3-MAVZU: XIZMAT DOIRASIDAGI KOMMUNIKATSIYA SHAKLLARI
Reja:
1. Xizmatchilik sharoitida muomala madaniyati.
2. Xizmatdagi muomala jarayoni va tejamkorlik.
3. Muomala madaniyatining inson dunyoqarashi mahsuli
ekanligi.
4. Telefon orqali so‘zlashish madaniyati.
Tayanch so‘z va iboralar: mehnat, xizmat, muomala, madaniyat, rasmiylik, norasmiylik, asab, vaqt, ong, dunyoqarash, muomalaning umumiy qoidalari, hur-mat, samimiyat, ehtiyotkorlik, telefon, kommunikatsiyaning faol turi, shahar, qishloq, uyali aloqa, ikki kishi, muloqotning alohida turi, tartib-qoida, xizmat telefoni, qisqalik, uy telefoni.
Odamlar hayotining ma'lum bir qismi uning mehnat faoliyati bilan bog‘liq bo‘lib, ular bu faoliyat jarayonida xizmatchilik yuzasidan ko‘plab kishilar bilan rasmiy-norasmiy muloqotda bo‘ladilar. Binobarin, bu jarayonda muomala madaniyatining ahamiyati g‘oyatda katta bo‘ladi. Muomala madaniyatining yaxshi egallanishi kishilarning bir-birlarini hurmat qilishi va e'zozlashlariga, asablarini asrash va vaqtlarini tejashlariga olib keladi.
Muomala madaniyati inson faoliyatidagi eng murakkab jarayon bo‘lib, av-valgi mavzularni yoritishda ta'kidlab o‘tilganidek, u kishilarning ijtimoiy va siyo-siy, ma'naviy va ma'rifiy, iqtisodiy va huquqiy dunyoqarashi yig‘indisi hisoblanadi hamda inson tafakkuri va ruhiyatida yillar davomida shakllanadi. Uning shakllanishi qancha vaqt va bilim, qunt va intilish talab qilmasin, uni egallash umuminsoniy ma'naviyatning ajralmas qismi sifatida kundalik ehtiyojga aylanishi odamlar o‘rtasida odat tusiga kirgan oddiy jarayon bo‘lib qolishi lozim.
Muomala madaniyatining barchaga xos bo‘lgan umumiy qoidalari mavjud. Ularga rioya qilish nafaqat har bir kishining, balki u mansub bo‘lgan millatning, xalqning umumiy madaniyati darajasidan dalolat beradi. Suhbatdoshga hurmat va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish, uning yoshi, jinsi, jamiyatda egallab turgan mavqei va obro‘sini e'tiborga olish ana shu madaniyatning ibtidosi hisoblanadi. Bu vazifani amalga oshirish uchun esa so‘zlovchi o‘zini ham hurmat qilishi va qadr-qimmatini bilishi lozim. Chunki o‘zini hurmat qilishni bilmagan kishining boshqalarni hurmat qilishiga ishonish qiyin.
Muomala jarayonida samimiyat, ochiq yuzlilik, shirinso‘zlilik bilan bir qa-torda, ehtiyotkorlik ham zarur. O‘ylamasdan yoki shoshilib aytilgan bir so‘z suh-batdoshning ruhiyatiga salbiy ta'sir qilishi mumkin. Shuning uchun, hatto jahl chiqib turgan paytda ham muloyim bo‘lishga harakat qilish, mansabdor shaxs, rahbar va boshliqning oldiga biron masalani hal qilish maqsadida borganda uning kayfiyatiga qarab ish tutish masalaning ijobiy hal bo‘lishiga ko‘maklashadi.
Insoniy muomalaning tarkibiy qismi bo‘lgan nutqiy muloqotning turlari ko‘p bo‘lib, ular turli vaziyatlarda, har xil mavqe va yoshdagi odamlar o‘rtasida amalga oshiriladi. Bu haqda oldingi mavzularda mulohaza yuritilgan. Quyida gap ana shu jarayonning zarur bir turi — telefon orqali gaplashish madaniyati haqida boradi.
Darhaqiqat, telefon orqali muloqotda bo‘lish muomala jarayonining eng faol turi hisoblanadi. Bugungi kunda kommunikatsiyaning bu turi imkoniyatlari g‘oyatda kengaydi. U O‘zbekiston sharoitida shaharni deyarli egallab, qishloqqa ham asta-sekinlik bilan kirib bormoqda. Uyali telefon aloqalarining vujudga kelishi esa xizmatning bu yo‘lining qamrovi g‘oyatda keng ekanligini ko‘rsatdi. Aloqaning bu turi tufayli hozirda dunyoning istalgan mamlakati yoki shahri bilan muloqotda bo‘lish imkoniyati yaratildi. Aytilganlar esa telefon orqali muloqotda bo‘lish madaniyatiga yanada e'tibor berish lozimligini keltirib chiqaradi. Tushunarliki, telefon orqali muloqot ikki kishi - qo‘ng‘iroq qiluvchi va uni qabul qiluvchi o‘rtasida bo‘ladi hamda muloqotda bo‘lish madaniyati ularning har ikkalasidan ham talab etiladi. Lekin asosiy mas'uliyat qo‘ng‘iroq qiluvchining zimmasida bo‘ladi. Chunki jarayonning tashabbuskori ham, qo‘ng‘iroqdan manfaatdor kishi ham uning o‘zi hisoblanadi. Buning ustiga qo‘ng‘irog‘i bilan boshqa kishining vaqtini olayotgan, bemavridi bezovta qilayotgan, asosiy shug‘ullanayotgan vazifasidan chalg‘itayotgan bo‘lishi mumkin.
Shuning uchun ham, qo‘ng‘iroq qiluvchining chaqirig‘iga javob bo‘lgach, odatda go‘shakni ko‘targan kishiga salom beriladi. Shundan so‘ng, qayerga tush-ganligi aniqlab olinadi va bezovta qilganlik uchun uzr so‘raladi: Assalomu alay-kum, men Azamat Pardayevman yoki Assalomu alaykum, men Samarqand davlat
universitetidan Azamat Pardayev bo‘laman. Bezovta qilayotganim uchun uzr. O‘zini tanishtirgach, nima maqsadda qo‘ng‘iroq qilayotgani bayon etiladi va asosiy muddaoga o‘tiladi.
Ba'zan telefon orqali bo‘layotgan shunday suhbatlarga ham sherik bo‘lishga
to‘g‘ri kelib qoladiki, qo‘ng‘iroq qilayotgan kishi salom-alikni ham unutib, birda-niga tahdid ohangida: ”Allo, kim bu?!”- deydi. U tomonda go‘shakni olgan kishi madaniyatli va sabr-toqatli kishi bo‘lib, qo‘ng‘iroq qilingan joy va o‘zining kimligini aytib qo‘ya qolsa yaxshi, unda suhbat silliqqina davom etishi, suhbatdan ko‘zlangan natijaga erishilishi mumkin bo‘ladi. Aksiga olib, u tomondan ham: “Kim kerak sizga?!”- deyilsa-chi? Hali boshlanib ulgurilmagan suhbatga sovuqlik tushib qolishi, natijada ko‘zlangan maqsadga erishilmasligi ham hech gap emas. Oddiygina bir e'tiborsizlik va ehtiyotsizlik tufayli o‘zi ko‘rmagan suhbatdoshini mensimagan noxush vaziyat yuzaga kelishi mumkin.
Kishi faqat o‘z uyiga qo‘ng‘iroq qilgandagina: “Kim bu?”- deb so‘rashi mumkin. Chunki tomonlarning bir-birlarini ovozidan tanishi yuqoridagi vaziyatni keltirib chiqarmaydi. Qo‘ng‘iroqqa javob berishning ham o‘z qoidalari mavjud.
Telefon go‘shagini ko‘targan kishining: “Da!”- deb javob berishi ham to‘g‘ri emas, albatta. Bu ruscha so‘z o‘rniga, hech bo‘lmaganda, ko‘pchilik tilda qo‘llaniladigan “Allo!” ni ishlatish lozim. Aslida “Labbay!” deyilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi:“Labbay! “Oriyon” konserni eshitadi” yoki “Labbay! o‘zbek tilshunosligi kafedrasi eshitadi” kabi. Agar telefon qilgan kishi o‘zini tanitsa, yaxshi. Bo‘lmasa, muloyimlik bilan “Kechirasiz, kim bilan gaplashayapman?” yoki “Kechirasiz, qayerdan qo‘ng‘iroq qilayapsiz?” yoxud “Kechirasiz, siz kim bilan gaplashmoqchi edingiz?” tarzida so‘ralgani ma'qul. Qo‘ng‘iroq qilayotgan kishi oilangizdagi yoki siz bilan birga ishlayotgan biron-bir kishini chaqirib berishni iltimos qilsa, odamgarchilik yuzasidan yo‘q deyilmaydi. Lekin u nima uchun kerakligini surishtirish nojoizdir. Uydagi va ishxonadagi telefondan foydalanish bir-biridan farq qiladi. Uydagi telefoningizdan istaganingizcha foydalanishingiz, shaxsiy gaplaringizni bemalol gaplashaverishingiz mumkin. Chunki telefondan foydalanganingiz uchun o‘zingiz pul to‘laysiz, vaqtingiz ham o‘z ixtiyoringizda.
Ishxonada ko‘pchilikka taalluqli bo‘lgan xizmat telefonidan foydalanish esa boshqacha. Birinchidan, uni ko‘p band qilish mumkin emas. Chunki kimdir sizning ishxonangizga qo‘ng‘iroq qilolmay qiynalayotgan bo‘lishi yoki sizdan keyin kimdir qo‘ng‘iroq qilishni kutib turgan bo‘lishi mumkin. Faqat o‘zingizga tegishli bo‘lgan shaxsiy gaplarni atrofdagilarga eshittirish ham shart emas.
Xullas, xizmat telefonidan mumkin qadar qisqa foydalanish lozim. Fikrni qisqa, ixcham bayon qilish, suhbatdoshning vaqtini olmaslikka intilish zamonaviy kishining fazilati sanaladi.
Qo‘ng‘iroq qilinayotgan paytda mabodo biron joyga adashib tushib qolingan-da, go‘shakni indamasdan joyiga qo‘yish odobdan emas. Albatta, bezovta qilganlik uchun uzr so‘raladi. Agar sizga ham kimdir adashib tushib qolsa, bu hodisa har kim bilan sodir bo‘lishi mumkinligini hisobga olib, kechirimini qabul qiling va qo‘pol javob qaytarmang. Shunday qilib, telefon orqali gaplashish umummadaniyat qoidalariga amal qilishning tarkibiy qismi hisoblanadi va bu jarayonda odob qoidalariga rioya qilish har bir madaniyatli kishining vazifasidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |