Soliq va byudjet siyosatining 2019 yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.
Qonun bilan bir qator qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.
Xususan, Soliq kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishga asosan yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi stavkalari 12 foiz miqdorida belgilandi.
Shuningdek, qonunga asosan soliq kodeksida, boshqa qonunlarda va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida, alohida hollarda esa Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan, boshqa soliq toʻlovchilarga nisbatan ayrim toifadagi soliq toʻlovchilarga beriladigan afzalliklar, shu jumladan soliq va (yoki) boshqa majburiy toʻlov toʻlamaslik yoxud ularni kamroq miqdorda toʻlash imkoniyati soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlar deb eʼtirof etilishi belgilandi.
Bundan tashqari, Soliq kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishga muvofiq, davlat soliq xizmati organlarida mavjud boʻlgan soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bogʻliq obyektlar toʻgʻrisidagi axborotni aniqlashtirish maqsadida davlat soliq xizmati organlari zaruratga qarab, lekin yiliga koʻpi bilan bir marta keyinchalik soliq solinadigan bazaga tuzatishlar kiritish uchun soliq toʻlovchida koʻzdan kechirish hamda soʻrov oʻtkazishni amalga oshirishga haqli.
Qonunga muvofiq, mavzuli ekspress-oʻrganish tizimi yoʻlga qoʻyilib, bunda kameral nazorat natijalari boʻyicha joyiga chiqqan holda soliq toʻlovchi tomonidan taqdim etilgan axborotning ishonchliligini hamda soliq toʻlovchining hisobotlarida aks ettirilgan soliq va bojxona imtiyozlarini qoʻllashning qonuniyligini tasdiqlash uchun amalga oshiriladi.
Soliq toʻlovchi tomonidan davlat soliq xizmati organining kameral nazorat natijalariga doir talabnomasiga javoban taqdim etilgan axborotning ishonchliligini tasdiqlash maqsadida ushbu axborotni oʻrganish zarurligi mavzuli ekspress-oʻrganishni tayinlash uchun asos boʻladi. (Soliq kodeksi 712-modda )
Qonunga muvofiq tadbirkorlik subyektlari faoliyatining soliq tekshiruvini oʻtkazish muddati oʻttiz kalendar kundan oshmasligi kerak. (Soliq kodeksi, 89-modda 1 qism)
Shuningdek, qonunga muvofiq, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish aylanmasiga 20 foizli stavka boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi solinishi belgilab qoʻyildi. (Soliq kodeksi 211-modda)
Kiritilgan oʻzgartirishlarga asosan, soliq davri davomida yalpi tushumi uch milliard soʻmdan oshmaydigan yuridik shaxslar, shu jumladan yagona soliq toʻlovi toʻlovchilari hisoblangan yuridik shaxslar qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlashning soddalashtirilgan tartibini tanlash huquqiga ega. Qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlashning soddalashtirilgan tartibiga oʻtish uchun soliq toʻlovchilar soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organiga qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlashning soddalashtirilgan tartibiga oʻtish toʻgʻrisida yozma xabarnomani belgilangan muddatlarda taqdim etishlari zarur. (Soliq kodeksi 221-modda) Qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlashning soddalashtirilgan tartibiga oʻtgan soliq toʻlovchilar uchun qoʻshilgan qiymat soligʻining farqlangan stavkalari mehmonxonalar uchun 10 foiz miqdorida belgilandi.