Mavzu №25.”Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol…”
Reja:
1. “Ayollarni qancha ulug’lasak, Vatanimizni e`zozlagan bo’lamiz.”
2. Ayol so’zining muqaddasligi
3. Ona kulsa, olam kuladi
Tayanch so’z va atamalar: Hurmat, e’tibor,aql-zakovat,dono, muqaddas, qutlug’
Yurtboshimiz Islom Karimov ayollarimizga bo’lgan hurmat va e`tibor haqida shunday deganlar: “Ayollarni qancha ulug’lasak, hayotimizning chirog’i, umrimizning guli deb e`zozlasak, demakki, oilamizni, Vatanimizni e`zozlagan bo’lamiz.
Ayol! U haqda jahon fozillari, sevimli shoirlarimiz, aql-zakovat egalari, aytib ketgan eng dono haroratli fikrlarda, hammaga yod bo’lib ketgan she`riy durdonalarda Ayol so’zining muqaddasligi, ularning qutlug’ fazilatlari, ularning faoliyati, burch va vazifalari, ona va sevimli yor, qondosh singil va erka qiz sifatidagi insonga dildoshligi ulug’lanadi.
Yaratganga shukurki, yurtimiz tinch, el farovon. Bunda siz azizlarning ham hissangiz bor. Chunki siz hayotning turli jabhalarida tinim bilmaysiz. Yonimizdasiz, qalbimizdasiz.
Ayol borki, bayramlar bor! Sharaf-shonimiz bor! Ayol borki, subhidamda gullar chiroy ochadi!
Ayol -To’maris, o’z yurtini yovdan himoya qilgan.
Ayol – Bibixonim, sohibqiron izzat aylagan.
Ayol Nodirai Davron, Amiriy qalbidan joy olgan, ezilganlar qalbiga malham bo’lgan...
Ayol Uvaysiz, zamona kulfatiga bardosh bergan, farzand dog’ida kuygan, el dardini o’z dardi deb bilgan.
Ayol mushfiq, maftunkor, qahramonlar ramzi, kitoblarga jo bo’lgan.
Ayol Kumushbibi, muhabbatiga, hayo-ibosiga sodiq qolguvchi!
Ayol Ra`no, yorini jasoratga, shijoatga chorlaguvchi.
Ayol Xonzoda begim! Hayo va iffatda yagona, mard va irodali… o’z jigarbandi uchun hayotini qurbon qilgan, Boburdek shoh va shoirning kelajagini ko’ra bilgan…
Ayol , sha’ni uchun aytilajak bunday ta`rifu tavsiflar bisyor.
Bugungisuhbatimiz yer yuzidagi eng ulug’ zot bo’lgan onalar haqida ekan, biz ularni qancha ta`riflamaylik, qanchalik go’zal so’zlar bilan madh etmaylik, baribir oz. Ular shunchalar ulug’ zotdirlarki, yurgan yo’llaridan gullar unadi, nazarlari tushgan joy yashnab ketadi.
Ona kulsa, olam kuladi, u yig’lasa, olam yig’laydi. Ona - bu hayot degani… Faqat ona tufayligina hayot davom etadi, faqat u tufayligina oila chirog’i o’chmaydi. Ona bilan dunyo go’zaldir.
Muqaddas manba hisoblanmish hadislarimizda ham Onani rozi qilish haqida shunday deyilgan:
Musoviya ibn Hayyida (Roziyollohu anhu) aytdilarki, Rasulullohdan: “Ey Rasululloh men yaxshiligimni kimga qilsam bo’ladi?” – deb so’radim. “Onangga”, - dedilar. Men shu savolimni uch martaba qaytarsam ham, Rasululloh: “Onangga”, - deyaverdilar. To’rtinchi martaba so’raganimda: “Otangga va yaqin bo’lgan qarindoshlaringga”, - dedilar.
Ona o’z duosi bilan farzand hojatini chiqaruvchi, og’rib qolsa mehr ko’rsatuvchi, kerak bo’lsa jonini ham bera oluvchi zotdir. Onani daryo desak, farzand undan bir jilg’adir. Onadan ulug’ zot bormi bu dunyoda. Uning bahosini berib bo’larmikan?! Onani ranjitgan, kibrga berilib uni qadrlamagan kishi nodondir.
Hayot nima uchun munavvar? Nechun totli? Ishoning, onajon siz borligingiz uchun! Siz tufayli olam charog’on, go’zallikka limmo-lim! Siz onasiz, munis ayolsiz, mehribon singil! Vafodor yor, chiroyga boy mahbubasiz! Yuraklarga quvonch, shodlik ulashasiz. Shuning uchun sizni yaxshi ko’ramiz, ardoqlaymiz, ko’klarga ko’taramiz...
Do'stlaringiz bilan baham: |