Mustaqil O’zbekistonda san’at va adabiyotning yosh avlod ma’naviy tarbiyasidagi ahamiyati.
Adabiyotga (arabcha so‘z bo‘lib, «adab» so‘zining ko‘pligidir) ilmiy manbalarda quyidagicha ta’riflar berilgan:
1. Fan va amaliyotning biror sohasidagi yutuqlarni umumlashtiruvchi asarlar majmui (masalan, texnikaviy adabiyot, qishloq xo‘jaligi adabiyoti, siyosiy adabiyot va boshq.).
2. San’atning bir turi (badiiy adabiyot deb ham ataladi), unda voqelikni so‘z yordamida obrazlar orqali aks ettiradi. Istiqlol adabiyoti mavzu nuqtai nazaridan ham, badiiy tasvir tamoyillari jihatidan ham ilgarigi qoliplarga sig‘maydigan, tabiiy ravishda rivojlanayotgan yangi estetik hodisadir. U odamlarga yo‘l ko‘rsatishni zimmasiga olmaydi, o‘quvchiga aql o‘rgatmaydi, hayotiy muallimlikni da’vo qilmaydi, balki tasvirning nozikligi, ifodalarning favquloddaligi, obrazlarning kutilmaganligi bilan o‘quvchida munosabat uyg‘otadi. Bu adabiyotning jozibasi zohirda emas, botinda bo‘lib, matn zamiriga joylangan.
O‘zbek adabiyoti chinakamiga rang-barang adabiyotdir. Uning bag‘rida turli-tuman ijodiy tajribalar kechadi, ijodiy yo‘nalish va oqimlar kesishadi va shu orqali cheksiz olam bag‘rida kechayotgan insonning murakkab dunyosi kashf etiladi.
Adabiyot avval og‘zaki bo‘lgan, yozuv paydo bo‘lgandan so‘ng yozma shaklga o‘tgan. Adabiyot so‘z orqali insonning his-tuyg‘ularini keng va chuqur aks ettirish imkoniyatiga ega, shuning uchun ham u san’atning eng ommaviy turi hisoblanadi. Har bir adabiyot milliydir, shunga ko‘ra, u har bir xalq madaniyatining tarkibiy qismi hisoblanadi. Xalqning tarixiy hayotidagi va ruhiyatidagi xususiyatlar adabiyotning milliyligi mazmunini tashkil etadi va o‘ziga xos milliy shaklni yuzaga keltiradi. Milliy shaklning yuzaga kelishida adabiyot tomonidan uzoq davr mobaynida yig‘ilgan tajriba va an’ananing ham ahamiyati katta.
Hozirgi zamon o‘zbek adabiyotining tasvir obyekti umuman ijtimoiy voqelik bo‘lsa, bosh tasvir obyekti – insondir. Adabiyotda insonning ijtimoiy mohiyati umumlashtirilgan holda ifoda etiladi. Shuning uchun ham adabiyotning maqsadi muayyan ijtimoiy-siyosiy kuchning mohiyatini to‘la ifodalash va ayni vaqtda keskin individuallashgan badiiy obraz yaratmoqdir.
Navoiy asarlaridagi Farhod, Shirin, Majnun, Layli, Iskandar obrazlari; Shekspir asarlaridagi Otello va Hamlet; Abdulla Qodiriy asarlaridagi Otabek va Kumush tip darajasiga ko‘tarilgan obrazlardir.
Adabiyot voqelikni aks ettirar ekan, unga go‘zallik qoidalari nuqtai nazaridan yondashadi. Binobarin, asar predmetini tanlash ham g‘oyat muhim ijodiy nuqtadir. Chunonchi, asarning ta’sirli chiqishi, boshqa ko‘p mezonlar qatori, shunga asos qilib olingan fikrning emotsionalligi, ko‘tarinkiligiga ham bog‘liq bo‘ladi. Badiiy adabiyotni, uning mazmun-mohiyati, o‘ziga xos xususiyatlari, paydo bo‘lish va rivojlanish bosqichlari, ijtimoiy funksiyasi, ijodiy jarayon qonuniyatlarini o‘rganishda adabiyotning roli kattadir.
Adabiyotning ildizi maqol, qo‘shiq, doston singari xalq og‘zaki ijodi namunalarida bildirilgan ilk mulohazalarga borib bog‘lanadi. Miloddan avvalgi V asrda massagetlar qabilasining malikasi To‘maris ayol bo‘la turib, fors podshohi Kir IIni harbiy mahorat bilan mag‘lubiyatga uchratib, 200 mingga yaqin qo‘shinini qirib tashlaydi. Shu davrda Shiroq massaget qabilasida oddiy cho‘pon bo‘la turib, o‘z ona Vatani uchun jonini fido qiladi. Ushbu qahramonliklar xalq xotirasida rivoyat va afsonalar tarzida shakllandi. Tarixiy «Harbiy hiylalar»
asarida mazkur rivoyatlarning tarixiy haqiqat ekanligi qayd etilgan. Yuqorida keltirilganlar bilan bir qatorda, xalq og‘zaki ijodi namunalari bo‘lmish «Alpomish», «Go‘ro‘g‘li» dostonlari kabi qahramonlik, jasoratni tarannum etuvchi eposlar o‘quvchining, yosh avlodning badiiy tafakkurini o‘stirishga, ma’naviy dunyoqarashini boyishiga, Vatanga bo‘lgan muhabbati va faxrlanish hissini yanada oshirishga xizmat qiladi. Adabiyot ilmiga oid teran qarashlar Forobiyning «She’r san’ati...» kitobida mufassal bayon qilingan. Unda she’riy asarning yaratilish tabiati, ijodkor shaxsi va mahorat muammolari, so‘z qadri xususida fikr yuritiladi.
XI asrda yashagan adabiyotshunos olim Abdulqodir Jurjoniyning «Asror ul-balog‘a fi-ilmi bayon» («Bayon ilmida balog‘at sirlari») asarida so‘z san’atidagi shakl va mazmun masalasiga alohida urg‘u berilsa, XIII asrda yashagan qomusiy olim Qays Roziyning «Kitob ul-mo‘’jam fimaoyiri ash’or il-ajam» («Ajam she’riyati me’yorlari qomusi») kitobida nazariy masalalar — aruz tizimi, poetik san’atlar, she’riy janrlar tahlil etilgan. Kaykovusning «Qobusnoma»sidan (XI asr) esa, she’r jamiyatning turli qatlamlari estetik talablaridan kelib chiqib yaratilishi, badiiy asar, albatta, ta’sirchan bo‘lishi lozimligi haqidagi mulohazalar o‘rin olgan.
XIX asr oxiri — XX asr boshlarida o‘zbek adabiyoti taraqqiyotidagi, ijodkor mahoratidagi yangiliklarni kashf etish, kamchiliklarni baholi qudrat ko‘rsatish boshlandi. Hoji Muin, Mirmuhsin Shermuhamedov, Behbudiy, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdurauf Fitrat, Ashurali Zohiriy, Vadud Mahmudlarning maqolalarida so‘z san’ati oldida turgan muhim ijtimoiy vazifalarga urg‘u berildi, adabiyot rivojini millat, Vatan, istiqlol, mustaqil yurt uchun kurashuvchi yangi insonni tarbiyalash masalalari bilan bog‘lashga harakat qilindi.
Do'stlaringiz bilan baham: |