1. Investitsiyaning mohiyati va ahamiyati.
Investitsiya muassasalari - bu qimmatli qog‘ozlar bilan o‘z faoliyatini asosiy faoliyat sifatida amalga oshiruvchi qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchilaridir.
Investitsiya muassasasi bo‘lgan yuridik shaxsning ustavida uning asosiy faoliyat turi albatta ko‘rsatilishi kerak (bu investitsiya muassasalarini oddiy xo‘jalik yurituvchi subyektlaridan ajratib turuvchi birinchi xususiyat). Boshqa mamlakatlarda investitsiya muassasalari qimmatli qog‘ozlar bozorida o‘z faoliyatini maxsus faoliyat sifatida amalga oshiruvchi tashkilot, deb ta’riflanadi.
Investitsiya muassasalari uchun maxsus yoki asosiy faoliyat turi haqidagi talab tartibga soluvchi organlarning yuqori ixtisoslashuvni ta’minlashga va shu orqali qimmatli qog‘ozlar bilan doimiy ravishda faoliyat olib boruvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar kasbiy maxoratining yuqori darajasiga erishishga intilishi bilan shartlangan. Bundan asosiy maqsad pirovardida sarmoyadorlar manfaatlarini eng yuqori darajada himoyalashga erishishdan iborat. Biroq mamlakatimiz fond bozori endigina shakllanish bosqichida bo‘lib, qimmatli qog‘ozlarning likvidligi yuqori bo‘lmagan hozirgi vaqtda investitsiya muassasasi maqomini olishga da’vogarlik qiluvchi tashkilotlar uchun bunday sharoitda o‘z faoliyatini amalga oshirish juda qiyin bo‘ladi. Shuning uchun fond bozorida ishlashga ixtisoslashgan tashkilotlar shakllanish bosqichida o‘zlarini ular faoliyatining taqiqlanmagan boshqa aniq investitsiya muassasasining faoliyati bilan qo‘shib olib borilishidan olingan daromadlar hisobidan qo‘llab-quvvatlashi hech qanday xavfli emas. Shu bilan birga, qonun hujjatlarida qimmatli qog‘ozlar bozoridagi ayrim faoliyat turlarining birgalikda olib borilishi taqiqlanadi. Chunonchi, investitsiya maslahatchilari, investitsiya fondlari va boshqaruvchi kompaniyalar o‘zlariga tegishli faoliyat turini qimmatli qog‘ozlar bozoridagi professional faoliyatning boshqa turlari bilan birgalikda olib borish huquqiga ega emas. Reestr saqlovchilar o‘zlarining qimmatli qog‘ozlar egalari reestrini yuritish bo‘yicha faoliyatini fond bozoridagi depozitar faoliyatdan tashqari professional faoliyatning boshqa turlari bilan birgalikda olib borishi man etiladi. Ushbu cheklovlar sarmoyadorlar huquqlarini himoyalash, ularning qimmatli qog‘ozlarga investitsiya qilishdagi xatarlarini kamaytirish uchun shuningdek, investitsiya muassasasi hamda mijozlar manfaatining qo‘shilib ketishi va shu munosabat bilan nizoli vaziyatlarning sodir bo‘lishi hollariga yo‘l qo‘ymaslik uchun zarur. O‘zbekiston qimmatli qog‘ozlar bozoridagi har xil faoliyat turlarining birlashtirish bir shaxsning o‘ziga investitsiya muassasasining har xil turdagi sifatida faoliyat yuritish uchun bir necha litsenziyalarni berish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Investitsiya muassasalari sifatida yuridik va jismoniy shaxslar qatnashishi mumkin. Yuridik shaxs hisoblangan investitsiyaning faoliyati litsenziyalanishi lozim. Litsenziyalar 5 yil muddatga beriladi. Investitsiya muassasalarining litsenziyalanishi ular faoliyatining davlat tomonidan nazorat qilinishini anglatadi. Qimmatli qog‘ozlar bozoridagi har bir faoliyat turiga mazkur bozorni tartibga soluvchi organning muayyan litsenziyasi to‘g‘ri keladi. Jismoniy shaxslar qimmatli qog‘ozlar bozorida investitsiya maslahatchisi va investitsiya vositachisi sifatida faoliyat ko‘rsatishi mumkin. Ushbu faoliyatni amalga oshirish uchun jismoniy shaxslar mahalliy hokimiyat idoralarida tadbirkorlar sifatida ro‘yxatga olinishi hamda fond bozorini tartibga soluvchi organ tomonidan beriladigan malaka shahodatnomasiga va litsenziyaga ega bo‘lishi lozim. Malaka shahodatnomasi 3 yil muddatga beriladi.
Investitsiya muassasalarining ikkinchi o‘ziga xos xususiyati shundaki, ularni xodimlarining asosiy tarkibi, xususan:
- investitsiya muassasalarining rahbarlari;
- investitsiya muassasalarining qimmatli qog‘ozlar bilan investitsiya muassasasi nomidan bitimlar tuzishda bevosita ishtirok
etuvchi, shuningdek, mijozlar bilan ishlovchi mutaxassislari fond
bozorining ahvoli uchun mas’ul bo‘lgan organda majburiy ravishda
shahodatlashdan o‘tishlari kerak.
Investitsiya muassasasida ishlovchi va qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni bajarishga doir hujjatlarga imzo chekish huquqiga ega bo‘lgan shahodatlashdan o‘tgan mutaxassislar kamida ikkita xususiyatga ega bo‘lishi zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |