ВАРИАНТ 1
1.«Иқтисодий таълимотлар тарихи» фанининг предмети ва методологияси.
2.Куръони Карим ва Хадислардаги иқтисодий ғоялар.
3.Меркантилизм таълимоти ва ривожланиш даврлари.
1. Iqtisodiy ta'limotlar tarixi" kursi iqtisodiy fanlar tizimida muhim o`rinni egallaydi. Insoniyat o`zining ko`p ming yillik tarixi davomida katta iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot yo`lini bosib o`tgan. Har bir davrda u yoki bu mamlakatda ayrim shaxslar (olim yoki hokimlar) tomonidan shunday iqtisodiy ahamiyatga molik fikr, g`oya, nazariya, konsepsiyalar ilgari surilgan va amalga oshirilganki, bir holda shular tufayli davlat va xalqlar ravnaq topgan, ba'zida tushkunlikka uchragan. Ana shu iqtisodiy g`oyalarni har tomonlama chuqur o`rganish, tahlil etish, ular orasidan umumbashariy ahamiyatlilarini ajratib olib, hozirgi davrga, ya'ni hayotga tadbiq etish nihoyatda ham amaliy, ham nazariy foydalidir, chunki ularda ko`p yillik tajriba mujassamlashgan bo`ladi. "Iqtisodiy ta'limotlar tarixi" fanining predmeti bo`lib, ma'lum davrlardagi u yoki ijtimoiy qatlamlar, insonlar manfaatini ifoda etuvchi iqtisodiy g`oyalar va ijtimoiy konsepsiyalarning vujudga kelishi, rivojlanishi va almashinuvining tarixiy jarayoni hisoblanadi. Bu g`oyalar ayrim iqtisodchi olimlar, nazariy maktablar, oqimlar va yo`nalishlarga tegishlidir. Iqtisodiy ta'limotlar tarixi mustaqil fan sifatida eng qadimgi davrdan boshlab to hozirgi zamongacha vujudga kelgan asosiy iqtisodiy fikr, g`oya, qarash, nazariya va ta'limotlarni o`z ichiga oladi. Metodik jihatdan bu fan iqtisodiy tahlilning ilg`or metodlari yig`indisidan iborat bo`lib, tarixiy, induksiya, mantiqiy abstraksiya va boshqa usullardan keng foydalanadi. "Iqtisodiy ta'limotlar tarixi" fani "Iqtisodiy nazariya" fani bilan chambarchas bog`liq, lekin undan katta farq qiladi. "Iqtisodiy nazariya" fanida eng muhim iqtisodiy kategoriyalarning so`nggi davr uchun tahlili beriladi, ammo, bu nazariyalar har doim ham turg`un bo`lmaydi va vaqt davomida, ayniqsa keskin o`zgarishlar davrida evolutsiyada bo`ladi."Iqtisodiy ta'limotlar tarixi" fanida ayrim olimlar, davlat arboblari tomonidan ilgari surilgan g`oya, qarash, nazariya, qonun, ta'limot, konsepsiyalar insoniyat taraqqiyotining turli bosqichlaridagi ijtimoiy qatlamlar, sinflar va boshqa guruhlarning manfaatlari nuqtayi nazaridan tarixiy rivojlanishi tadqiq etiladi.
2. Ilk feodal munosabatlar va shu davrdagi iqtisodiy g`oyalarning asosi qur'oni karimda (arabcha qiroat, ya'ni o`qish) aks etgan (VII-VIII asrlar). VI asrning oxiri-VII asrning boshlarida Arabistonda feodal munosabatlarning shakllanishi tufayli yagona davlat barpo etishga da'vat kuchaydi. Bu harakat so`nggi din - Islomda o`z aksini topdi. Islom ta'limoti payg`ambarimiz Muhammad alayhissalomga Alloh taolo tomonidan nozil qilingan Qur’oni karimda mujassamlangan. Yagona to`g`ri din bo`lgan Islomdagi yo`l-yo`riqlar hayotning barcha sohalarini qamrab olgan bo`lib, shu jumladan iqtisodiyotga doir masalalarga ham keng o`rin berilgan. Qur'oni Karimdagi asosiy g`oyalardan biri barcha musulmonlarning qardoshligi bo`lib, arab qabilalari shu bayroq atrofida birlashdi. Halol mehnat, dehqon, hunarmandlar mehnati ulug`landi, barcha boylik shu asosda paydo bo`lishi uqtirildi. Bu muqaddas kitobda Alloh taolo savdoga katta ahamiyat bergan, sudxo`rlikni, ya'ni ribo' (sudxo`rlik foizi) ni harom qilgan, mulkning muqaddasligini, birovning mulkiga xiyonat va hatto hasad qilishni katta gunoh degan. Islomda jamiyatning tengsizligi taqdiri azaldan deb tan olinadi, ammo halollik va to`g`rilikka buyuriladi va yolg`on ishlatish, o`g`rilik va mehnatsiz daromad topish man qilinadi. Alloh taoloning Qur'oni Karimda qarz olish va berish, merosni taqsimlash (4-sura, 8-oyat), yetim-esirlarga muruvvat, xayr-ehson qilish (3-sura, 128-oyat) haqidagi oyati karimalaridan kelib chiqadigan g`oyalar hamda soliq turlari va miqdori ham katta ahamiyat kasb etadi. Yetimlar haqiga xiyonat qilish eng katta gunohlardan deb e'lon qilingan. Shuningdek, o`zaro yordam ham (5-sura, 3-oyat) zarur, lekin yomon ishlarda va dushmanlikda emas deyiladi. Oyati karima va hadisi shariflarda turli kasblarni egallash, ayniqsa dehqonchilik, qo`ychilik bilan shug`ullanish, mehnat qilish zarurligi marhamat qilingan. Islom aqidasida isrofgarchilikka qarshi kurash Qur'oni Karimdagi "Yenglar, ichinglar, hadya qilinglar, ammo isrof qilmanglar", degan oyatlar asosida olib boriladi (bu hozirgi davrda eng dolzarb masalaga aylangan). "Daryo bo`yida tahorat qilsalaringiz ham suvni isrof qilmanglar", kabi qoidalar aynan hozirgi zamon iqtisodiyoti va ekologiyasi uchun nihoyatda ahamiyatli.
3. "Merkantilizm" iborasi birinchi bo`lib Adam Smitning asarlarida o`z ifodasini topdi. Lug’aviy ma'nosiga ko`ra, bu so`z italyancha bo`lib, savdogar mazmuniga ega. Bu so`z yangi ta'limotning mazmun va mohiyatini o`zida aks ettiradi. Uzoq yillar davomida boylikning, xalq moddiy farovonligining asosi mehnat, yer, dehqonchilik va chorvachilik, hunarmandchilikda deb kelinar edi, biz buni yuqorida ko`rdik. Lekin XV asrga kelib ahvol keskin o`zgardi. Bu ta'limotning kelib chiqishiga bir qancha sotsial-iqtisodiy sabablar turtki bo`ldi. Avvalo, feodal tuzumning yemirilishi, tovar-pul munosabatlarining o`sishi, fan va madaniyatning rivoji, ayniqsa, yangi yerlarning ochilishi, buyuk geografik kashfiyotlar, mustamlakachilik tizimining paydo bo`lishi, ayniqsa savdo-sotiqning rivojiga turtki bo`ldi. Noekvivalent savdo tufayli metropoliya koloniyalar hisobiga beqiyos boyidi. Ana shu o`zgarishlarni asoslab beruvchi iqtisodiy ta'limot - merkantilizm yuzaga keldi va muomala sohasini o`rganish bilan shug`ullandi. Merkantilizm sinfiy jihatdan savdo kapitalini himoya qildi. Shu davrga kelib Yevropada oltin va kumush qahatchiligi boshlandi. Hindistonda nodir metallar ko`p, degan mish-mishlar va u yerdagi mavjud ziravorlar insonlarni yangi yerlar ochish, yangi boylik makonlarini izlab topishga otlantirdi.
Merkantilistik siyosat ham ishlab chiqildi. Uning bosh vazifasi davlatga ko`proq oltin va kumush keltirish, deb aniqlandi. Bu davrda pul sifatida qimmatbaho metallar - oltin va kumush ishlatilgan, shu sababli oltin va kumush zahiralarini ko`paytirish borasida ma'lum iqtisodiy siyosatlar ishlab chiqarildi.
Merkantilizm rivojida ikki davrni ajratish mumkin:
1. Ilk merkantilizm yoki monetarizm (XV-XVI asr o`rtalari). 2. Rivojlangan merkantilizm, savdo balansi (yoki manufaktura sistemasi) (XVI-XVIII asr o`rtalari).
1.Merkantilizmning birinchi davri o`sha davr iborasi bilan aytganda monetar, ya'ni oltin va kumush pullar to`plash bilan bog`liq edi. Bunda pul balansi siyosati olib borilgan, chetdan imkoni boricha kam tayyor tovar sotib olishga urinilgan. qimmatbaho metallni tashqariga, chetga olib ketish taqiqlangan. Savdogarlarga olib chiqilgan mahsulotning bir qismiga pul olib kelish majburiyati yuklangan (qolgani tovar bo`lishi mumkin). Chet ellik savdogarlarni esa sotilgan mol pulining hammasiga yangi tovar sotib olishga majbur qilingan (pul olib chiqib ketmasliklari uchun). Bu siyosatnazorat kuchli bo`lishini talab etgan, tashqi iqtisodiy aloqalarning rivojini Susaytirgan. 2.Rivojlangan merkantilizm yoki savdo balansi nazariyasi XVI asrning ikkinchi yarmida paydo bo`ldi va XVII asrning o`rtalarida asosan Angliyada avj oldi. Uning asosiy mafkurachisi Tomas Mann (1571-1641) edi. Uning fikricha, pul tashqi savdo oborotida boshlang`ich maskantni tashkil etadi, ya'ni P-T-P. T.Mannning fikricha, har bir savdo kapitalisti o`z pulini ma'lum foyda olish uchun oborotga qo`yadi. Shunday yo`l bilan,ya'ni savdo yo`li bilan boyish kerak. Tovar chiqarish miqdori (eksport), uni kiritish (import) dan ortiq bo`lishi zarur. Ishlab chiqarishni rivojlantirish savdoni kengaytirish vositasi sifatida qaraladi. Tovar, pul, foyda va kapital orasidagi aloqadorlikning sababini topishga harakat qilingan
Do'stlaringiz bilan baham: |