IV BOB
SITOLOGIYA
(Hujayra haqida ta’limot)
Sitologiya - hujayralarning tuzilishi, takomillashishi va funksiyasi haqidagi fan.
Hujayra (lat. cellula, yunon.- cytos) sitoplazma va yadrodan tashkil topgan sistema bo`lib, o`simlik va hayvon organizmining takomillashishi, tuzilishi va yashash jarayonlarining asosi hisoblanadi. Butun hayot davomida modda almashinishida ishtirok etishi, yangi hujayra hosil qilishi va doimo yangilanib turishi hujayralarning o`ziga xos xususiyatidir.
Hayvon va odam organizmida hujayralardan tashqari, simplast va hujayralararo modda bor. Simplast hujayralarning o`zaro qo`shilishidan hosil bo`lib, sitoplazmada bir necha yadrosi bo`lgan strukturadir. Bunga ko`ndalangtarg`il mushak tolasi, yo`ldosh epiteliysining sinsitotrofoblast qavati va boshqalar misol bo`la oladi.
Hujayralararo modda hujayralar orasida joylashgan bo`lib, suyuqlik holida yoki dirildoq yoki zich konsistensiyaga ega bo`lgan asosiy modda va turli tolalardan tashkil topgan.
Odam va hayvon organizmida hujayralar kattaligi, shakli va tuzilishi jihatidan bir-biridan farq qiladi. Bajaradigan funksiyasiga ko`ra hujayralar har xil shaklga ega (3-rasm). Suyuq muhitda hujayralar ko`pincha o`zgaruvchan bo`lib, psevdopodiylar hosil qiladi. Bularga qon va biriktiruvchi to`qimalarning hujayralari kiradi.
3- rasm. Hujayralarning shakli va xillari (sxema).
1 - silindrsimon hujayralar; 2 - kubsimon hujayralar; 3 - yassi hujayralar; 4 -yumaloq hujayralar; 5- duksimon hujayralar; 6- tarmoqli hujayra; 7 -qadahsimon hujayra; 8- prizmatik hujayra; 9-qanotli hujayra; 10 - xivchinli hujayra; 11 - ko`p yadroli hujayra;12- yadrosiz hujayralar (eritrotsitlar) (V.G. Eliseyevdan).
4- rasm. Hujayralarning ultramikroskopik tuzilishi (sxema).
1 - hujayra qobig`i (sitolemma; 2-pinotsitoz pufakchalar; 3-sentrosoma (hujayra markazi); 4 - gialoplazma; 5-endoplazmatik to`r; 6-yadro; 7-perinuklear bo`shliqning endoplazmatik to`r bilan aloqasi; 8-yadro teshiklari; 9-yadrocha; 10- plastinkasimon kompleks (Golji kompleksi), II-sekretor vakuolalar; 12-mitoxondriyalar; 13-lizosomalar; 14-mikrovorsinkalar; 5-kiprikchalar; 16- desmosomalar; 17-interdigitatsiya; 18- biriktiruvchi plastinka; 19-bazal plazmatik membrana burmalari.
Bir-biriga yaqin yotgan hujayralar esa ma’lum formaga ega. Masalan, plast hosil qiluvchi teri epiteliysi hujayralari yassi, qisqaruvchan mushak hujayralari esa uzun duksimon shaklda bo`ladi.
Impuls o`tkazuvchi nerv hujayralar esa uzun-uzun o`simtalarga ega bo`ladi. Erkaklar jinsiy hujayrasi – spermatozoidda harakat qiladigan xivchinlari bor va hokazo. Odam va ko`pgina sut emizuvchi hayvonlarning hujayralari 5-7 mkm (mikrometr) dan 200 mkm gacha bo`ladi.
Ko`rinishi va kattaligi bilan hujayralar bir-biridan farq qilsada, ular ko`pincha hujayra tuzilishining asosiy belgilarini saqlab qoladi (4-rasm). Odam va hayvon hujayralarining umumiy tuzilishi bir hujayrali avlodlarni eslatsa ham, ammo ko`p hujayralilar murakkab funktsiyalarni bajarishi bilan bog`liq bo`lgan o`z tuzilmalari bilan ajralib turadi. Har bir hujayra sitoplazma qobig`i (sitolemma, hujayra qobig`i), sitoplazma va yadrodan tashkil topgan. Sitoplazma: organellalar, kiritmalar va gialoplazmadan: yadro: yadrocha, xromatin, yadro shirasi va yadro qobig`idan iborat.
Yorug`lik va elektron mikroskop orqali olingan ma’lumotlarga asoslanib, hujayralarning quyidagi qismlari farq qilinadi
Do'stlaringiz bilan baham: |