Ona kabi mehribon –
Ilm – fanlarga makon
Yayrab o`qiyman har on.
Qadrdonim, maktabim!
Senda darslar xilma-xil
Ongim o`sar yilma-yil
Sevinchlarga to`lar dil.
Qadrdonim, maktabim!
A’lochi o`quvchining maqsad va niyati ham a’lo darajada. Uning maqsadi o`sib, ulg’ayib xalq uchun, ona-o`lka uchun haqiqiy farzand bo`lib voyaga etish:
A’lo o`qishdir burchim,
Sarf etaman bor kuchim.
Ishlayman xalqim uchun,
Qadrdonim maktabim!
Bolalar rostgo`y, halol, poklikni yaxshi ko`rishadi. Aldamchilik, yolg`onchilik, xushomadgo`ylik ularning xarakterlariga to`g`ri kelmaydi. Rauf Tolib bolalardagi bunday xususiyatni “O`rtog’imiz yo`qoldi” she’rida yaxshi yoritgan. Valijon o`zining yengiltakligi, yolg`onchi va xushomadgo`yligi, faqat o`z foydasini ko`zlab ish ko`rishi bilan sinfda obro`sini yo`qotgan:
O`z foydasin o`ylar u
Do`st bo`lsin qandoq?
Oramizdan yo`qoldi,
Eh, bitta o`rtoq.
Bugungi kun bolalar she’riyatida harbiy vatanparvarlik mavzusi ham ancha mukammal. Urush davri she’riyati tasvir markazida turgan jangovarlik, fashist bosqinchilariga kuchli nafrat, Vatan himoyasiga chaqiriq baynalmilal do`stlik g’oyalari so`nggi davr she’riyatida ham asosiy mavzulardan biriga aylanadi. Ammo endi davr bilan bog’liq ravishda tasvir uslubining birmuncha o`zgarganini ko`rishimiz mumkin. Jumladan, urush davri she’riyatida lirik qahramonning bevosita jang maydonlaridagi kechinmalari ifodalansa, keyinchalik jang qahramonlarining esdaliklaroi yoki u haqda boshqalarning taassurotlari, tinchlik uchun kurash g’oyasi, urushning faqat halokatli oqibatlarini ifoda etishi birinchi o`ringa chiqarildi. Bu xol she’riyatda harbiy vatanparvarlik tuyg`usining, tushunchasining tobora kengayib, yangi-yangi qirralari namoyon bo`layotganligini, davr talabi asosida ijodiy an’ananing davom etayotganini, boyitilayotganini ko`rsatadi.
Urushdan keyingi harbiy vatanparvarlik she’riyati uchun xarakterli xususiyatlar urush qahramonlari jasoratining ko`proq ikkinchi shaxs tomonidan hikoya qilinishida ham ko`zga tashlanadi. Urushga munosabatning bu shaklini Asqad Muxtor (“Tinchlik soldati”) kabi keksa avlod vakillaridan tortib, Tursunboy Adashboyev (“O`g`limga”), Safar Barnoyev (“Dadamning qo`llari”) singari keyingi avlod qalamkashlari ijodida ham uchratish mumkin.
O`zbek bolalar she’riyatining urushdan keyingi davrda yaratilgan namunalari ko`zdan kechirilganda, harbiy vatanparvarlik mavzusiga turlicha yondashilganini ko`rishimiz mumkin. Jumladan, Quddus Muhammadiy, Tolib Yo`ldoshlar urush sababchisi bo`lgan fashistlarni fol’klordagi ya’juj-ma’jujlar kabi an’anaviy obrazlar tasviri orqali urushni la’natlaydilar. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari Ilyos Muslim va Shuhratlar fashistlarning kirdikorlarini o`sha voqealarning bevosita shohidlari sifatida hayotiy, ta’sirchan gavdalantirsalar, Tursunboy Adashboyev, Qambar Ota, Aziz Abdurazzoq, Shamsi Odil, Rauf Tolib, Qutbi Nosirova va boshqalar ko`proq otalar va bolalarning achchiq xotiralari tarzida qalamga oladilar.
Tolib Yo`ldoshning “Bobom ertak aytsala” she’ri bevosita urush qatnashchisining nevaralariga jang-jadallar haqidagi ertagi tarzida bitilgan. Bolalarga ertak tuyulgan bu voqealar aslida ertak emas, oddiy jangchining ko`rgan – kechirganlaridir.
“Qilich botir”, “Alpomish”, “Aldar ko`sa” dostonlarining jon qulog’i bilan tinglagan bolalarning fashist bosqinchilari to`g`risidagi hikoyadan vujudlari larzaga keladi.
Bobo o`z gapini Gitlerning ta’rifidan boshlaydi:
Qo`ng`iz mo`ylov, chalabosh,
Gitler degan alvasti.
Qilgan mudhish jinoyat,
Hech yoddan chiqmas asti.
Tag-tugi yo`q bu maxluq,
Odamxo`r ekan bilsak,
Nimalar qilmas edi,
Erkiga qo`yib bersak!
Bobo nutqidagi nozik o`xshatishlar, ayniqsa, Gitlerning odamxo`rligi, tashqi ko`rinishining beo`xshovligi bolalar qulog`ini ding qiladi. She’rda bolalarni hayratga solgan narsa Gitlerning ko`rinishigina emas, balki unga hikoyachining nafratli munosabati hamdir. Boboning Gitler boshliq fashistlar haqida hikoya qilayotib g’azabdan yuzlarining oqarib, o`zgarishi tinglovchilarda ham, kitobxonda ham Gitlerga nisbatan nafrat uyg`otadi.
Yuqorida Vatan posbonlarining jasorati ko`proq o`zga shaxs, xususan, otalar, ukalar va bolalar tilidan hikoya qilinishiga to`xtalgan edik. Ota-onalarning farzandlari yohud farzandlarning ota-onalari, ukalarning akalar bilan faxrlanishi, o`zlarini ular jasorati uchun qay jihatdandir daxldor hisoblashlari tabiiy holdir.
Ikkinchi jahon urushidan keyin o`tgan davr ichida o`nlab dostonlar, ertaklar, ertak-dostonlar maydonga keldi. Oybekning “Zafar va Zahro”, “Bobom”, Q.Muhammadiyning “Dunyoda eng kuchli nima?”, “Solijon”, Shukur Sa’dullaning “Laqma it”, “Ikki donishmand”, Po`lat Mo`minning “O`rinbosarlar”, “Eh, rosa shirin ekan”, “Xolning jiyron velosipedi”, «Oltin nay», «Jalil eshitgan ertak”, Qudrat Hikmatning “Toshbaqalar hujumi”, “Bobo dehqon hangomasi”, “Chovkar”, “Chirchiq farzandi”, Ramz Bobojonning “Cho`pon o`g’li”, Safar Barnoyevning “Biz dehqon bolasimiz”, “Oltin shahar haqida afsona”, “Oltin oshiqlar”, Miraziz A’zamning “Aqlli bolalar”, “Bedananing buvisi”, Tursunboy Adashboyevning “Dovonlar”, “Harflarning sarguzashti”, Toshpo`lat Hamidning “Asrorqulning qo`chqori”, Ergash Raimovning “Bir dona yaproq”, Rauf Tolibning “Sehrgar do`stim bor”, “Maqtanchoq”, Azim Usmonning “Faroyib Ajdarho”, Kavsar Turdiyevaning “Toshkesarlar mamlakatida” kabi ertak va ertak-dostonlari yaratildi.
Shoir Po`lat Mo`min “Ko`ngil istar yaxshilik” asarida bolalar o`rtasidagi do`stlik, birodarlik, o`qituvchi va jonajon maktabga muhabbat, birlik, baynalmilallik masalalarini ilgari suradi. Bolalar hayotida sodir bo`ladigan yutuq va kamchiliklar badiiy bo`yoqlarda, qiziqarli epizodlarda chizib beriladi. Bir so`z bilan aytganda, maktab o`quvchilarining jozibali hayoti zavq-shavq bilan tasvirlanadi.
Shoir eng avvalo yangi “mahallaning chiroyi” bo`lgan jonajon maktab binosi haqiqatan ham “bilim saroyi”ga aylanib ketganligini maroq bilan tasvirlaydi. Ana shundan keyingina o`quvchini bu erda ta’lim-tarbiya olayotgan o`z qahramonlari bilan tanishtiradi. dostonning har bir sahifasida ezgulik, olijanob insoniy fazilatlar qabartirilgan holda yoritiladi. Asarning asosiy syujet chizig’ini tashkil etgan O`ktam obrazi yosh kitobxonni o`ziga maftun etib oladi. U juda sho`x, olov qalbli. Tomda varrak uchirib yurib yiqilib tushgan, shuning uchun “miyasi sal lat egan”. Natijada asab kasaliga giriftor bo`lgan. O`ktam oqko`ngil, rostgo`y, haqiqatchi bola. U hayotga haqiqat ko`zi bilan qaraydi, boshqalarning ham shunday bo`lishini istaydi. Ammo o`zi o`qiydigan sinfda Tolibga o`xshagan ba’zi o`yinqaroq, qitmir, shoir so`zi bilan aytganda “olifta” bolalar uning jig’iga tegadi, asabini buzadi, kasalini qo`zg’aydi, bemorligi sababli sinfdan-sinfga o`tolmaganini yuziga soladi.
Yaxshi gapning shaydosi bo`lib qolgan O`ktamning kasali qo`zg’ab, yiqilib qolishi yosh kitobxonda O`ktamga nisbatan chuqur achinish, Tolibga nisbatan esa nafrat hissini uyg`otadi.
Bir necha kundan so`ng tuzalib ketgan O`ktam o`qishga sho`ng’ib ketadi.
Tolib o`qituvchi Shokir akaning kasal bo`lib qolganini eshitib, xursand bo`ladi, darrov o`yin-kulgi, bekorchilik haqida og’iz ko`pirtirib gap sotadi:
Do'stlaringiz bilan baham: |