi xislatlarga ega, har tomonlama tarbiyalangan inson obrazi.
Axloqiy madaniyat – axloqiy tarbiyaga doir asarlar, qarashlar, g‘oyalar, ko‘nikmalar va ularga amal qilinish.
Axloqiy me’yorlar – jamiyatda o‘rnatilgan xulq-atvor qoidalari, ular urf-odat, ko‘nikma, marosim qoidalari sifatida namoyon bo‘ladi, axloqiy qadriyatlar sifatida qaraladi, ularga amal qilmaslik jamoatchilik tomonidan qoralanadi.
Axloqiy tafakkur – axloq masalalariga bag‘ishlangan fikrlar, qarashlar g‘oyalar, har bir insonnning axloqiy me’yorlar va qadriyatlarni anglash, ilmiy mushohada qilish jarayoni.
Axloqsizlik – jamiyatda qabul qilingan axloqiy me’yorlardan chetga chiqish: boqimandalik, yolg‘onchilik, ichkilikbozlik, fohishabozlik, o‘g‘rilik, hasad, g‘iybat, tuhmat, vatanfurushlik, e’tiqodsizlik va shular kabi barcha salbiy xislatlarning namoyon bo‘lishi.
Imperativ axloq -(lot.imperativus -farmon) Kant etikasida axloqiy qonunni tavsiflovchi asosiy tushuncha. Kant falsafiy ta’limotida amaliy aqlni nazariy aqlga nisbatan ustun qo‘yiladi. “Amaliy aql” deganda, keng ma’noda u etika, davlat va huquq nazariyasini, tarix falsafasi va dinni, antropologiyani; tor ma’noda esa, axloqiy xulq atvor tamoyillari va qoidalarini yaratuvchi aqlni tushunadi.
Kasbiy odob - jamiyat tomonidan qabul qilingan axloq qoidalarini kishilarning ixtisoslariga nisbatan amalda tatbiq qiluvchi aniq kasbiy burch, sha’n, or-nomus, qadr-qimmat kabi xatti-harakatlarning majmui, umumiy axloqning kishilar kasb-koridagi o‘ziga xos ko‘rinishidir.
Muomala madaniyati – insonlar, xalqlar, millat va elatlar, qavmlar orasida o‘zaro ma’naviy aloqa, salomlashuv, so‘zlashuv, kelishuv va boshqa insoniy munosabatlardir.
Inson kamoloti oiladan boshlanadi. Oila kishilik jamiyatining ijtimoiy poydevoridir. Shunga ko‘ra, jismonan sog‘lom, ma’nan barkamol, axloqan pok va yuksak madaniyatli yosh avlodni voyaga yetkazish oiladan boshlanadi. Oiladagi sog‘lom muhit – sog‘lom mafkurani shakllantiradi. Jamiyatda har bir oilaning mustahkamligi, farovonligi, o‘zaro bir- biriga hurmat, bir–biriga vafodor va sadoqatli bo‘lishga chaqirish bilan milliy mafkurada ko‘zda tutilgan maqsadlarni amalga oshiradi. Oila qurgan yoshlar hayot qiyinchiliklarini birga yengishga, bolalar to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishga, ota-onalarini e’zozlab ardoqlashga, bir-biriga mehribon bo‘lgani holda, hurmat ko‘rsatishga intiladilar. Oilada ota – onalar ham o‘z farzandlarini millatiga, vataniga sodiq hizmat qilish uchun to‘g‘ri tarbiyalashga harakat qiladilar.
Nikoh – erkak va ayolning teng huquqli, erkin va ixtiyoriy ittifoqi bo‘lib, u fuqarolik xolati dalolatnomalarini yozish organlarida tuziladi va oila tuzish maqsadiga hizmat qiladi.
Nikoh o‘z mohiyatiga ko‘ra ahloqiy hodisa. Unda ehtiroslar axloqqa bo‘ysundiriladi. Oila quyidagi xolatlarda quriladi:
sevgi – muhabbat bilan;
hissob – kitob bilan;
urf – odat an’anaga ko‘ra;
majbur bo‘lib qolgan holatlarda;
Oilaviy muhit. Oilaning mustahkamligi oila a’zolarining axloqiy tarbiyasiga bog‘liq. Xalqimizda bejiz «Sog‘lom turmush tarzi mustaxkam oilaning garovidir» deb aytilmagan. Sog‘lom turmush tarzi deganda biz nafaqat oiladagi er va xotinning bir – biriga bo‘lgan munosabati balki, ulardagi axloqiy fazilatlar, imonlilik, poklik, halollik, rostgo‘ylik, shirinso‘zlik, kabi axloqiy
Me’yorlarga amal qilgan xolda urf – odatlarga asoslangan, zamonaviy oilani tushunamiz.
Oila tashvishi ko‘proq ayol zimmasiga tushadi. Xalqimizda bejiz «Insonlar hamma vaqt ayollar istagani kabi bo‘ladilar, agrda buyuk va fazilatli odamlarga ehtiyojingiz bo‘lsa, ayollarga buyuklik va fazilat o‘rgating». – deb aytishmagan.
Oilaning mustahkamligi va totuvligi ko‘p jihatdan ayollarga bog‘liq dedik. Ammo bu fikr, oilada erkaklarning mas’uliyati kam ekan, degan xulosaga olib kelmasligi kerak. J.Mazdani aytganidek «Erkak va ayol – bamisoli ikki mayin tovushki, inson qalbidagi torlar ularsiz haqiqiy va to‘laqonli ohang berolmaydi.» Darhaqiqat, erkaksiz oila bu baxti kemtik, yarimta oila demak, «erkak-oilaning ustuni» deb bekorga aytilmagan. Oilada azaldan erkaklar ro‘zg‘orning eng og‘ir yumushlarini o‘z zimmalariga olib kelganlar. Ota – bobolarimiz ham oila tinchligi avvalo erkakka bog‘liq, deb bilganlar.
Dastlabki axloq maskani bo‘lmish oilalar yig‘indisi fuqarolik jamiyatini, millatni tashkil etadi. Fuqarolik jamiyati mohiyatan oila bilan davlat o‘rtasidagi daraja. Garchand, uning taraqqiyoti davlat taraqqiyotidan keyinroq ro‘y bersa ham, u albatta davlatni taqozo etadi, ya’ni fuqarolik jamiyatining yashashi uchun uning oldida mustaqil nimadir - rasmiy, tizimli boshqaruv bo‘lishi kerak.
Fuqarolik jamiyati zamonaviy dunyomizda vujudga keladi, zero, hozirgi paytdagina fuqarolar huquqi haqiqatan ham inobatga olinadi. Fuqarolik jamiyatida har bir odam o‘zi uchun maqsad. Biroq, u boshqalar bilan munosabatga kirishmasdan turib, o‘z maqsadiga to‘la erisha olmaydi: boshqalar uning maqsadga yetishishi yo‘lidagi vositadir. Natijada har bir alohida maqsad boshqalar bilan o‘zaro munosabatlar vositasida, ularning farovonlikka intilishini qanoatlantirgani holda, o‘zi ham qanoatlanadi. Boshqacharoq qilib aytganda, fuqarolik jamiyatida yaxshi, badavlat, baxtli, huquqiy yashash uchun bo‘lgan har bir fuqaroning intilishi pirovard natijada butun jamiyatning o‘shanday yashashiga olib keladi.
Fuqarolik jamiyati, shunday qilib, bir kishining ehtiyojini uning mehnati vositasida qondirishi barobarida, shu mehnat vositasida barcha qolganlarning ham ehtiyojini qondiradi. U o‘z a’zolarining shaxsiy erkinliklari va huquqlarini himoya qiladi, odil sud vositasida ular mulkiga daxl qilinishiga yo‘l qo‘ymaydi. Fuqarolik jamiyati turli tabaqalardan tashkil topadi. Ular orasida tabaqaviy yoki sinfiy ziddiyat singari hodisalar ro‘y berishi mumkin emas. Chunki bunda shaxs - davlat fuqarosi, muayyan inson manfaatlari birinchi o‘rinda turadi va bu manfaatlar, aytganimizdek, ham axloqiy, ham qonuniy jihatdan himoya qilinadi. Zotan, «Biz uchun fuqarolik jamiyati - ijtimoiy makon. Bu makonda qonun ustuvor bo‘lib, u insonning o‘z-o‘zini kamol toptirishiga monelik qilmaydi, aksincha, yordam deradi. Shaxs manfaatlari, uning huquq va erkinliklari to‘la darajada ro‘yobga chiqishiga ko‘maklashadi»1.
Fuqarolik jamiyatining yashash sharti - erkinlik. Shaxsning qonun doirasidagi so‘z erkinligi, fikr erkinligi va faoliyat erkinligiga to‘la yo‘l qo‘yilmas ekan, fuqarolik jamiyati amalda mavjud bo‘la olmaydi. Bu jamiyatning yana bir muhim tomoni shundaki, unda qarindoshlik, urug‘doshlik, elatdoshlik singari hissiyotlardan kasbdoshlik, mahalladoshlik hissiyotlari ustun maqomga ega bo‘ladi; yonma-yon ishlayotgan va yashayotgan jamiyat a’zolari, «begonalar» - umumiy maqsad uchun kurashayotgan hamma yelkadoshlar o‘zlarining uzoq qarindoshlaridan ko‘ra bir-birlariga yaqinroq ekanliklarini anglab yetadilar. Undagi boshqaruv esa erkin tanlov va erkin saylov asosida, hokimiyat idoralari tazyiqidan qonun bilan himoyalangan ixtiyoriy tuzilmalar ko‘magida ish olib boradi. Mamlakatimizda hozir erkin, demokratik fuqarolik jamiyatini tuzishga kirishganmiz. Bu jamiyat, ma’lum ma’noda, g‘arbliklar tasavvuridagi fuqarolik jamiyatlaridan farq qiladi. G‘arbda bu borada e’tibor asosan huquqiy yo‘nalishning ustuvorligiga qaratilsa, bizda axloqiy-ma’naviy yo‘nalishning ustuvorligini ko‘rish mumkin. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, biz qurayotgan fuqarolik jamiyati G‘arb dunyosi uchun o‘rnak bo‘lishi mumkin. Bu faxrlanish hissidan kelib chiqqan balandparvoz gap emas. Masala shundaki, G‘arb jamiyatlari hozirgi paytda axloqiylikni huquqiylikning yuqori bosqichi sifatida qabul qilmoqdalar. Lekin ular uchun «axloqiy o‘rin bo‘shatishdan» ko‘ra «huquqiy o‘rinni egallab turish» nafaqat qonuniy, balki zavqliroq tuyuladi. Bizning mentalitetimizda esa buning aksi - har bir «axloqiy o‘rin bo‘shatish» o‘zbek qalbiga quvonch, o‘z insonlik burchini bajarganlik hissini to‘ldiradi.
Bundan tashqari, bizda fuqarolik jamiyati qurishni ma’lum ma’noda tezlashtiradigan, G‘arb mentalitetiga xos bo‘lmagan makon borki, bu mahalladir. O‘zbek mahallalari tom ma’noda axloqiy tarbiyaning maskani; oila kattalari bolaga qanchalik tarbiya bera olsa, o‘sha oila yashayotgan mahallaning tarbiya borasidagi hissasi ham shuncha bo‘ladi, desak xato qilmaymiz. Buning ustiga, mahallada xalqimizning qadimiy demokratik an’analari hozir ham o‘z kuchini yo‘qotgan emas. Mahallada yashayotgan hukumat a’zosi ham, millioner tijoratchi ham, farrosh ham, oddiy o‘qituvchi ham bir xildagi mahalladoshlik huquqiga ega. Chunonchi, mahallaning oqsoqoli oddiy o‘qituvchi bo‘lishi mumkin va ko‘p hollarda shunday ham. Hukumat a’zosi yoki millioner esa, mahallada faqat mahalladoshlik «lavozimi»da bo‘ladi. Ularning farqlanishi faqat axloqiy jihatlari bilangina belgilanadi. Ana shu xususiyatlari bilan mahalla o‘z-o‘zini boshqarish tuzilmasi sifatida oiladan fuqarolik jamiyatiga o‘tish uchun axloqiy ko‘prik bo‘lib xizmat qiladi. Bunday oraliq bog‘lovchi tuzilma, yuqorida aytganimizdek, G‘arb olamida yo‘q. Demak, shunga ko‘ra ham, bizda fuqarolik jamiyatiga o‘tish nisbatan osonroq kechadi, degan fikrni bildirish mumkin.
Shunday qilib fuqarolik jamiyati muayyan xalq uchun jam bo‘lib, jamoat tarzda yashashning eng oliy shaxsi hisoblanadi va nosiyosiy bo‘lgan barcha munosabatlarni o‘z ichiga oladi. Unda shaxs erkinligini, «individning ochilishi» ixtiyoriy tarzda tuzilgan fuqarolar uyushmalari, tashkilotlari va birlashmalari doirasida o‘zini namoyon qiladi; iqtisodiy, diniy, ma’naviy, axloqiy-estetik milliy, oilaviy v.b. munosabatlar davlat idoralarining aralashuvisiz, o‘z-o‘zini boshqarish asosida amalga oshiriladi.
Buyuk olmon faylasufi Hegel davlatni axloqiy g‘oyaning voqe bo‘lishi deb ta’riflaydi va tabiiy munosabatlarni ma’naviy munosabatlar bilan muqoyasa qilib, oilani - hissiyotga, fuqarolik jamiyatini - asabning ta’sirlanish qobiliyatiga, davlatni esa o‘zi uchun asab tizimiga o‘xshatadi; u o‘z ichida botinan tashkil topgan, biroq uning yashashi o‘zida ikki holatning taraqqiy topishiga bog‘liq, bular - oila va fuqarolik jamiyati. Davlat aqlning ro‘yobga chiqishi sifatida har bir shaxs ixtiyoriga mosdir. Odatda, davlatning maqsadi o‘z fuqarolarini baxtli qilish deb hisoblanadi. Agar fuqarolar qiynalsa, ularning subyektiv ehtiyoj-maqsadlari qondirilmasa, davlatning mustahkamligi shubha ostida qoladi. Davlatning asosi – siyosiy tuzum. Uning taqdiri ham ana shu siyosiy tuzumga bog‘liq.2
Ko‘pdan-ko‘p turli-tuman boshqaruv va tashkiliy institutlardan iborat bo‘lgan davlatning eng muhim axloqiy vazifalaridan biri - tarbiya. Agar mazkur tarbiyada ommabop usullarning toshi bosib ketsa, u hol maqtarli emas; yoshlarning o‘zligini anglagan shaxs bo‘lib yetishuvi mushkullashadi. Shu bois, imkon boricha, tarbiyada individual yondashuvga intilish maqsadga muvofiq.
Demokratik tamoyillarni amalga oshirish jarayonlarida davlat, hamma fuqaro baravariga teng, degan usulda ish ko‘rmasligi lozim, hammaning huquqiy tengligini tan olgan holda, ijtimoiy tenglashtirish tamoyiliga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Davlatning mavjud bo‘lish sharti, eng avvalo, uning suverenitetida. Bunda xalq tashqi olamga nisbatan mustaqil bo‘ladi va o‘z davlatini shu mustaqillik asosida tuzadi. Shu bois suverenitet to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tish joiz. Davlat suvereniteti eng avvalo millat suvereniteti demakdir. U shaxs mustaqiligini, huquqlarini kafolatlaydigan va millat hukmronligini to‘liq ta’minlaydigan ijtimoiy-siyosiy hodisalar. Millat suvereniteti birinchi navbatda ularning siyosiy jihatdan o‘z - o‘zini boshqarishda qadimdan egallab kelgan hudud va undagi foydali qazilmalarga egalik qilishda, o‘zi tanlagan davlat hokimiyatida hamda milliy fuqarolikda namoyon bo‘ladi. Shuningdek, inson suvereniteti ham davlat suverenitetining muhim qismi hisoblanadi. U fuqaroning yashashga, mustaqil dunyoqarashga bo‘lgan huquqi bilan belgilanadi va zulmga, adolatsizlikka, ochlikka, shaxs erkinligining buzilishiga qarshi kafolatlar majmuini o‘z ichiga oladi.
Shunday qilib suveren davlat inson huquqlarini, shaxs nomusi va qadr - qimatini himoya qilishni o‘zining asosiy vazifasi, deb biladi. Uning yuksak axloqiy mohiyati ham ana shunda. Biz mustaqillikka erishganimizdan keyin o‘z davlatimizni qadimiy davlatchiligimizning eng yaxshi an’analari bilan birga zamonaviy demokratik tamoyillar asosida qurishga kirishdik.
Do'stlaringiz bilan baham: |