Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 8,7% oshdi (2020 yilda o‘sish 0,9%ni tashkil qilgan). O‘sishning eng jadal sur’atlari elektr ta’minoti, gaz va bug‘ uzatish, havoni konditsionerlash sohasida kuzatilib, 13%ni tashkil qildi. Qazib olish sektori 2020 yildagi jiddiy pasayishdan so‘ng tiklanmoqda, ishlab chiqarish hajmi 10,7% oshdi (undan oldingi yilda qisqarish 22%ni tashkil qilgan edi). Ishlov beruvchi sektor yildan yilga barqaror o‘sish sur’atlarini namoyon etib, 2021 yakunlariga ko‘ra, o‘sish 8,2%ni tashkil qildi (2020 yilda 7,9%). 2021 yilda to‘qimachilik mahsulotlari (o‘sish 19,1%), kiyim-kechak (18,7%), mashina va uskunalardan tashqari tayyor metall buyumlar (18,9%), ichimliklar (17,7%), metallurgiya (8,1%), kimyoviy mahsulotlar (5,7%) ishlab chiqarish sanoat drayverlariga aylandi. SHu o‘rinda, avtotransport (5,7%), elektr uskunalari (6,6%), koks va neftni qayta ishlash mahsulotlarini (qariyb 30%) ishlab chiqarishda pasayish qayd etildi.
Xizmat ko‘rsatish sektorida jadal o‘sish kuzatildi. Yil yakuni bo‘yicha bozor xizmatlari ishlab chiqarish hajmi 2020 yildagi kamtarona 3% o‘sishga nisbatan 19,2%ga ortdi. O‘sish barcha xizmat ko‘rsatish sohalarida kuzatildi. Moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish (28,4%), aloqa va axborotlashtirish (21,8%), ko‘chmas mulk va mulk (24,2%), ta’lim (28,7%), sog‘liqni saqlash (26%), ijara va prokat (21%) xizmatlarini taqdim etish sohalarida eng yuqori o‘sish sur’atlari qayd etildi.
Pandemiyaga davri bilan bog‘liq cheklovlar tufayli 2020 yilda pasayish kuzatilganidan so‘ng transport sektori 2021 yilda jadal o‘sish sur’atlarini namoyon etdi, yil yakunlari bo‘yicha transport xizmatlarining hajmi 16% o‘sib, yuk aylanmasi 10%, yo‘lovchilar aylanmasi esa 9,5%ga ortdi. SHuningdek, chakana savdo tovar aylanmasining o‘sish sur’ati ham 12%ni tashkil qildi.
Qurilishda ishlab chiqarishning o‘sish sur’ati 2020 yildagi 9,5%dan 2021 yakunlari bo‘yicha 6,8%ga biroz sekinlashgani qayd etildi.
Qishloq xo‘jaligida esa, aksincha, og‘ir iqlim sharoitlariga qaramay, 2021 yilda mahsulot ishlab chiqarishning o‘sish sur’atlari dinamikda 4%gacha ortdi (2020 yil yakunida 2,9%). O‘simlikshunoslik va chorvachilik sohasida 3,9% o‘sish kuzatildi. Baliqchilik xo‘jaligida ham jadal o‘sish qayd etilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 21,4%ni tashkil qildi (2020 yilda 17,9%).
Yil yakunlari bo‘yicha, tashqi savdo dinamikida ijobiy o‘zgarishlarga erishildi. Tashqi savdo aylanmasi hajmi 16%ga o‘sib, 42,1 mlrd. doll. tashkil etdi va 2019 yildagi ko‘rsatkichdan (41,8 mlrd. doll.) o‘zib ketdi. Eksport 10%ga 16,6 mlrd. doll.gacha, import 20%ga 25,5 mlrd. doll.gacha oshdi. Savdo balansining salbiy saldosi 8,9 mlrd. doll.ni tashkil qildi.
Eksportning ortishi, asosan, xorijga etkazib berish bo‘yicha to‘qimachilik mahsulotlari va kiyim-kechakning 1,5 baravar (2,9 mlrd.doll.), rangli metallar va ulardan tayyorlangan buyumlarning 1,6 baravar (1,5 mlrd.doll.), mashina va uskunalarning 1,6 baravar (0,7 mlrd.doll.), kimyoviy mahsulotlarning 1,4 baravar (1,2 mlrd. doll.), xizmat ko‘rsatishning 1,3 baravar (2,5 mlrd.doll.) ortgani bilan bog‘liq. Oltin eksporti 2020 yilga nisbatan qariyb 30%ga qisqarib, uning umumiy eksport hajmidagi ulushi esa 38,4%dan 28,7%ga kamaydi.
Importda etkazib berish bo‘yicha oziq-ovqat mahsulotlarining 35% (2,9 mlrd.doll.), kimyoviy mahsulotlarning 24% (4,3 mlrd.doll.), qora metallar va ulardan tayyorlangan buyumlarning 35% (2 mlrd.doll.), energiya tashuvchi va neft mahsulotlarining 39% (1,5 mlrd.doll.), xizmat ko‘rsatishning 42% (1,7 mlrd. doll.) sezilarli o‘sishi qayd etildi.
SHu tariqa, 2021 yil O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun o‘ta ijobiy kechdi. Bu davrda nafaqat 2020 yilda boy berilgan natijalarning o‘rnini to‘ldirish, balki rekord darajadagi o‘sish sur’atlariga ham erishildi. Mamlakatda keng ko‘lamli iqtisodiy tarkibiy islohotlar davom ettirilib, o‘tgan yillardagi o‘zgarishlar samarasi iqtisodiyot tarmoqlarida yanada yaqqol namoyon bo‘ldi. Pandemiya bilan bog‘liq saqlanib qolgan xavflarga qaramay, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2021 yilda barqarorlikni namoyon etdi va jadal rivojlanish yo‘nalishiga qaytdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |