Mavzu №22. “Hunarni asrabon netgumdir oxir...”
Reja:
Mahmud Koshg’ariyning ilm, hunar haqidagi fikrlari
Sa’diy Sheroziyning ilm, hunar haqidagi fikrlari
Buyuk ajdodlarimizning hunar. ilm haqidagi fikrlari
Tayanch so’z va atamalar: Ajdodlarimiz, unumli, hunar, insoniy fazilat
Buyuk ajdodlarimizdan Mahmud Koshg‘ariy o‘zining “Devonu lug‘atit turk” (“Turkiy so‘zlar devoni”) asarida “Ilmli, aqlli odamlarga yaxshilik qilib, so‘zlarini tingla. Ilmlarini, hunarlarini o‘rganib, amalga oshir” deb yozadi. Olim ushbu kitobida kishilarni mehnat qilishga, yaxshilikka undaydi, ilm va hunar sohiblarini e’zozlaydi. Odamlarni ulardan ibrat olishga chorlaydi. Ajdodimiz ushbu so‘zlari bilan ilm o‘rganishni unumli mehnat qilish bilan bir qatorga qo‘yadi. Kishi mehnat qilsagina, hunar o‘rgansagina ilmli, aqlli hisoblanishini, boshqalarga yaxshilik qilish qo‘lidan kelishini ta’kidlaydi.
Mahmud Koshg‘ariy XI asrda yashab o‘tgan. Demak, asarning yozilganiga ming yil to‘lgan. Bundan shunday xulosaga kelish mumkinki, insoniyat yaralibdiki hunar o‘rganish, mehnat qilish e’zozlanib kelingan. Bir so‘z bilan aytganda, kasb-hunar tiriklik manbayi hisoblangan.
Bunday hikmatli fikrlarni boshqa allomalarimizning asarlarida ham ko‘plab uchratish mumkin. Masalan, buyuk mutafakkir, she’riyat mulkining sultoni Alisher Navoiy “Farhod va Shirin” dostonida Farhod siymosida insonlarni yoshlik chog‘idan ilm-hunarga qiziqishga, iloji bo‘lsa, bir necha hunarlarni egallashga undaydi. Xususan, Navoiy Farhodni mehnat va hunarga ishtiyoqi baland, sangtaroshlik, rassomlik va naqqoshlik kasblarini mukammal egallagan inson sifatida ulug‘laydi. Bobomiz Farhodni suvsiz yerlarga ob-hayot olib kelgan qahramon, mehnatda mo‘jizalar yaratuvchi bahodir sifatida tasvirlaydi.
Darhaqiqat, asarda yozilganidek, Farhod bunyodkorlik ishlariga qodir bo‘ladi. Masalan, u Shirinni qidirib Armanistonga borganda, ariq qazish uchun qiynalib ishlayotgan odamlarni ko‘radi va “Hunarni asrabon netgumdir oxir, olib tuproqqami ketgumdir oxir”, deb bor bilimi, hunar va g‘ayratini ishga soladi, kanal qazuvchilarning mashaqqatini yengillashtiradi hamda xalq o‘rtasida katta shuhrat qozonadi.
Kasb-hunar egallash har bir yigit-qizning yoshlik davrida birinchi navbatdagi vazifasi hisoblanadi. Hunarli odam hech qachon kam bo‘lmagan. Bu to‘g‘risida hayotda misollar ko‘p. Xalqimizda “Bir yigitga qirq hunar oz” degan maqol bejiz aytilmagan.
XI –XII asrning buyuk allomalaridan Sa’diy Sheroziy “Guliston” asarida hunar to‘g‘risida quyidagi hikoyatni keltiradi: “Bir donishmand farzandlariga shunday pand-nasihat qilardi: “Aziz o‘g‘lonlarim, hunar o‘rganinglar, zeroki moli dunyoga ishonch yo‘q va oltin-kumush xatarlidir. Qaroqchi o‘g‘irlab ketishi mumkin yoki egasi yeb-ichib sarflaydi. Ammo hunar - qaynar buloq, tuganmas davlatdir, agar hunarmand molidan mahrum bo‘lsa, afsuslanmaydi, sababi hunarning o‘zi davlatdir. Kasb-korli odam qayerga borsa qadrlanadi, uyning to‘ridan joy oladi. Hunarsiz odam esa doimo mashaqqat chekadi”.
XVII- XVIII asrda yashab o‘tgan allomalardan Ahmad Donish mehnat qilish, hunar o‘rganish haqida shunday yozadi: ”Hech kimning rizqi osmondan tushmaydi, uni mehnat qilmay topa olmaydi, harakat qilmasa, hech kim maqsadiga yeta olmaydi”.
Bobomiz Abu Rayhon Beruniy “Mineralogiya” asarida “Mehnatsiz shon-shuhratga, martabaga erishgan kishi hurmatga loyiqmi?” degan savol qo‘yadi va unga o‘zi quyidagicha javob beradi: “Yuqori martabaga mehnatsiz erishgan odam farog‘at va rohat soyasida yashaydi, yaxshi kiyinadi, ammo ulug‘lik libosidan mahrum bo‘ladi”.
Buyuk mutafakkir ushbu so‘zlari bilan haqiqiy ulug‘lik, haqiqiy rohat, haqiqiy farog‘atda yashash uchun kishi halol mehnat qilmog‘i lozim deydi. “Agar odam mehnatsiz yuqori martabalarga chiqib qolgan taqdirda ham (hayotda shunaqasi ham uchrashi mumkin) mehnat qilmasa, bu holda u yuzaki obro‘ga ega bo‘ladi” deb yozadi.
Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” (“Saodatga eltuvchi yo‘l”) asarida ham axloq-odob, ilm-ma’rifat, farzand tarbiyasi, baxt-saodat, adolat, davlat, qanoat, tilning fazilatlari, el-yurt manfaati, mehmondorchilik va so‘zlashish odobi hamda hunar o‘rganish xususida fikr yuritiladi. Olimning ta’kidlashicha, har bir kishi ijtimoiy hayotning faol ishtirokchisi sifatida hunar o‘rganmog‘i, o‘z kasbi bilan xalqiga, Vataniga xizmat qilmog‘i zarur. Aslida ham hunar o‘rganishga va mehnat qilishga bo‘lgan intilish har bir inson uchun hayotiy ehtiyoj bo‘lmog‘i lozim.
Demak, azaldan odamzod hunarni, kasbni ardoqlab kelgan. Aziz abituriyent, biz sizga yuqorida ajdodlarimiz va buyuk allomalarning asarlaridagi hunar o‘ganish, Vatanga xizmat qilish haqidagi ibratli fikrlarni hikoya qilishga harakat qildik. O‘ylaymizki, siz ulardan o‘zingizga zarur bo‘lgan xulosa chiqarasiz va hayotda ko‘pchilikka foydasi tegadigan kasb-korni egallaysiz deb ishonamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |