Gaplarning tuzilishi jihatidan turlari
Gaplar, struktura asosi (grammatik markazi)ning miqdoriga ko'ra, sodda va qo'shma gaplarga bo'linadi.
Sodda gaplarning struktura asosi bitta bo'lib, ma'lum bir fikrni ifoda qiladi. Qo'shma gaplarning struktura asosi esa ikki yoki undan ortiq bo'lib, bir murakkab fikrni ifoda qiladi. Qiyos qiling: Bahor keldi. Bahor keldi va gullar ochildi.
Formal-funksional tadqiqotlarlarda: "Gap til bosqichida atov birliklarining kesimlik kategoriyasi ko'rsatkichlari bilan shakllangan ko'rinishidir"3 deb talqin qilinadi.
Sistemaviy tilshunoslikda gap nutq hosilasi sanalib, til birligi sifatida gapning o'zi emas, balki uning modeli (qurilish qolipi) tan olinadi. Gap qolipi gapning asosiy grammatik va struktur (qurilish) xususiyatlarini o'z ichiga olgan mavhum qurilmadir. M.Abuzalovaning "O'zbek tilida sodda gapning eng kichik qurilish qolipi va uning nutqda voqealanishi" mavzuli tadqiqotida kesimlik kategoriyasi ko'rsatkichlari bilan shakllangan atov birligi sifatida ajratilgan gapning eng kichik lisoniy sintaktik qolipi (WPm) kengaymagan shaklda o'rganilgan. Bu o'rinda W - word - so'z, Pm - predikatsiya va marker so'zlarining bosh harflaridan hosil qilingan. Mazkur qolipning P qismida tasdiq (inkor, mayl), zamon va shular bilan birga shaxs - son ma'nosi borki, gapning egasi keyingi grammatik ma'noni aniqlab, ochib keladi. Shu ma'nosi asosida gaplarda ega tiklana olishi yohud tiklana olmasligi belgisi asosida bir va ikki tarkibli gaplar hosil qilinadi. Shuning uchun ega gapning sintaktik qurilishida markaziy emas, balki undan quyiroq mavqeni egallaydigan kengaytiruvchi bo'lak mohiyatiga egadir.
W nutqda fe'l yoki ot tarzida shakllantirilgan bo'lishi mumkin va mana shu shakllarning birida nutqda yuzaga chiqadi. WPm nutqda kengayishi mumkin. Bu kengayish W va Pm asosida ro'y beradi. Pm ning shaxs - son ma'nosi asosida bir va ikki tarkibli gaplar hosil qilinadi .
Nosintaktik hodisalardan holi qilingan gapning kichik qolipi lisoniy bosqichda quyidagi olti ko'rinishda beriladi:
1. Bir tarkibli ixcham sodda gap - 1 WPm Y
2. Bir tarkibli yoyiq sodda gap - 1 WPm Yo
3. Ikki tarkibli egali yig'iq sodda gap - E+ 2 WPm Y
4. Ikki tarkibli egali yoyiq sodda gap - E+ 2 WPm Yo
5. Ikki tarkibli egasiz ixcham sodda gap - E - 2 WPm Y
6. Ikki tarkibli egasiz yoyiq sodda gap - E - 2WPm Yo
Sh. Akramovning "O'zbek tilining gap qurilishida to'ldiruvchi va hol" mavzuli tadqiqotida4 WPm kengayishida to'ldiruvchi va hollarning mavqelari tahlil etilgan bo'lib, gap kengayishi tizimida to'ldiruvchining kengaytiruvchilik mavqei chegaralangan bo'lib, u faqat so'z kengaytiruvchisi bo'lib kelishi, hollar esa so'z va gap kengaytiruvchilari mavqeiga ega bo'lishi yoritib berilgan.
Shuningdek, M.Qurbonovaning tadqiqotida5 grammatik shakllangan sodda gaplarning maksimal lisoniy sintaktik qolipi tadqiq etilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |