SEKVOYYA - ULKAN DARAXT
Sekvoyya Yer sharida faqat Serra-Nevadaning g`arbiy yonbag`irlarida saqlanib qolgan. Agar bu daraxtni Yer sharida yashab o’tgan yashil mavjudotlarga qiyos qiladigan bo’lsak, uni yashil dinozavr deb atash mumkin.
Aytmoqchi, sekvoyya dinozavrlar bilan zamondosh hisoblanadi. Dinozavrlar ham, Yevropa va Osiyodagi sekvoyyalar ham qirilib bitgan. Muzlik bosmagan Kaliforniyadagina Yer sharidagi asosiy mo’jizalardan biri — sekvoyya bizgacha saqlanib qolgan.
…Ulug`vor sekvoyyaning ming yillik qizg`ish tanalari uzoqdan xuddi tarashlangan dag`al toshga o’xshab ko’rinadi. Ҳaqiqatda esa uning tanasi namatga o’xshash po’stloq bilan qoplangan, qo’lingizga g`ovak va iliq tuyuladi.
Sekvoyya po’stlog`ining qaliinligi 60 santimetr, qo’l bilan bossangiz yumshoq, ushaladi. Ushalgan parchasi po’kakka o’xshaydi, ezsangiz bir siqim qizg`ish kukunga aylanadi. Po’stlog`i bamisoli ko’rpa, daraxtni qattiq sovuqdan himoyalaydi. Sekvoyya po’stlog`ining bundan muhimroq xususiyati ham bor: issiqlik ta’sirini ichkariga o’tkazmaydi. Shunday bo’lmaganda o’rmonda chiqqan yong`inlar sekvoyyaning uzoq yashashiga yo’l qo’ymagan bo’lar edi. Sekvoyya o’rmonlarida ko’p martalab yong`in chiqqan… Bu yong`inlarga uch yuz… besh yuz… to’qqiz yuz yil bo’lgan… Tanasining bir qismi kuygan sekvoyyalar ana shunday katta yong`inlardan guvohlik berib turibdi. Bir katta sekvoyyaning o’zagi kuyganu, ammo u hamon yashafnoqda. Biz xuddi g`orga kirgandek, qadimgi yong`inda kuygan bir daraxtning kavagiga kirdik. Fonus yoqdik. Bu kavak bir xonali xonadoncha kelar edi.
Bir sekvoyyaning kavagiga garaj va savdo do’koni joylashgan (tomosha va reklama maqsadida), boshqa bir daraxt kavagini ayiqlar egallagan: ular shu kavakda qishlashar ekan.
Yong`inlar sekvoyyalar uchun foydali, degan fikrlar ham bor: yong`in pastda joylashgan barcha o’simliklarni kuydirib kulga aylantirgach, yerning shirasi faqat sekvoyyaga qoladi. Bundan tashqari yong`indan keyin yer kul bilan o’g`itlanadi. Sekvoyyaning uzoq umr ko’rishiga yana bir sabab shuki, uning yog`ochi chirimaydi; u xastalikni pisand qilmaydi. Uning yonidagi boshqa daraxt kasallikka chalinib qurib yotibdi, ammo sekvoyya xuddi sehrlab qo’yilgandek yashnab turibdi. Uning qizg`ish tanasi bo’g`zidan tortib uchigacha toza va beg`ubor.
Keksa daraxtlarning shox-shabbalari tepasida, juda balandda boshlanadi. Agar uning bahaybat tanasi bilan shox-shabbalarni bir-biriga taqqoslaydigan bo’lsak, xuddi katta kishining boshiga yosh bolaning do’ppisini qo’ndirib qo’ygandek g`alati ko’rinadi.
Ming yashar sekvoyyalar bir-biridan ancha narida, siyrak o’sadi. Ularning yoniga borish uchun boshqa daraxtlarni, qalin o’tlarni, to’kilgan shox-shabbalarni yorib o’tishga to’g`ri keladi, ahyon-ahyonda ulkan «tosh»larni ham aylanib o’tish kerak bo’lib qoladi. Bizga toshga o’xshab ko’ringan narsalar aslida ag`darilgan sekvoyya daraxtining tanalaridir. Ag`darilgan sekvoyya chirimaydi, uning po’stlog`i tushib ketadi-yu, ammo yog`ochi juda uzoq vaqtlargacha chirimay yotaveradi.
Qadimiy sekvoyyalarga borish uchun o’rmon ichidan yo’l ochilgan. Har bir daraxtning nomi bor. Ayrimlariga mashhur odamlarning nomi berilgan. Shuning uchun Magellan, Kopernik, Galiley, Kolumb nomi bilan ataluvchi sekvoyyalar uchrashiga taajjublanmasa ham bo’ladi. Qizil tanali bu daraxtlar mashhur odamlardan ham mashhurroqdir. «General Sherman» nomli daraxtni olaylik. Uning bo’yi 90 metr, yo’g`onligi 10 metr, yoshi taxminan uch ming yil. Daraxtning ko’rinishi hundan 500 yil ilgari qanday bo’lgan bo’lsa, hozir ham shunday.
Yer sharidagi eng keksa daraxtlardan biri bo’lgan sekvoyyaning yonida kichik bir niholni qidirib topdik. Bu yosh nihol bundan besh yil ilgari shu ulkan sekvoyya urug`idan unib chiqqan bo’lsa ajab emas. Uch ming yosh bilan besh yosh — ota bilan o’g`il! «Ota bilan farzand» o’rtasida yosh jihatdan bunchalik katta farqni qayerda uchratish mumkin?! Modomiki sekvoyya uch ming yil yashar ekan, bu yosh niholning 5005-yildagi quyosh chiqishini ko’ra olishi ehtimoldan uzoq emas. o’sha vaqtga borib niholning qanday ko’rinishga kirishini oldindan tasavvur qilish mumkin-u, ammo 5005-yilda Yer sharida yashaydigan insonlar to’g`risida taxminiy fikr aytish qiyin.
Sekvoyyalarning qulashi kam uchraydi. Shunday bo’lsada, 1953-yilda odamlarning ko’z o’ngida bir sekvoyya qulagan. Uning tanasiga «Bu daraxt 2415 yil umr ko’rgan» deb yozib qo’yilgan. Buning to’g`riligiga ishonish uchun sekvoyya tanasidagi yillik halqalarni sanab ko’rish mumkin.
Daraxtning qirqilgan joyiga insoniyat tarixidagi ayrim voqealar yozilgan. Mana shulardan ba’zilari:
«Eramizdan oldingi 323-yilda Iskandar Zulqarnayn vafot etgan. Buyuk sarkardaning jasadi asal to’ldirilgan bochkaga solinib, dafn etish uchun Osiyodan o’z yurtiga keltirilgan. o’sha yili sekvoyya 136 yoshda bo’lgan».
«Eramizdan oldingi 44-yilda Yuliy Sezar vafot etgan. o’sha vaqtda sekvoyya 400 yoshda bo’lib, tanasining yo’g`onligi bir yarim metrga etgan».
«Eramizning 570-yili Muhammad sollallohu alayhi va-sallam — payg`ambar tug`ilgan. o’sha vaqtda sekvoyya 1032 yoshda bo’lgan».
1348-yilda Yevropada vabo tarqalgan, 1492-yilda Amerika «kashf etilgan» vaqtlarda sekvoyya necha yoshda bo’lganligi ham shu tarzda yozib qo’yilgan.
Sekvoyya daraxtlari muhofaza qilinmoqda. 1890-yilda sekvoyyalarni muhofaza qiluvchi park - qo’riqxona tashkil etilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |