162-modda. Qo‘shimcha hal qiluv qarori Hal qiluv qarorini qabul qilgan sud quyidagi hollarda qo‘shimcha hal qiluv qarorini qabul qiladi, agar:
1) ishda ishtirok etuvchi shaxslar dalillar taqdim etgan biror-bir talab bo‘yicha hal qiluv qarori qabul qilinmagan bo‘lsa;
2) sud huquq to‘g‘risidagi masalani hal qilib, javobgar amalga oshirishi shart bo‘lgan harakatlarni ko‘rsatmagan bo‘lsa;
3) sud xarajatlari to‘g‘risidagi masala hal etilmagan bo‘lsa.
Qo‘shimcha hal qiluv qarorini qabul qilish to‘g‘risidagi masala hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirguniga qadar qo‘yilishi mumkin.
Qo‘shimcha hal qiluv qarori ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arizasiga yoki sudning tashabbusiga ko‘ra qabul qilinishi mumkin.
Sud tomonidan qo‘shimcha hal qiluv qarorini qabul qilish to‘g‘risidagi masala mazkur bobda belgilangan qoidalar bo‘yicha sud majlisida hal qilinadi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar ushbu Kodeksning 124-moddasida nazarda tutilgan tartibda sud majlisining vaqti va joyi to‘g‘risida xabardor qilinadi. Biroq tegishli tarzda xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi qo‘shimcha hal qiluv qarorini qabul qilish to‘g‘risidagi masalani ko‘rishga to‘sqinlik qilmaydi.
LexUZ sharhi Qarang: mazkur Kodeksning 124-moddasi. Qo‘shimcha hal qiluv qarori asosiy hal qiluv qarori bilan birga qonuniy kuchga kiradi.
Qo‘shimcha hal qiluv qarori ustidan asosiy hal qiluv qarori bilan birga shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Qo‘shimcha hal qiluv qarorini qabul qilish rad etilgan taqdirda, ajrim chiqariladi.
LexUZ sharhi Qarang: mazkur Kodeksning 155 — 158-moddalari. 163-modda. Hal qiluv qarorini tushuntirish Hal qiluv qarori noaniq bo‘lgan taqdirda, ishni hal qilgan sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arizasiga, shuningdek sud hal qiluv qarorining ijrosi o‘z zimmasiga yuklatilgan organlar va davlat ijrochisining arizasiga ko‘ra hal qiluv qarorini uning mazmunini o‘zgartirmagan holda tushuntirishga haqli.
Hal qiluv qarorini tushuntirish to‘g‘risidagi ariza ishda ishtirok etuvchi shaxslarni, davlat ijrochisini yoki sud hujjatini ijro etish zimmasiga yuklatilgan boshqa organlarni ushbu Kodeksning 124-moddasida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilgan holda sud majlisida ko‘riladi. Biroq mazkur shaxslarning kelmaganligi arizani ko‘rishga to‘sqinlik qilmaydi.
Hal qiluv qarorini tushuntirish to‘g‘risidagi ariza u berilgan kundan e’tiboran o‘n kunlik muddatda ko‘rib chiqiladi.
Hal qiluv qarorini tushuntirish haqida yoki tushuntirishni rad qilish to‘g‘risida ajrim chiqariladi.
Ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
LexUZ sharhi Qarang: mazkur Kodeksning 155 — 158, 164-moddalari.