PUL-KREDIT SIYOSATINI TAKOMILLAShTIRISh VA INFLATSION TARGETLAShGA O‘TISh Chuqur tarkibiy o‘zgarishlar va iqtisodiyotni erkinlashtirish sharoitida pul-kredit siyosatini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
narxlarning keskin oshishi va spiral xarakterdagi inflatsiyaning oldini olish;
milliy valyuta kursiga nisbatan devalvatsion bosimni ushlab turish;
pul bozorini shakllantirish, imtiyozli kreditlash va pul bozori segmentlashuvi sharoitlarini bartaraf etish;
ichki va tashqi omillarni hisobga olgan holda aholi va biznesning to‘lovga layoqatliligini saqlab turish, va umuman, moliya sektorining barqarorligini ta’minlash.
Ilg‘or xalqaro tajribani inobatga olgan holda, yuqorida keltirilgan ustuvor yo‘nalishlarning amalga oshirilishi pul-kredit siyosati sharoitlarini inflatsion targetlash rejimiga o‘tkazishni talab qilmoqda.
Inflatsion targetlash o‘zida shunday pul-kredit siyosati rejimini aks ettiradiki, unda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan inflatsiya darajasi bo‘yicha doimiy maqsad (target) e’lon qilinadi va uning harakatlari pul-kredit instrumentlari va kommunikatsiyadan faol foydalangan holda joriy inflatsiyani uning maqsadli ko‘rsatkichiga yetkazishga yo‘naltiriladi.
Inflatsion targetlash rejimi ham rivojlangan, ham rivojlanayotgan mamlakatlarda o‘zining keng qamrovli tatbiqini topgan. Mazkur rejim inflatsiyaning tebranuvchanligi va inersionligini pasaytirishda samarali instrument hisoblanadi va bu, o‘z navbatida, o‘rta muddatli istiqbolda mustahkam va barqaror iqtisodiy o‘sish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratadi.
Bundan tashqari, bu rejimda inflatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishishda Markaziy bank harakatlarida katta erkinlik, maqsadlar va pul-kredit siyosati maqsadlari va ustuvorliklarining aniq identifikatsiyasi, shuningdek, Markaziy bankning inflatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishishda javobgarligi ko‘zda tutiladi. Jamoatchilik uchun Markaziy bank faoliyatining yuqori darajada shaffofligi iqtisodiyotda maqbul iqtisodiy kutilmalar shakllanishiga imkon yaratadi.
Inflatsion targetlash rejimini samarali joriy qilish uchun pul-kredit siyosati inflatsiyaning belgilangan maqsadli darajasiga erishish zaruriyatidan kelib chiqib, bozor instrumentlari ta’sirini qo‘llagan holda banklararo pul bozoridagi foiz stavkalarini Markaziy bank intervensiyalari orqali samarali boshqarish yo‘li bilan amalga oshirilishi lozim.
O‘rta muddatli davrda inflatsion targetlash rejimini to‘liq joriy etish uchun quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining inflatsiyaning monetar va nomonetar omillarini pasaytirishdagi rolini kuchaytirish;
inflatsiyaning qisqa muddatli maqsadlari trayektoriyasini aniqlash va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan uzoq muddatli maqsadga o‘tishni e’lon qilish;
Markaziy bank tomonidan yangi instrumentlarning (overnayt, depozit va kredit auksioni, svop, REPO, qisqa va o‘rta muddatli obligatsiyalar va boshqalar) joriy etilishi;
pul bozoridagi operatsiyalarning asosiy mezoni sifatida foiz stavkalari koridorini qo‘llash;
moslashuvchan foiz siyosatini olib borish orqali tashqi va ichki omillarga o‘z vaqtida javob berish;
davlat qimmatli qog‘ozlari bilan pul bozori operatsiyalarini amalga oshirish va g‘aznachilikning bo‘sh pul mablag‘larini tijorat banklariga joylashtirish uchun yagona platforma yaratish;
qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha daromadlilik egri chizig‘ini shakllantirish va iqtisodiyot subyektlarining uzoq muddatli kutilmalarini samarali boshqarish;
ekonometrik modellashtirish instrumentlarini rivojlantirish, makroiqtisodiy tahlil va prognozlashtirish tizimini to‘liq tatbiq etish orqali pul-kredit va makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning o‘zaro bog‘liqligini tizimli baholash;
inflatsion targetlash rejimining mohiyati va maqsadlari, uni muvaffaqiyatli amalga oshirish shart-sharoitlari, bevosita va bilvosita ijobiy ta’sirlari hamda unga erishishning maqsadli muddatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni keng jamoatchilikka xolisona, aniq va sodda usulda yetkazish orqali O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining kommunikatsiya siyosatini takomillashtirish;
pul-kredit siyosatining o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar dinamikasiga ta’sirini baholash bo‘yicha ekonometrik modellarni qo‘llash.
Banklararo pul bozori foiz stavkasiga ta’sir ko‘rsatish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga moliya bozorida shart-sharoit shakllanishiga imkon beradi hamda bu iqtisodiy holat talablaridan kelib chiqib, pul-kredit siyosati maqsadlariga erishishni ta’minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki pul bozoridagi likvidlilik hajmini baholaydi va prognoz qiladi, mablag‘lar taqchilligi yoki ortiqchaligini, shuningdek, tegishli (likvidlilikni taqdim etish va yig‘ib olish bo‘yicha) instrumentlarning mavjudligini aniqlaydi.
Bank tizimida likvidlilikka bo‘lgan talab va taklif o‘rtasida nomutanosiblik yuzaga kelganda, doimiy harakat operatsiyalari bo‘yicha stavkalari banklararo pul bozoridagi stavkalar tebranishini ushlab turadi.
Shu bilan birga, majburiy zaxiralarni o‘rta darajaga keltirish mexanizmi banklararo bozor stavkalarini boshqarish jarayonida qo‘shimcha moslashuvchanlik yaratadi. O‘rta muddatli istiqbolda koeffitsiyentning ko‘tarilish tomonga o‘zgarishi banklarning banklararo pul bozoridagi faolligini oshiradi va bu orqali transmissiya foiz kanali ishini mustahkamlaydi.
Inflatsion targetlash rejimiga muvaffaqiyatli o‘tish uchun zarur shartlardan biri bu erkin shakllanadigan ayirboshlash kursi bo‘lib, uning o‘zgarishi to‘laligicha talab va takliflarning muhim omillariga sabab bo‘ladi. Bu, o‘z navbatida, banklararo valyuta bozorini modernizatsiya qilishni va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining valyuta intervensiyasi sohasidagi siyosatini tegishli ravishda takomillashtirilishini talab etadi.
Valyuta bozori rivojlanishidagi asosiy omillardan biri ichki valyuta bozorida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki faolligining asta-sekin pasayishi va tijorat banklarining market-meyker sifatidagi rolining oshirilishi hisoblanadi.
Valyuta kursining moslashuvchan shakllanishga o‘tish va banklararo valyuta savdolarini amalga oshirish valyuta intervensiyasi uslublarini takomillashtirishni nazarda tutadi. Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bozor faoliyatiga aralashishni minimallashtirishga qaratilgan va ayirboshlash kursini aniqlashda uning fundamental o‘zgarish trendiga ta’sir o‘tkazmaydigan Valyuta intervensiyasi strategiyasini ishlab chiqishni nazarda tutadi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, quyidagilar, valyuta bozorini erkinlashtirish jarayonini yakunlash orqali inflatsion targetlashga o‘tish uchun zaruriy shartlardan hisoblanadi:
banklarning market-meyker sifatida bozordagi faolligini rag‘batlantirish va ularning ayirboshlash kursini shakllantirishdagi rolini oshirish;
valyuta intervensiyalari siyosatini takomillashtirish va ularning O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki intervensiyalari maqsadlari va usullarini belgilab beruvchi strategiya va taktikalarini ishlab chiqish;
valyuta bozori ishtirokchilariga valyuta xatarlarini xedjirlash imkonini beruvchi hosilaviy instrumentlar bozorini rivojlantirish.
Uzoq muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini ta’minlash butun moliya tizimining barqaror ishlashini talab qiladi. Bunda, barqaror makroiqtisodiy sharoitda ham bank sektorida tizimli xatarlar shakllanishi mumkin.
Inflatsiyani belgilangan maqsadga yaqinlashtirish va ushlab turish uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, shu jumladan prudensial nazorat choralari orqali moliyaviy xatarlarni kamaytirishi zarur.
Bank nazorati hamda banklarni moliyaviy sog‘lomlashtirish choralari. Tijorat banklari balanslarini tozalash ular barqarorligining oshishiga, omonatchilar va kreditorlar mablag‘larining saqlanishiga, moliya tizimiga bo‘lgan ishonchning mustahkamlanishiga va moliya bozorlarining yanada rivojlanishiga zamin yaratadi.
Bank va moliya tizimlari uchun xatarlar ehtimolini kamaytiruvchi makroprudensial nazorat choralarining o‘z vaqtida va samarali qo‘llanilishi iqtisodiyotning muvozanatli ishlashiga hamda makroiqtisodiy barqarorlikning ta’minlanishiga imkon beradi.
Inflatsion targetlash rejimida narxlar barqarorligi moliyaviy barqarorlikni qo‘llab-quvvatlaydi, chunki bozor ishtirokchilari pul-kredit siyosati harakatlarini oldindan ko‘ra bilishi va tushunishi sababli iqtisodiyot subyektlari qarorlarni qabul qilishda yanada izchil bo‘ladilar va bu noaniqlik elementlarini bartaraf qilishga hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining minimal ishtiroki bilan butun moliya tizimini barqarorlashtirishga yordam beradi.
Aholi va tadbirkorlarning banklarga va milliy valyutaga bo‘lgan ishonchini oshirish bank tizimini isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
Mamlakatda ishonchli bank tizimi va moliya bozorining faoliyati pul-kredit siyosati ta’sir kanallarining to‘la ishlashiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samaradorligining oshishiga xizmat qiladi.
Mazkur maqsadlarga erishish uchun bank tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha quyidagilarni o‘z ichiga oluvchi kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
banklarning mijozlarga bo‘lgan e’tiborini oshirish;
mijozlarga elektron va masofaviy xizmat ko‘rsatishni to‘liq joriy etish orqali bank xizmatlari sifati hamda aholining bank va boshqa moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash;
bank xizmatlarini ko‘rsatish tizimini isloh qilish va banklarni transformatsiyalash, korporativ boshqaruv sifatini oshirish;
samarali infratuzilmani yaratish, banklar faoliyatini avtomatlashtirish va zamonaviy moliyaviy texnologiyalarni joriy etish;
davlat banklarini isloh qilish jarayonini tezlashtirish va ularni xususiylashtirish bo‘yicha samarali choralar ko‘rish;
davlat banklarida bank xizmatlarini ko‘rsatishda tezkorlikni oshirish, shu jumladan ularda xodimlar faoliyati samaradorligining asosiy ko‘rsatkichlari (KPI) ijrosini baholash tizimini joriy etish;
banklar tomonidan o‘rnatilgan iqtisodiy me’yorlarga qat’iy rioya qilinishini ta’minlash va zarur bo‘lganda, ayrim banklarning aktiv operatsiyalarini vaqtincha cheklash choralarini qo‘llash orqali prudensial nazorat choralarini kuchaytirish