QOPLOVCHI TO‘QIMALAR . EPIDERMA, PROBKA VA PO‘STLOQ PARENXIMALAR.
QOPLOVCHI TO‘QIMALAR. Yuksak o‘simliklarning organlari tashqaridan qoplovchi to‘qimalar bilan o‘ralgan. Qoplovchi to‘qimalarning esa 3 ta tipi mavjud. Bular epiderma, probka va po‘stloq. Epiderma qatlami dastlab o‘simlikning barcha kismini o‘rab turadi. U o‘simlikning butun hayoti davomida uning ayrim organlari, xususan yosh novda va barglarida saqlanib qoladi. Ko‘p yillik o‘simliklarda uning eniga o‘sishi asnosida o‘zgarib, dastlabki vegetasiyaning oxiridayoq ikkilamchi qoplovchi to‘qima – probka bilan o‘rin almashadi. Epiderma nisbatan bir xil tirik hujayralarning qatoridan hosil bo‘lgan. Epiderma ustidan kutikula deb ataluvchi qavat qoplangan. U bargni bo‘kib qolishdan saqlash uchun xizmat qiladi, chunki bargga tushgan suv tomchilarini ichkariga o‘tkazmaydi. Epiderma bundan tashqari, o‘zida turli xil mineral tuzlarii shimib, qattiq qavat hosil qilishi mumkin. Masalan, qamishda. Epidermada suvni kam bug‘latish uchun xizmat qiladigaa tuklar ham mavjud. Ular shakli, uzun-qisqalngiga ko‘ra turli-tumandir. Bu tuklar ba’zan mineral moddalarni shimib qotadi, ba’zan yog‘ochlanib o‘tkirlashadi (qovoqda).
Shunday tuklardan g‘o‘za urug‘i po‘stining tukidir. Uni biz qimmatbaho ashyo sifatida yaxshi bilamiz. Chayon o‘tining tuklarida chumoli kislotasi bo‘lib, kuydiruvchi xususiyatga ega. Epiderma qavati bilan qoplangan etni tashqi muhit bilan aloqasi og‘izchalar orqali bo‘ladi. Og‘izchalar ikkita yarim oy shaklidagi hujayralar bo‘lib, ular o‘zining shakli va yashil plastidalari borligi bilan boshqa hujayralardan farq qiladi. Bu ikki hujayralarni cho‘zinchoq hujayralararo bo‘shliq ajratib turadi va bu og‘izchani ochilib-yopilishini boshqarib turadi. O‘simlikning fiziologik holatiga qarab bu teshikcha ochilishi, yopilishi yoki shunchaki qisqarishi mumkin. Og‘izcha orqali karbonat angidrid barg ichkarisiga kiradi, erkin kislorod esa atmosferaga chiqadi. Og‘izchalar bargning ostki qismida ko‘proq bo‘ladi. Bargdagi og‘izchalarning soni o‘simlik turiga, uning yashash sharoitiga qarab turlicha bo‘ladi va o‘rtacha 100-300 tadan 1000 tagacha va undan ham ko‘proq bo‘ladi. Odatda, epiderma o‘simlikda bir necha haftadan bir necha oygacha umr ko‘radi va uning o‘rnida ikkilamchi qoplovchi to‘qima – probka hosil bo‘ladi. Uning paydo bo‘lishi uchun maxsus ikkilamchi meristema zarur bo‘lib, u epidermaning o‘lishi bilan yuzaga keladi. Ikkilamchi meristema probka kambiysi yoki fellogen deb ataladi. Odatda, u bir qavat chekka tomoni bilan cho‘zilgan bo‘linuvchi hujayralar qavatidan iborat bo‘ladi. Bo‘linish esa poya yuzasiga parallel tarzda amalga oshib, bu hujayralarning chekka po‘sti qalinlashib boradi va sekin-asta protoplastini yo‘qotadi. Oqibatda probka hosil bo‘ladi. SHu sabab probka hujayralari o‘liqdir.
Probka kambiysi ikki tomonga ishlaydi. Tashqi tomonga ajralgan hujayra qatlami probka to‘qimasiga aylanadi. Hujayralarning ko‘proq qismi esa ichki, ya’ni poyaga tomon ajratiladi va ular tirikligicha qoladi. Uni felloderma deb ataladi. Probka to‘qimasi, probka kambiysi va felloderma birgalikda periderma deb yuritiladi.
Probka kambiysi turli o‘simliklarda turlicha umr ko‘radi. Odatda, bir necha oydan keyin nobud bo‘lib po‘stloqning chuqurroq qavatida probqa kambiysining yangi qatlami hosil bo‘ladi. Bunday holatda undan oziqlana olmaydi va o‘la boshlaydi. Bu o‘lik to‘qimalar yig‘indisi esa po‘stloq deyiladi. Aslida po‘stloq uchlamchi qoplovchi to‘qima bo‘lib, u yorilib-yorilib bo‘lakchalar holida bo‘ladi. Ko‘p yillik o‘simliklarda quruq po‘stloq muhim himoya vazifasini bajaradi. U o‘simlikni issiq-sovuqdan, hayvonlardan qo‘riqlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |