Aholi va biznesni qo‘llab-quvvatlash choralari
Prezidentimizning “Koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish uchun aholi, tadbirkorlik sub’ektlari, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. (№PF-6029-son, 20.07.2020 y.)
Savdo va umumiy ovqatlanish sohasini qo‘llab-quvvatlash
- 2020-yil 1-iyuldan 2020-yil 31-dekabrga qadar 11,1 mingdan ziyod umumiy ovqatlanish korxonalari aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashdan ozod etildi. Ushbu soliq miqdori bir chorakda deyarli 22,7 mlrd. so‘mni tashkil etadi.
- Shuningdek, binolarni ijaraga berishga ixtisoslashgan korxonalar ham aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashdan ozod etildi.
- 1-iyuldan boshlab umumiy ovqatlanish korxonalari uchun belgilangan xodimlarning yillik o‘rtacha soni 25 nafardan 50 nafarga oshirildi, ularga kichik tadbirkorlik subyektlariga tatbiq etilgan imtiyozlar va preferensiyalar qo‘llaniladi.
- 2020-yil 1-apreldan 2020-yil 31-dekabrga qadar 1665 ta umumiy ovqatlanish korxonasi alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yig‘imni to‘lashdan ozod qilindi. Bu imtiyoz tadbirkorlar ixtiyorida bir oyda o‘rta hisobda 1,5 mlrd. so‘m qoldiradi.
- Alkogol mahsulotlarini yetkazib berish orqali sotish huquqi berildi.
- 2021-yil 1-iyulga qadar tadbirkorlik subyektlari avtodo‘kon, avtomagazin, avtotirkama, avtotsisterna va fudtraklar orqali savdo qilish mumkin.
Aholi va tadbirkorlikning boshqa turlarini qo‘llab-quvvatlash
- Davlat soliq qo‘mitasining qarori bilan, 2020-yilda belgilangan muddatdan 5 kundan ortiq vaqt o‘tmagan bo‘lsa, soliq to‘lovchilar soliq hisobotlarini taqdim etmaganlik uchun jarimaga tortilmaydi. Soliq kodeksining 220-moddasiga muvofiq, Soliq hisobotini soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda taqdim etmaslik, soliq hisoboti asosida to‘lanishi (qo‘shimcha to‘lanishi) lozim bo‘lgan soliq summasini belgilangan muddatda to‘lanmagan har bir kechiktirilgan kun uchun bir foiz miqdorida, lekin ko‘rsatilgan summaning o‘n foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
- 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga va ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha onalarga beriladigan nafaqalar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini hisoblashda jami daromadga kiritilmaydi.
2020-yil 1-iyuldan 2020-yil 31-dekabrga qadar:
- jismoniy shaxslar ko‘chmas mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlar bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lashdan ozod etildi;
- mol-mulkini (binolar va avtomobil transporti) ijaraga beruvchi jismoniy shaxslarga soliq maqsadida ijara to‘lovlarining eng kam stavkalarini qo‘llash tartibi to‘xtatib turiladi;
- ijaraga beruvchilarga 2020-yil uchun ijara to‘lovi miqdorini pasaytirish tavsiya etildi;
- Alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalarning ajratmalari miqdorini 5 foizdan 3 foizga pasaytirishga doir imtiyoz muddati uzaytirildi (PF–5969-son Farmonga asosan).
Prezidentimizning 2020-yil 18-maydagi PF-5996-son Farmonida belgilangan quyidagi soliq imtiyozlari va preferensiyalari 2020-yil 31-dekabrga qadar uzaytirildi:
- Kichik tadbirkorlik sub’ektlari, bozorlar va savdo komplekslari, kinoteatrlar, umumiy ovqatlanish korxonalari, jamoat transporti korxonalari, sport-sog‘lomlashtirish muassasalari, shuningdek, yo‘lovchi tashish, maishiy xizmatlar ko‘rsatish, binolarni, shu jumladan, banketlar o‘tkazish uchun ijaraga berish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar uchun mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilish bo‘yicha berilgan imtiyozlar. Joriy yilning 1-iyuliga qadar 31 932 soliq to‘lovchiga 176,3 mlrd. so‘mlik imtiyozlar taqdim etildi;
- Ijtimoiy soliq stavkasini 12 foizdan 1 foizga pasaytirish bo‘yicha mikrofirma va kichik korxonalar uchun berilgan imtiyozlar. Aksizosti mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar, davlat korxonalari va ustav jamg‘armasida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno. Taqdim etilgan imtiyoz 220,7 mlrd. so‘mga teng. (joriy yil 1-iyul holatiga);
- Ishchilarining sonidan qat’i nazar, umumiy ovqatlanish korxonalari uchun ijtimoiy soliqning pasaytirilgan stavkasi qo‘llaniladi;
- Bir yildan kam bo‘lmagan muddat davomida faoliyatni amalga oshirayotgan mikrofirma va kichik korxonalarga, keyinchalik kechiktirilgan summani 120 kunda teng ulushlarda to‘lash sharti bilan, tovarlarni (iste’mol tovarlaridan tashqari) olib kirishda bojxona boji va aksiz solig‘ini to‘lashni kechiktirish;
- Mikrofirma va kichik korxonalarda 2020-yil 15-may holatiga soliqlar, penyalar va soliq qonunchiligini buzganlik uchun hisoblangan jarimalar bo‘yicha mavjud bo‘lgan qarzdorlikni undirishni to‘xtatish. Natijada 96 ming qarzdor davlat byudjetiga 952 mlrd. so‘m to‘lamaydi.
“Mahalla”, “Saxovat va ko‘mak” hamda “O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik” fondlariga beg‘araz yordam berish (beg‘araz yordam olish) qismida foyda solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlarning amal qilishi 2020-yil 31-dekabrga qadar uzaytirildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |