35-modda. Jamiyat ishtirokchilari umumiy yig‘ilishining bayonnomasi
Ishtirokchilar umumiy yig‘ilishining bayonnomasida quyidagilar ko‘rsatiladi:
ishtirokchilar umumiy yig‘ilishi o‘tkaziladigan vaqt va joy;
yig‘ilishda qatnashayotgan ishtirok etuvchilar ega bo‘lgan ovozlarning umumiy soni;
yig‘ilishning raisi (rayosati) va kotibi, yig‘ilishning kun tartibi.
Ishtirokchilar umumiy yig‘ilishining bayonnomasida ma’ruzalarning asosiy qoidalari, ovozga qo‘yilgan masalalar va ular bo‘yicha ovoz berish yakunlari, yig‘ilishda qabul qilingan qarorlar aks ettirilgan bo‘lishi shart.
Jamiyat ishtirokchilari umumiy yig‘ilishining bayonnomasi yig‘ilish o‘tkazilganidan so‘ng uch kundan kechiktirilmay umumiy yig‘ilish raisi va kotibi tomonidan imzolanadi.
36-modda. Jamiyat ishtirokchilari umumiy yig‘ilishining sirtdan ovoz berish yo‘li bilan (so‘rov yo‘li bilan) qabul qilinadigan qarori
Jamiyat ishtirokchilari umumiy yig‘ilishining qarori yig‘ilishni o‘tkazmay (kun tartibidagi masalalarni muhokama qilish va ovozga qo‘yilgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilish uchun jamiyat ishtirokchilari birgalikda hozir bo‘lmay) sirtdan ovoz berish yo‘li bilan (so‘rov yo‘li bilan) qabul qilinishi mumkin. Bunday ovoz berish pochta, telegraf, teletayp, telefon, elektron aloqa yoki uzatib beriladigan va qabul qilinadigan xabarlarning to‘g‘ri bo‘lishini va ularning hujjatlar bilan tasdiqlanishini ta’minlovchi boshqa aloqa vositasida hujjatlarni ayirboshlash yo‘li bilan o‘tkazilishi mumkin.
Ushbu Qonun 30-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatilgan masalalar yuzasidan jamiyat ishtirokchilari umumiy yig‘ilishining qarori sirtdan ovoz berish yo‘li bilan (so‘rov yo‘li bilan) qabul qilinishi, agar jamiyat ustavida boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, mumkin emas.
Jamiyat ishtirokchilari umumiy yig‘ilishining qarorini sirtdan ovoz berish yo‘li bilan (so‘rov yo‘li bilan) qabul qilish chog‘ida ushbu Qonun 34-moddasining ikkinchi, oltinchi, yettinchi va sakkizinchi qismlari, shuningdek ushbu Qonun 33-moddasi birinchi, uchinchi, beshinchi va yettinchi qismlarining qoidalari ularda nazarda tutilgan muddatlarga oid qismida qo‘llanilmaydi.
Sirtdan (so‘rov yo‘li bilan) ovoz berish tartibi taklif qilinayotgan kun tartibini jamiyatning barcha ishtirokchilariga xabar qilishning majburiyligini, jamiyatning barcha ishtirokchilari ovoz berish boshlangunga qadar barcha zarur axborot va materiallar bilan tanishib chiqishi imkoniyatini, kun tartibiga qo‘shimcha masalalarni kiritish to‘g‘risida takliflar kiritish imkoniyatini, ovoz berish boshlangunga qadar jamiyatning barcha ishtirokchilariga o‘zgartirilgan kun tartibini, shuningdek ovoz berish taomilining tugash muddatini xabar qilishning majburiyligini nazarda tutgan bo‘lishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |