239-modda. Kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan ishni ko‘rish tartibi
Raislik qiluvchi sud majlisini ochadi va kimning shikoyati (protesti) bo‘yicha hamda qaysi sudning hal qiluv qarori ustidan qanday ish ko‘rilishini e’lon qiladi.
Raislik qiluvchi ishda ishtirok etuvchi shaxslardan qay biri sud majlisiga kelmaganligini, ularning kelmaganlik sabablari to‘g‘risida qanday ma’lumotlar borligini, kelganlarning shaxsini aniqlaydi, shuningdek mansabdor shaxslar va vakillarning vakolatlarini tekshiradi.
Raislik qiluvchi sud tarkibini e’lon qiladi, sud majlisi kotibi, prokuror, ekspert, mutaxassis, tarjimon sifatida kimlar ishtirok etayotganligini e’lon qiladi va ishda ishtirok etuvchi shaxslarga rad qilishga doir huquqlarini tushuntiradi.
Rad qilish to‘g‘risidagi ariza ushbu Kodeksning 4-bobida belgilangan tartibda hal etiladi.
Raislik qiluvchi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ularning protsessual huquqlari va majburiyatlarini tushuntiradi.
Ishni ko‘rish vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilinganligi to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud bo‘lmagan ishda ishtirok etuvchi shaxslarning biror-biri sud majlisiga kelmagan taqdirda, sud ishning muhokamasini keyinga qoldiradi.
Ishni ko‘rish vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan ishda ishtirok etuvchi shaxslarning sud majlisiga kelmaganligi ishning muhokamasiga to‘sqinlik qilmaydi. Biroq sud bunday hollarda ham sudga kelmaganlik sabablarini uzrli deb topib, ishning muhokamasini keyinga qoldirishga haqli.
Prokurorning sudga uzrli sabablarsiz kelmaganligi to‘g‘risida sud xususiy ajrim chiqarib, bu haqda yuqori turuvchi prokurorga tegishli xabar berishi mumkin.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning kassatsiya instansiyasida ishning muhokamasi bilan bog‘liq bo‘lgan barcha masalalar bo‘yicha iltimosnomalari va arizalari ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning fikrlari eshitilgandan keyin sud tomonidan hal etiladi.
Kassatsiya instansiyasi sudida ishni ko‘rish raislik qiluvchining yoki sudyalardan birining ma’ruzasi bilan boshlanadi.
Ma’ruzachi ishning holatlarini, birinchi va apellatsiya instansiyasi sudi sud hujjatlarining mazmunini, kassatsiya shikoyati (protesti) vajlarini va ular yuzasidan kelib tushgan tushuntirishlarni (e’tirozlarni) bayon qiladi. Shundan so‘ng sud majlisiga kelgan ishda ishtirok etuvchi shaxslar tushuntirishlari tinglanadi.
Dastlab kassatsiya shikoyati bergan shaxs va uning vakili yoki, agar ish protest bo‘yicha ko‘rilayotgan bo‘lsa, prokuror so‘zga chiqadi. Hal qiluv qarori ustidan har ikkala taraf tomonidan shikoyat qilingan bo‘lsa, birinchi bo‘lib arizachi so‘zga chiqadi.
Ushbu Kodeksning 47-moddasida nazarda tutilgan tartibda ishda ishtirok etuvchi vakolatli davlat organlari va boshqa shaxslar, agar ular sud hujjati ustidan shikoyat qilmagan bo‘lsa, kassatsiya instansiyasi sudida taraflar va uchinchi shaxslardan keyin so‘zga chiqadi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar tushuntirishlari tinglangandan so‘ng kassatsiya instansiyasi sudi qaror chiqarish uchun maslahatxonaga kiradi.
Kassatsiya instansiyasi sudi qarori ishni ko‘rish tugashi bilanoq darhol chiqariladi.
Alohida hollarda, asoslantirilgan qarorni tayyorlash besh kungacha bo‘lgan muddatga kechiktirilishi mumkin, biroq uning qaror qismini sud kassatsiya muhokamasi tamomlangan majlisning o‘zidayoq e’lon qilishi kerak.
Sudyalar maslahatlashuvi, qaror chiqarish va uni o‘qib eshittirish ushbu Kodeksda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(239-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-yanvardagi O‘RQ-662-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2021-y., 03/21/662/0012-son)
Do'stlaringiz bilan baham: |