157-modda. Hal qiluv qarorini tuzish
Hal qiluv qarori sud majlisida raislik qiluvchi yoki ishni ko‘rayotgan sud tarkibining boshqa sudyalari tomonidan alohida hujjat tarzida yozma shaklda tuziladi.
Hal qiluv qarori sudya tomonidan imzolanadi, ish hay’at tomonidan ko‘rilgan taqdirda esa, hal qiluv qarorini qabul qilishda ishtirok etgan barcha sudyalar, shu jumladan alohida fikrga ega bo‘lgan sudyalar tomonidan imzolanadi.
Hal qiluv qarori bir nusxada tuziladi va ishga qo‘shib qo‘yiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 155, 156, 158-moddalari.
158-modda. Hal qiluv qarorining mazmuni
Sudning hal qiluv qarori kirish, bayon, asoslantiruvchi va xulosa qismlaridan iborat bo‘ladi.
Hal qiluv qarorining kirish qismida hal qiluv qarorini qabul qilgan sudning nomi; sud tarkibi, sud majlisi kotibi; ish raqami, hal qiluv qarori qabul qilingan sana va joy; talab predmeti; ishda ishtirok etuvchi shaxslar, shuningdek ularning vakillari va sud protsessining boshqa ishtirokchilari ko‘rsatiladi.
Hal qiluv qarorining bayon qismida ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arz qilingan talablari va e’tirozlari, tushuntirishlari, arizalari va iltimosnomalarining qisqacha bayoni bo‘lishi kerak.
Hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida:
ishning sud tomonidan aniqlangan haqiqiy holatlari;
sudning ish holatlari to‘g‘risidagi xulosalari asoslangan dalillar;
sudning u yoki bu dalillarni rad qilganligining, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning vajlarini qabul qilganligining yoki rad etganligining asoslari;
Oldingi tahrirga qarang.
hal qiluv qarorini qabul qilishda sud amal qilgan qonunchilik hujjatlari hamda sud ishda ishtirok etuvchi shaxslar asos qilib keltirgan qonunchilik hujjatlarini qo‘llamaganligining asoslari ko‘rsatilishi kerak.
(158-modda to‘rtinchi qismining beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining qarorlariga havolalar ko‘rsatilishi mumkin.
Hal qiluv qarorining xulosa qismida arz qilingan talablardan har birini to‘liq yoki qisman qanoatlantirish haqidagi yoki qanoatlantirishni rad etish to‘g‘risidagi xulosalar bo‘lishi kerak.
Agar sud hal qiluv qarorini ijro etish tartibini belgilagan yoki uning ijrosini ta’minlash choralarini qabul qilgan bo‘lsa, bu haqda hal qiluv qarorining xulosa qismida ko‘rsatiladi.
Hal qiluv qarorining xulosa qismida sud xarajatlarini ishda ishtirok etuvchi shaxslar o‘rtasida taqsimlash, hal qiluv qarori ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) muddati va tartibi ko‘rsatiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 155 — 157-moddalari.
Do'stlaringiz bilan baham: |