HOZIRGI ZAMON, O‘ZBEKISTON VA FALSAFIY BILIMLARNI
YANGILASh MUAMMOLARI
Reja:
1. Dunyo va hozirgi davr falsafasi
2. Falsafaning hozirgi davr rivojidagi global va mintaqaviy xususiyatlari
3. Hozirgi O‘zbekiston: falsafaning yangi vazifalari.
1. Dunyo va hozirgi davr falsafasi
Falsafaning umumiy va alohida rivojlanish qonuniyatlari
Biz, falsafa ijtimoiy ong va tarixiy davrning o‘zini tushunish shakli ekanigi to‘g‘risida gapirib o‘tdik. Bu biron bir falsafiy tizimni tarixiy kontekstga murojaat qilmay turib, biroq o‘zidan o‘zi va uni yaratuvchisining shaxsiy hayoti orqali tushunib bo‘masligini anglatadi. Tarix boyligi bo‘lgan har bir falsafa ikki: umumbashariy, universal va alohida, mahalliy (lokal) komponentlardan iborat. Boshqacha aytganda, falsafiy tizimlar o‘z davrining, ma'lum tarixiy vaziyat va madaniyatning mahsuli hisoblanadi. «Falsafaning ma'lum obrazi, - deb yozgan edi Xegel, - u qaysi xalq orasida mavjud bo‘lsa, ularning ma'lum obrazi bilan, ularning davlat tuzilishi va boshqaruv shakli bilan, ularning ma'naviyati, ijtimoiy hayoti, mahorati, odati va yashash qulayliklari bilan, ularning urinishlari va san'at hamda fan sohasidagi ishlari bilan, ularning dini, harbiy qismati va tashqi munosabatlari bilan, ushbu ma'lum prinsip o‘z kuchini namoyon qilgan davlatning halokati bilan, oliy prinsip tug‘iladigan va rivojlanadigan yangi davlatning vujudga kelishi hamda ilgari qadam bosishi bilan hamohangdir»1
.
Falsafiy tizimlarni makon va zamon o‘lchovida ko‘rib chiqib, ularning mintaqaviy va vaqtli, davriy xususiyatlarini ajratish mumkin. Faylasufona fikr yuritishning turli usullari va ularga tegishli falsafiy tizimlarda nafaqat tarixiy davr va global jarayonlar, ya'ni ijtimoiy mehnat taqsimoti, agrar-an'anaviy hayot tarzi, sanoatlashish, jahon urushlari, ekologik bo‘hron yoki informatsion jarayonlarning kuchayishi kabilarni, balki mazkur mintaqada yashayotgan xalqlarning madaniyat, mentalitet va hayot tarzi bilan bog‘liq mintaqaviy xususiyatlarining ham izi bo‘ladi. Falsafiy dunyoqarash va atrof muhitga munosabat, qadriy yo‘nalishlar hamma yerda mutlaqo bir xil bo‘lishi mumkin emas. Butun insoniyat tarixi mobaynida G‘arb va Sharq falsafiy tizimlari o‘zining mavjud xususiyatlari va tafovutlari bilan farqlanadi. Ushbu dixotomiya doirasida biz u yoki bu sivilizatsiya xususiyatlariga bog‘liq milliy-mintaqaviy (hind, xitoy, arab, lotin amerikasi, afrika, rus va boshqa) falsafa to‘g‘risida gap yuritamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |