KIRISH
Dissertatsiya mavzusining asoslanishi va dolzarbligi. O’zbekiston Respublikasi bilan Hindiston o’rtasidagi do’stona, iqtisodiy va siyosiy munosabatlar o’zining ko’p asrlik tarixiga ega bo’lib, O’zbekiston mustaqillikka erishgan so’nggi yillarda esa bu munosabatlarning rivojlanishida katta imkoniyatlar yaratildi. Natijada ana shu masalalar va ularning tarixiga oid ko’p ilmiy asarlar, maqolalar va arxiv hujjatlari bosilib chiqdi-ki, ular har ikki mamlakat o’rtasidagi munosabatlarni ravshanlashtirishda muhim ahamiyatga egadirlar.
O'zbekistonning yirik mamlakat — Hindiston bilan aloqalari kengayib bormoqda. Prezidentimizning hali davlatimiz mustaqilligi e’lon qilinishidan avvalroq 1991-yilning 17-19 avgust kunlari Hindistonga rasmiy tashrif bilan borishi ham fikrimizning dalilidir. 1993- yil 23 - 25- may kunlari Hindiston Bosh vaziri Narasimxa Rao davlat tashrifi bilan O'zbekistonda bo'ldi. Safar kunlarida “O'zbekiston Respublikasi bilan Hindiston Respublikasi o'rtasida davlatlararo munosabatlar va hamkorlik prinsiplari to'g'risida” shartnoma, foyda va mulkka ikki yoqlama soliq solmaslik to'g'risida, havo yo'llari to'g'risida va savdo-iqtisodiy hamkorlik to'g'risida bitimlar imzolandi.1
O'zbekiston Prezidenti I.A.Karimovning 1993-yil 17-19 - avgust kunlari Hindistonga rasmiy tashrifi chog'ida ikki mamlakat o'rtasida iqtisodiy, savdo va ilmiy-texnikaviy hamkorlik to'g'risida bitim, madaniyat, sog'liqni saqlash, fan, texnika, turizm, sport va ommaviy axborot sohasida hamkorlik qilish to'g'risida bitim imzolandi.
1995- yil 25 - avgust kuni Toshkent shahrida Hindistonning “TATA Projekte LTD” firmasi tomonidan qurib bitkazilgan 600 o'rinli salomatlik zali, majlislar xonasi, servis xizmati, yer osti garaji, sauna, barlari, katta restoranlari bo'lgan zamonaviy mehmonxonaning ochilishi ham fikrimizning dalilidir.2
Ikki davlat o'rtasidagi hamkorlik munosabatlarini Islom Karimovning 2000 - yil 1-3 - may kunlari Hindistonga qilgan safari yanada yuqori pog'onaga ko'tardi. Safar paytida O'zbekiston Prezidenti Hindiston prezidenti va Bosh vaziri bilan muzokaralar olib borib, uning yakunida 10 ga yaqin hujjatlar imzolandi. Ular orasida xalqaro jinoyatchilik, terrorchilik, diniy ekstremizm, narkotik moddalar va qurol-yarog' kontrabandasiga qarshi birgalikda kurashga qaratilgan O'zbekiston bilan Hindiston o'rtasida hamkorlik to'g'risida Qo'shma bayonot, jinoyat qidiruv ishlarida huquqiy yordam va ekstraditsiya to'g'risidagi shartnoma muhim ahamiyatga ega.3 Shuningdek iqtisodiy, madaniy, ta'lim, axborot, bojxona sohalari bo'yicha hamkorlik qilish haqidagi hujjatlar imzolandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |