I.BOB. IQTISODIY O’SISH TUSHUNCHASI
1.1 Iqtisodiy o’sishning mazmuni, turlari va ko’rsatkichlari
Jamiyatning iqtisodiy rivojlanishi juda serqirra jarayon bo‘lib, o‘z ichiga iqtisodiy o‘sish, iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlar, aholi hayotining sifati va shart- sharoitlarining takomillashuvini oladi. U hech qachon bir tekis, yuqorilab boruvchi chiziq bo‘yicha ro‘y bermaydi. Iqtisodiy rivojlanish o‘z ichiga yuksalish va inqiroz davrlarini, iqtisodiyotdagi miqdor va sifat o‘zgarishlarni, ijobiy va salbiy tomonlarni olib notekis boradi.
Milliy iqtisodiyotda iqtisodiy rivojlanish qiyin aniqlanadigan jarayon bo‘lganligi sababli, uning mezonlaridan biri bo’lgan iqtisodiy o‘sish ko‘proq tahlil qilinadi. Iqtisodiy o‘sish iqtisodiy rivojlanishning tarkibiy qismi bo’lib, o‘z ifodasini real YalM hajmining oshishi hamda aholi jon boshiga nisbatan ko‘payishida topadi.
Iqtisodiy o'sishga tarixiy jihatdan yondoshilganda, u bir xil sur’atlarda va bir tekis bormaydi. Tarixda iqtisodiy o‘sish sur’atlarining jadallashish, jiddiy pasayish va hatto qisqarish davrlari ma’lum. Agar katta tarixiy bosqichlar olib qaraladigan
bo‘lsa, jahon va milliy iqtisodiyotda barqaror iqtisodiy o‘sish, ishlab chiqarishning har tomonlama taraqqiyot manzarasi hosil bo‘ladi. Shu bilan birga iqtisodiy o‘sish nafaqat miqdor, balki muayyan sifat o‘zgarishlari shaklida ham namoyon bo’ladi. Prezidentimiz I.Karimov ta’kidlab o‘tganlaridek: «Iqtisodiy rivojlanish sur’atlari haqida gapirganda... uning mezonlariga va eng avvalo, sifat ko‘rsatkichlariga ko‘proq e’tibor qaratish muhim ahamiyat kasb etadi. Shunday o‘sishlar iqtisodiyotimizda yuz berayotgan tarkibiy o‘zgarishlar, uning izchil va barqaror rivoji uchun xizmat qilishi, xalqimizning hayot darajasini yuksaltirishga, bir so‘z bilan aytganda, amaliy hayotimizni yaxshilashga olib kelishi lozim». Shunday ekan, iqtisodiy o‘sish bevosita yalpi ichki mahsulot miqdorining mutloq va aholi jon boshiga hamda iqtisodiy resurs xarajatlari birligi hisobiga ko‘payishi hamda sifatining yaxshilanishida va talabining takomillashuvida ifodalanadi. Iqtisodiy o‘sishni YalM mutloq hajmining ortishi orqali yoki aholi jon boshiga real YalM miqdorining ortishi orqali o‘lchash buning qanday maqsadda amalga oshirilayotganiga bog‘liq boladi. Odatda, biron-bir mamlakat iqtisodiy o‘sishini YalM mutloq hajmining ortishi orqali o’lchash uning iqtisodiy salohiyatini baholashda, aholi jon boshiga real YalM miqdorining ortishi orqali o‘lchash esa mamlakatdagi turmush darajasini taqqoslashda qo‘llaniladi.
Mamlakatning iqtisodiy o‘sish sur’atini tavsiflaydigan mazkur ko‘rsatkichlar (real YalM va aholi jon boshiga real YalMning o‘sishi) miqdoriy ko‘rsatkichlar bo‘lib, ular birinchidan, mahsulot sifatining oshishini to‘liq hisobga olmaydi va shu sababli farovonlikning haqiqiy o‘sishini to‘liq tavsiflab berolmaydi; ikkinchidan, real YalM va aholi jon boshiga YalMning o‘sishi bo‘sh vaqtning sezilarli ko'payishini aks ettirmaydi va farovonlik real darajasining pasaytirib ko‘rsatilishiga olib keladi; uchinchidan, iqtisodiy o‘sishni miqdoriy hisoblash boshqa tomondan uning atrof muhitga va insonning hayotiga salbiy ta’sirini hisobga olmaydi. Iqtisodiy o'sishning ahamiyati to‘g‘risida gapirilganda uning darajasini ham e’tiborda tutish lozim. Iqtisodiy o‘sish sur’atlarining ahamiyatlilik darajasi turli mamlakatlar real YalMning hajmidan kelib chiqqan holda farqlanadi. Real YalM hajmi nisbatan kichik bo’lgan mamlakatlar uchun 8-10% darajasidagi iqtisodiy o‘sish sur’ati me’yordagi holat sanalishi, real YalM hajmi juda katta bo‘lgan mamlakatlar uchun 2-3% darajasidagi iqtisodiy o‘sish sur’ati esa ahamiyatli ko‘rsatkich hisoblanishi mumkin. Iqtisodiy o'sish sur’atining ahamiyatini iqtisodchilar tomonidan qo‘llaniluvchi «70 qoidasi» yordamida ham ochib berish mumkin. Bu qoidaga ko'ra, milliy iqtisodiyotda ishlab chiqarilayotgan YalM hajmini 2 baravarga oshirishda qancha vaqt talab etilishini aniqlash uchun 70 sonini yillik o‘sish sur’atiga bo‘lish kerak bo'ladi. Masalan, mamlakatimizdagi o‘sish SLir’atining 7,7% darajasida YalMni 2 baravar oshirish uchun 9,1 yil talab etiladi (70:7,7). Xolbuki, iqtisodiy o‘sishning 2000 yildagi 4,0% darajasida bu ko‘rsatkichga 17,5 yilda (70:4) erishish mumkin edi. Keyingi yillarda iqtisodiy o‘sish sur’atining yanada oshirilishi bu muddatning ahamiyatli ravishda qisqarishiga olib keladi. Ijtimoiy mahsulotning o‘sish sur’ati bilan ishlab chiqarish omillari miqdorining o’zgarishi o'rtasidagi nisbat iqtisodiy o’sishning ekstensiv yoki intensiv turlarini belgilab beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |