Usoma askarini jo‘natish
Payg‘ambar vafotlaridan biroz avval SHom diyorlariga jang qilish uchun askar tayyorlab, uning bayrog‘ini Usoma ibn Zaydga tutqazdi. Rasululloh (s.a.v) uni yoshi kichik (18 yosh) bo‘lishiga qaramay, otasi Zayd ibn Horisaning jihodini hamda u kishining Mu’ta jangida shahid bo‘lib ketganini hurmatlab bu yurishining etakchiligiga ixtiyor qilgan edi. payg‘ambar bu yigitda avvalo dono etakchilikka xos bo‘lgan iste’dodlarini topganligi, qolaversa uni ham, otasini ham yaxshi ko‘rganligi bois tanlagan edi. Ha shunday, musulmon yaxshi ko‘radigan kishisiga jihoddan qo‘rqib, uni to‘sib qolmaydi, balki uni jihodga undaydi, yo g‘alaba, va yo Alloh yo‘lidagi shahidlikdir...
Lekin Allohning irodasi bu yurishni jo‘natishni oxiriga etkazishdan avval payg‘ambarni "rafiqul a’lo"ga rihlat qilishini xohladi. Usoma askar amirligidan voz kechib, ixtiyorni yangi xalifa Abu Bakr (r.a)ga tashlashni lozim deb topdi. Bu esa Usomaning fiqhi, ilmi va odobidan edi. SHuning uchun ham Rasululloh (s.a.v) yosh bo‘lishiga qaramay Usomani ixtiyor qilgan edi.
Rasululloh (s.a.v) musulmonlarga biron kimsani amir qilib tanlagan bo‘lsalar, albatta o‘sha shaxs o‘sha ishga loyiq edi.
Abu Bakr (r.a) payg‘ambar hayotlik davrida lozim deb bilgan narsani ijro qilishni rejalashtirdi. askar amirligiga Usomani iqror etib, uni chiqishga buyurdi. Uning bayrog‘i ostida esa muhojir va ansorlardan katta majmuasi, hatto Umar (r.a) ibn Xattob ham bor edi.
Abu Bakr (r.a) Usomani hurmat qilishi, uning etakchiligini quvvatlashi shu darajada ediki, ularni kuzatayotganda piyoda yurib borardi. Usoma esa otning ustida edi. Usoma xijolat tortib "Ey Rasululloh (s.a.v) ning xalifasi, siz ham otga minib olasiz yoki men tushib olaman" degan edi, Abu Bakr (r.a) unga "Allohga qasamki siz tushmaysiz ham, men otga minmayman ham, Alloh yo‘lida bir soat oyoqlarimni qavartirsam(changa botirsam) nima bo‘libdi" deb javob qildi. So‘ng Usomaga "Agar menga Umar (r.a)ni qoldirib yordam berishni lozim topsangiz, shunday qiling" deb aytgandi, yosh amir tezda rozi bo‘ldi. Umar (r.a) esa xalifalik ishlarida yordam berish uchun Abu Bakr (r.a)ning yonida qoldi.
Abu Bakr (r.a)ning Usoma askariga vasiyati
So‘ng Abu Bakr (r.a) shunday deb aytdi: "Xiyonat qilmanglar, o‘ljadan beruxsat olmanglar, (o‘liklarni) musla qilmanglar, yosh bola, qariya va ayollarni o‘ldirmanglar, xurmozorlarni kesmanglar, yondirmanglar ham, bironta mevali daraxtni sindirmanglar ham...".
Bu go‘zal axloqlarga, zaiflarga mehribonchilik qilishga va vayron qilishu fasod tarqatishdan uzoqda bo‘lishga chaqiradigan islomning adolatli mabdaalarini o‘zida ravshan suratda mujassam etgan ajoyib va buyuk vasiyatdir. Usoma ulug‘ xalifaning bu buyuk vasiyatlarini ijro qilishga intildi. Askari bilan yurib mu’ta jangi bo‘lgan Balqa degan mintaqaga borib tushdi. Quzoa qabilasidagi murtad bo‘lib ketganlar bilan jang qilib, ularni chekintirdi va xorladi, qarshisida turgan din dushmanlarini yo‘q qilib, chiqqaniga 70 kun bo‘lganidan keyin madinaga qaytdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |