X u l o s a
Sanoat miqyosida qayta ishlanadigan tabiiy mineral resurslarga oqilona munosabatda bo’lish va atrof-muhitlar, ayniqsa, biosfera unsurlarining muhofazasini ta’minlash uchun har doim havo, suv va tuproq tarkib tuzilmasi ko’rsatkichlari talab darajasida bo’lishi zarur. Ammo, turli xil ishlab chiqarish chiqindilari ta’siri tufayli ularning shu kungi ko’rsatkichlari nihoyatda past. Vaziyatning kelajakda bundan ham yomonlashuvini oldini olish maqsadida korxona va xo’jaliklar o’z ishlab chiqarish faoliyatlarini texnik texnologik takomillash, chiqindi moddalar hosil bo’lishini cheklash, sodir bo’layotgan chiqindilarni zararsizlantirish choralarini amalgam oshirish kerak.
Mavjud ilmiy texnik adabiyot manbalaridan ma’lumki, shu kungi ekologik dolzarb masalalarga, avvalambor, olimlar o’z e’tiborlarini qaratishgan. Jumladan, N.Jabborovning “Kimyo va atrof-muhit” o’quv qo’llanmasida (1992-yil) ta’kidlanishicha, turli sanoat tarmoqlari va xo’jaliklarda ishlab chiqariladigan har xil modda, mahsulot va materiallarning sifat-miqdor ko’rsatkichlarini saqlab qolgan holda, atrof-muhitga chiqarib yuborilayotgan chiqindilarni keskin kamaytirish va ularni zararsizlantirish chora-tadbirlariga quyidagilarni ko’rsatib o’tsa bo’ladi:
Barcha turdagi tabiiy xom ashyo va mineral resurslarni qayta ishlab yuqori sifatli mahsulotlarni ishlab chiqarish hamda energiya resurslaridan tejamli foydalanishga asislangan, zamonaviy ekokimyoviy talab darajasidagi texnologik jarayon va qurilma (apparat) lardan keng suratda foydalanish;
Ishlab chiqarishda hosil bo’ladigan chiqindilar miqdorini keskin kamaytirish maqsadida, takroran qayta ishlov berish va nihoyat, yopiq zanjir tizimida faoliyat ko’rsatadigan ishlab chiqarish majmui (kompleks) larini barpo etish;
Tabiiy xom ashyo resurslaridan samarali foydalanadigan ishlab chiqarish komplekslarida, birinchi galda, suv va energiyalardan takroran samarali foydalanish imkonini beradigan, yopiq zanjir tizimlarini keng qo’llash. Nihoyat, ikkilamchi va chiqindi modda va mahsulotlarni qayta ishlab chiqarish jarayonlariga jalb qiladigan yuqori darajada samarador texnologiyalarni yaratib, ularni amalda qo’llash;
Har qanday xom ashyo mahsulotini kompleks qayta ishlaydigan, shu jumladan, muayyan ishlab chiqarish korxonasida hosil bo’ladigan ikkilamchi xom ashyo resurs (mahsulot) larni, shu jumladan, chiqindi mahsulotlarini har xil yangi ilmiy-texnik usullar vositasida (masalan, “rekuperatsiya” jarayonini qo’llab), qayta ishlab, kerakli moddalarni olish;
Kimyoviy zararli va zaharli moddalar, shu jumladan, aynan shunday xossadagi chiqindi moddalar hosil bo’lish texnologik jarayon va bosqichlarini nazarda tutgan holda, butun ishlab chiqarishni avtomatlashtirish;
Barcha texnologik qurilma, apparat va vositalarni talab darajasida takomillashtirish yoki samaradorlari bilan almashtirib turish;
Atrof-muhit, ayniqsa, biosfera uchun o’ta xavfli chiqindi moddalarni zararsiz holatga o’tkazish texnologik yo’llaridan keng foydalanish;
Toza chuchuk suvni kam sarf qilishga mo’ljallangan, shuningdek, suv kerak bo’lmaydigan hamda chang (mayda dispers zarracha) larni sodir etmaydigan texnologik jarayon va qurilmalar yaratish, ularni amalda keng qo’llash va h.k.;
Qayd etmoq joizki, tabiiy resurslarni qayta ishlaydigan korxona va xo’jaliklarda, xususan, ularda amalda ishlatiladigan dastgoh ham qurilmalar faoliyatida sodir qilinadigan zaharli chiqindi modda va birikmalarning hosil bo’lish jarayonlari, ularning ilmiy-amaliy asoslarini chuqur tahlil qilish natijasida, albatta, yangi takomillashgan texnologiya va apparatlarni yaratilishi muqarrar degan xulosalarga, albatta, kelinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |