uchinchidan,davlat fuqarolarining jamiyatdagi islohotlarga nisbatan daxldorlik tuyg‘usi mavjud bo‘lishi shart.
To‘g‘risini aytish kerak, huquqiy ong, huquqiy madaniyat, huquqiy savodxonlik haqida gap ketganda ko‘pchiligimizda faqat qonunlarni bilish yoki ulardan xabardorlik darajasi tushuniladi. Aslida bu juda keng tushuncha bo‘lib, yuqorida sanab o‘tilgan davlat va jamiyatning rivojlanganligini belgilaydigan uchala omilni ham o‘z ichiga oladi. Chunki, huquqiy madaniyati yuksak insonlar qonunlarga itoatkor bo‘ladi, hamisha unga bo‘ysinadi va qonunlarga nisbatan hurmat bilan qaraydi. Bunday insonlar qonunlarda belgilangan qoidalarga zid hatti-harakat qilmaydi, aksincha, boshqalarni ham qonunlarda belgilangan qoidalarga zid xatti-harakat qilmaslikka da’vat etadi. Ijtimoiy-siyosiy faol fuqaro jamiyatda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarga ongli munosabatda bo‘lib, islohotlarga daxldorligini sezib, davlat va jamiyat oldidagi fuqarolik mas’uliyatini his qilib yashaydi. Eng muhimi, u mamlakat taraqqiyotiga amaliy hissa qo‘shishga harakat qiladi, intiladi. Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirib borish qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlashning eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Shu bois, so‘nggi yillarda milliy huquq tizimini tubdan isloh qilish, jamiyatda huquqiy madaniyatni shakllantirish hamda malakali yuridik kadrlarni tayyorlash borasida sezilarli ishlar amalga oshirildi. Ammo, tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, inson huquq va erkinliklariga hurmat munosabatini shakllantirishga, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda fuqarolarning huquqiy savodxonligi darajasini oshirishga to‘sqinlik qiluvchi bir qator muammo va kamchiliklar saqlanib qolinmoqda. Xususan, huquqiy madaniyatni yuksaltirishda, eng avvalo, huquqiy ta’lim va tarbiya borasidagi ishlar tizimli va uzviy olib borilmayapti. Uzoq yillar davomida bu masala huquqni muhofaza qiluvchi organlar va ayrim davlat organlarining ishi sifatida qarab kelinib, bunda oila, mahalla va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining ishtiroki yetarlicha ta’minlanmagan.
Yoshlarning huquqiy tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarga nisbatan huquqiy immunitetni shakllantirish, har bir shaxsda qonunlarga va odob-axloq qoidalariga hurmat, milliy qadriyatlarga sadoqat, huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik hissini uyg‘otish ishiga kompleks tarzda yondashilmagan va hokazo. Mazkur tizimli muammolarni izchil hal etish, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga doir ishlar samaradorligini yanada takomillashtirish, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar bilan uyg‘un ravishda huquqiy bilimlarini oshirib borishning zamonaviy usullarini joriy etish, shuningdek, aholini, ayniqsa, yoshlarni zararli axborotlardan himoya qilish bo‘yicha mustahkam huquqiy immunitetni shakllantirish maqsadida 2019 yil 9 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur Farmonga ilova sifatida ikkita juda muhim hujjatlar tasdiqlandi. Bular, birinchisi: “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasi” tasdiqlandi. O‘z navbatida, Konsepsiya to‘rt qismdan iborat bo‘lib,birinchi qism “Umumiy qoidalarni” o‘z ichiga olgan; ikkinchi qism “Konsepsiyaning asosiy maqsadi va vazifalari”ga bag‘ishlangan; uchinchi qism “Konsepsiyaning asosiy yo‘nalishlari” deb nomlangan bo‘lib, besh bobni o‘z ichiga olgan va nihoyat to‘rtinchi qism “Konsepsiyaning qabul qilinishidan kutilayotgan natijalar” bashoratiga bag‘ishlangan. Yuqorida qayd etilganidek, “Konsepsiyaning asosiy yo‘nalishlari” deb nomlangan 3-qism besh bobdan iborat bo‘lib, birinchi bob “Shaxs, davlat va jamiyatning o‘zaro munosabatlarida aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish”ga; ikkinchi bob “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishda huquqiy targ‘ibotning innovatsion usullarini joriy qilish”ga; uchinchi bob “Aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishda ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish”ga; to‘rtinchi bob “Yuridik ta’limni, shuningdek, yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish”ga va nihoyat, beshinchi bob “Huquqiy madaniyatni yuksaltirishning ilmiy asoslarini tadqiq etish”ga bag‘ishlangan. Ta’kidlash lozim, Konsepsiyaning har bir qismi, har bir bobi ilmiy-amaliy tadqiqot va tahlilllar, milliy va xorijiy tajribaga asoslangan bo‘lib o‘ta puxta ishlangan. Jumladan, “Shaxs, davlat va jamiyatning o‘zaro munosabatlarida aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish” deb nomlangan birinchi bob mazmun va mohiyatiga ko‘ra demokratik jamiyat va huquqiy davlat taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etuvchi, o‘ta muhim beshta kichik yo‘nalishlarni qamrab olgan:
Do'stlaringiz bilan baham: |