Xizmat ko’rsatish tushunchasi, asosiy ta’rifi.
Mamlakatda qabul qilingan inqirozga qarshi choralar dasturining ustuvor vazifalaridan biri iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining eng muhim omillaridan biri bo’lgan xizmat va servis sohalarini yanada rivojlantirishdan iboratdir.
Mustaqillikka erishilgan dastlabki yillardan boshlab xizmat ko’rsatish va servis sohalarini rivojlantirishga mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltiruvchi muhim sohalardan biri sifatida alohida e’tibor qaratilib kelinmoqda. Chunki bozor iqtisodiyotini tarkibiy o’zgartirish sharoitida eng asosiy masalalardan biri – ushbu sohani rivojlantirish, shuningdek, sohada aholining ish bilan bandlik darajasining kengayib borishi hisoblanadi.
Hukumat tomonidan iqtisodiyotni modernizatsiya qilish sharoitida hududlarda xizmat ko’rsatish va servisni, kichik biznes va xususiy tadbikorlik sohalarini rivojlantirish siyosati amalga oshirilayotgan bugungi kunda respublikamizda mazkur sohalarni shakllanishi va rivojlanishi muammolarini aniqlash hamda ularni bartaraf etish, ushbu yo’nalishda servis xizmatlarini kengaytirish, hududlarda xizmat ko’rsatish va servis sohasini rivojlantirishning masalalarini muhim muammolardan biri hisobladi.
Hozirda muayyan mamlakatni rivojlangan mamlakatlar qatoriga qo’shish uchun xizmat ko’rsatish va servis sohasining mamlakatda yaratilayotgan YaIM dagi ulushi 65 foizdan yuqori bo’lishi asosiy mezon bo’lib qolmoqda. AQSh iqtisodiyotida yaratilgan YaIM tarkibida xizmat ko’rsatish sohasi ulushi 78, Yaponiyada 62 foizni tashkil etadi1. Shu sababli ham ushbu sohani jadal rivojlantirishga alohida e’tibor berilib, muhtaram Prezidentimiz I.A.Karimov ta’kidlaganlaridek:“…bizning yaqin istiqboldagi eng muhim vazifamiz boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirish -…xizmat ko’rsatish sektorini, infratuzilma ob’ektlarini rivojlantirishga, transport va kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirilishiga alohida e’tibor berishdir”2.
O’zbekiston Respublikasining 1-Prezidenti I.A.Karimov: “Tarkibiy yangilanishdagi alohida e’tiborni talab etadigan muhim masala, bu – xizmatlar sohasining jadal rivojlanishini ta’minlashdan iborat. Xizmat ko’rsatish va servis sohalarini rivojlantirish bo’yicha 2012-2016 yillarga mo’ljallangan dastur loyihasini tasdiqlash uchun kiritish, bunda mamlakatimiz YaIM tarkibida bu sohaning ulushi 54-56 foizga yetkazilishini nazarda tutish darkor3”-deb ta’kidlagandilar.
Mamlakatimizning mustaqillik yillarida rivojlanishning “O’zbek modeli” tamoyillariga asosan bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o’tish jarayonida, xalq xo’jaligining barcha sohalariga ishlab chiqarish bilan birga xizmatlar sohalariga singib borishi va amaliyotda keng miqyosda qo’llanilishi natijasida xizmat ko’rsatish va servis tushunchalarini ham haqiqiy ma’no-mazmuniga ega bo’lishini taqozo etdi. Shu sababli, tadqiqot jarayonida “Xizmat”, “Xizmat ko’rsatish” va “Servis” tushunchalarining o’zaro bog’liqligi va ularning mazmun mohiyatlariga o’zimizning qarashlarimizni bildirmoqchimiz.
Lug’atlarda “xizmat” va “servis” tushunchalarining lug’aviy ma’nolarini ochib berishga harakat qilingan. Jumladan, S.I.Ojegov tuzgan “Slovar russkogo yazыka” kitobida “Xizmat tushunchasiga “naf keltiruvchi harakat” va “kimgadir maishiy sharoit taqdim etish”, degan ma’noda izoh berilgan”4.
Boshqa lug’atlarda esa, “Xizmat” tushunchasiga insonlarga yordam ko’rsatish va yaxshilik qilish nuqtai nazaridan ham ta’riflar berilganligini kuzatishimiz mumkin. “O’zbek tilining izohli lug’ati” da “Xizmat-ish, lavozim, xizmat ko’rsatish, yordam” deb ko’rsatilgan. Bundan tashqari “xizmat” iborasi birovning ishini bajarish, yaxshilik qilish; yaxshilik mazmunida ham keltirilgan5.
V.I.Dalning “Tolkovыy slovar velikorusskogo yazыka” nomli lug’atida xizmat tushunchasi “Xizmat ko’rsatish, yordam, imtiyoz, ko’mak, ko’nglini topmoq, istagini bajo keltirmoq”6 ma’nolarida talqin qilingan.
Iqtisodchi olimlar tomonidan chop etilgan ko’plab iqtisodiy adabiyotlarda esa “xizmat” va “servis” tushunchalarining iqtisodiy mohiyatini ochib berishga harakat qilingan.
AQShlik iqtisodchi professorlar Kempell R.Makkonnell va Stenli L.Bryular “xizmat − bu sezib bo’lmaydigan (ko’zga ko’rinmaydigan) va uning o’rniga qiymatga ega bo’lgan qandaydir narsani iste’molchi, firma yoki hukumat tomonidan taqdim etilishidir”7, deb ta’rif berishgan.
F.Kotler “Xizmatlar-bir tomon ikkinchi tomonga taklif etishi mumkin bo’lgan har qanday faoliyat yoki ne’mat, biron narsaga egalik qilish imkonini bermaydigan foydali harakat”8, deb ta’kidlagan.
Mamlakatimiz iqtisodchi olimlaridan I.S.Ochilov “Xizmat deyilganda insonning, xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning, davlatning va jamiyatning ma’lum bir ehtiyojini qondirishga yo’naltirilgan kishilarning naf keltiradigan xizmat jarayoni bilan bog’liq ongli faoliyati tushuniladi”9 deb ta’kidlasa, J.M.Qurbonov “Xizmat inson(lar)ning inson(lar)ga yaxshilik, ezgulik, manfaat keltirishi yo’lidagi harakatidir” degan fikrni bildirgan.
Iqtisodiyotning doimiy va bosh masalasi bo’lgan insonlar ehtiyojining cheksizligi va resurslarning chegaralanganligi sharoitida, insonlarning turli xildagi ehtiyojlarni qondirishda iqtisodiyotda faoliyat ko’rsatayotgan har qanday bozor sub’ekti avvalom bor o’zining xizmati orqali insonning ehtiyojlarni qondiradi va ularga bu faoliyati orqali yordam ko’rsatadi, aytish mumkinki yaxshilik qiladi. Ushbu nuqtai nazardan, bizning fikrimizcha, “xizmat” bir tomondan iste’molchiga, ikkinchi tomondan bozor sub’ektlari (ishlab chiqaruvchi, savdo turli xizmatlarni ko’rsatuvchi korxonalar) ga foyda keltiradigan, insonlarning ma’lum ehtiyojlarini qondirish orqali ularga yordam (yaxshilik) beradigan bozor sub’ektlarining foyda olishga qaratilgan iqtisodiy faoliyatidir desak xato qilmagan bo’lamiz.
Umuman olganda, “xizmat” tushunchasiga juda ko’plab ta’riflar berilgan. Lekin hamon “xizmat” atamasining ta’rifi, mohiyati va tushunchasi bo’yicha olimlar o’rtasida anchagina munozarali fikrlar hozirgi kungacha mavjud va ular o’z yechimini topgani yo’q.
Shu o’rinda servis so’zi mazmunining izohiga to’xtalsak. “Servis inglizcha servise so’zidan olingan bo’lib, aholiga maishiy xizmat ko’rsatish” degan ma’noni anglatadi10. Ruscha - o’zbekcha lug’atda “servis – servis (aholiga xizmat ko’rsatish, xizmat)11”, deb ko’rsatilgan. O’zbekiston Milliy Entsiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyotida “servis – (ingl. servise – xizmat) jismoniy va yuridik shaxslarga, umuman keng aholiga xizmat ko’rsatish”12, deb ta’rif berilgan. O’zbek tilining izohli lug’atida esa, “ingl. Servise – xizmat” kundalik turmushning xilma–xil sohalarida – magazin, mehmonxona, sartaroshxona, yonilg’i quyish shahobchalari va shu kabilarda aholiga sifatli xizmat ko’rsatish va shunday xizmatning o’zi”13, deb ta’rif berilgan. Biz ushbu tushunchaga ayrim olimlarning fikrlarini keltirib o’tmoqchimiz.
Mamlakatimiz olimlaridan professor J.M.Qurbonov servis tushunchasiga “Servis deganda, yuqori malakada, zamonaviy vositalar yordamida kompleks xizmat ko’rsatish tushuniladi”14, deb ta’rif keltirgan bo’lsa, professor B.Abdukarimov “Servis” xizmatlarning murakkab mehnat jarayonidan iborat bo’lgan, yuqori malakali ishchilarni talab qiladigan ayrim turlarini mujassamlashtirgan xizmatni ilg’or turidir. Umuman olganda “Servis” so’zi ingliz tilidagi “Servitse” so’zidan olingan bo’lib, “Servis sohasi” deganda aholiga maishiy xizmat ko’rsatish nuqtai nazardan qarash ilmiy – nazariy va amaliy jihatdan to’g’riroq bo’ladi deb hisoblaymiz15, deb ta’kidlaydi.
M.Q.Pardaev va I.S.Ochilovlar “Servis deganda insonlarning ma’lum bir ehtiyojini qondirishga yo’naltirilgan kishilarning naf keltiradigan ma’lum sertifikat va andozalarga ega, sifat jihatidan yuqori bo’lgan xizmat jarayoni bilan bog’liq ongli faoliyati tushuniladi”16, deb ta’rif berganlar. Ushbu ta’rifda servis tushunchasiga xizmatning ma’lum sertifikat va andozalarga ega bo’lgan, sifat jihatidan yuqori bo’lgan turi va xizmat faoliyati sifatida qaralgan. Bundan ko’rinib turibdiki, iqtisodchi olimlar M.Q.Pardaev va I.S.Ochilovlarning yuqorida “xizmat” tushunchasiga bergan ta’rifi bo’yicha, xizmat insonlar bilan birga korxonalarga, jamiyatga, davlatga ko’rsatilsa, “servis” asosan aholiga, odamlarga ko’rsatiladigan sifatli xizmat hisoblanar ekan. Biz bu fikrga qo’shilamiz.
Qayd etilgan manbalarda keltirilgan fikrlardan xulosa qilish mumkinki − “xizmat” va “servis” mazmunan o’xshash kategoriyalar bo’lib, o’z istemolchilariga naf keltiradigan faoliyat (harakat) turidir. Bizning fikrimizcha, “servis” tushunchasi “xizmat” tushunchasini o’z ichiga qamrab oladi. Ikkinchisi birinchisini to’ldiradi va u qo’shimcha xizmat ko’rinishida bo’ladi.
“Xizmat” va “Servis” tushunchasi singari “Xizmat ko’rsatish” tushunchasi bo’yicha ham bahsli fikrlar mavjud bo’lib, bizlar bu tushunchalar bo’yicha ham ayrim olimlarning fikrlarini keltirib o’tmoqchimiz.
Mamlakatimiz iqtisodchi olimlaridan M.M.Muhammedov xizmat ko’rsatish sohasini inson nuqtai nazaridan qarab, aholining sog’lig’iga, kayfiyatiga, mehnatga munosabatiga, ishchi xodimlarning mehnat unumdorligiga, o’z hayotidan rozilik darajasi va xursandliligiga, umuman ishlab chiqarish kuchlarining hayoti va taraqqiyotiga bevosita va sezilarli darajada ta’sir ko’rsatadigan soha”17 deb ta’rif bersa, J.M.Qurbonov xizmat ko’rsatish – bu insonlarning yaxshilik, ezgulik, manfaat keltirish yo’lidagi harakati bilan faoliyat olib borishi tushuniladi”18 deb ta’rif keltirgan.
Q.J.Mirzaev xizmat ko’rsatish sohasini korxonalarning daromad olish nuqtai nazaridan qarab, “xizmat ko’rsatish - insonlarning ishlab chiqarish va noishlab chiqarish sub’ektlarida yuzaga keladigan, o’z iste’mol ehtiyojlarini qondirishga yo’naltirilgan va daromad olishga qaratilgan harakatlar majmuini ifodalovchi faoliyat”19 deb aytib o’tgan.
Yuqorida keltirilgan fikrlarga qo’shilgan holda aytish mumkinki, xizmat (jumladan, servis) iqtisodiy faoliyatning muhim bir shakli. U moddiy va nomoddiy ko’rinishga ega bo’lib, aholi va yuridik shaxslar ehtiyojlarini (talab chegarasida) qondirishga qaratilgan faoliyatdir. Bunda, tabiiyki, iqtisodiy munosabatlar amal qiladi.
Xizmat iqtisodiy kategoriya sifatida insonlar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning moddiy hamda nomoddiy tusdagi xizmatlarga bo’lgan ehtiyojlari (talabi)ni qondirishda yuzaga keladigan iqtisodiy munosabatlarni o’zida aks ettiradi.
Xulosa qilib aytganda, xizmat, servis va xizmat ko’rsatish bir-birini to’ldirib boruvchi jarayondir. Ularning alohida jarayon ekanligini e’tirof etgan holda, aslida bitta maqsadga qaratilgan jarayon deyish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |