201-modda. Apellatsiya shikoyatini (protestini) ko‘ruvchi sud
Apellatsiya shikoyati (protesti):
tumanlararo ma’muriy sudning hal qiluv qarori ustidan berilganda — Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari tomonidan;
hududiy harbiy sudning hal qiluv qarori ustidan berilganda — O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi tomonidan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan birinchi instansiya bo‘yicha qabul qilingan hal qiluv qarori ustidan berilganda — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan ko‘riladi.
(201-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-yanvardagi O‘RQ-662-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2021-y., 03/21/662/0012-son)
202-modda. Apellatsiya shikoyatini (protestini) berish tartibi
Apellatsiya shikoyati (protesti) apellatsiya instansiyasi sudiga yo‘llanadi, biroq hal qiluv qarorini qabul qilgan sudga beriladi.
Hal qiluv qarorini qabul qilgan sud shikoyat (protest) kelib tushgan kundan e’tiboran besh kunlik muddatda uni apellatsiya instansiyasi sudiga ish bilan birga yuborishi shart.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 200, 201-moddalari.
203-modda. Apellatsiya shikoyatini (protestini) berish muddati
Oldingi tahrirga qarang.
Agar qonunda boshqa muddat belgilanmagan bo‘lsa, apellatsiya shikoyati (protesti) hal qiluv qarori qabul qilingan kundan e’tiboran bir oy ichida berilishi mumkin.
(203-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-yanvardagi O‘RQ-662-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2021-y., 03/21/662/0012-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Apellatsiya shikoyatini (protestini) berishning o‘tkazib yuborilgan muddati shikoyat (protest) berayotgan shaxsning iltimosnomasi bo‘yicha apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan, apellatsiya shikoyatini (protestini) berish muddati o‘tkazib yuborilishining sabablari sud tomonidan uzrli deb topilgan bo‘lsa, tiklanishi mumkin.
(203-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-yanvardagi O‘RQ-662-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2021-y., 03/21/662/0012-son)
Apellatsiya shikoyatini (protestini) berishning o‘tkazib yuborilgan muddatini tiklash haqida apellatsiya shikoyatini (protestini) ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risidagi ajrimda ko‘rsatiladi.
Apellatsiya shikoyatini (protestini) berish muddatini tiklashni rad etish haqida apellatsiya shikoyatini (protestini) qabul qilishni rad etish to‘g‘risidagi ajrimda ko‘rsatiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 200, 202-moddalari.
Do'stlaringiz bilan baham: |