10-bob
OQ OTLI VA UNING QILICHI
Keng bir maydonda Jin va Kendindan tashqari hamma dod-faryod
solar, insonlar qiyomat qoyim boʻlgandek yugurishardi. Havoda oʻqlar
uchar, yosh tanalarni quvib yetib, ilma-teshik qilardi. Sovuq, muzdek
oʻqlar... Toʻpponchadan, miltiqdan chang-toʻzon ichida otilgan har bir
oʻq bir insonning hayotiga nuqta qoʻygan ayanchli qirgʻin edi bu.
Urush edi, qon edi, dod-faryod edi. Kim biladi bu qancha davom etadi:
kunlab, oylab, balki-da yillab davom etar?... Balki aslo tugamas u boʻron-
la musobaqalashgan oʻq yomgʻiri. Qanchalik koʻrinmas boʻlmasin,
Kendin ham inson edi. Holsiz Jinga suyanib qoldi. Jin ham sarosimaga
tushgandi. Maydonda shunday bir dahshat bor ediki, quyosh nurini,
osmondagi bulutlarni, yerdagi tuproqni toʻsib qoʻyardi. Bu kun ilk bora
chumolilar ham uyalaridan chiqishmagandi. Azroil oppoq otning ustiga
mingan holda, qilichining uchida ajal tarqatib yurardi goʻyo.
Jin Kendinning qoʻlidan ushlab, yuqoriga chiqardi. Oʻqlar, qilichlar
boʻlmagan joyga... Urushni kuzatdilar. Kendin daryo-daryo oqqan qonni
koʻrib, qizil rangga nisbatan ich-ichidan nafrat his qildi.
- Ketaylik bu yerdan!, - dedi Jinga.
- Sabrli boʻl, doʻstim, uzoq qolmaymiz. Koʻp oʻtmay ketamiz; ammo
ketayotib qoʻlimiz boʻsh boʻlmasligi kerak. Kuzat bu odamlarni, inson
istasa nimalar qilolmaydi, qara!
Kendin jimgina qarab turdi. Qoʻllar, oyoqlar, ruhlar, hayotlar, insonga
doir nima boʻlsa, hammasi havoda uchardi. Ozgina ortga chekinib, bu
manzaraga takror qarasang, bu safar qoʻl yoki oyoq emas, balki buyuk bir
rassomning ishonch mavzusida faqatgina qizil rangdan foydalanib
chizgan ulkan suratini koʻrarding. U ikkovlon esa goʻyo surat boshida
turib, fikr bildirayotgan intellektual insonlarga oʻxshardilar. Jin soʻrab
qoldi:
- Ayt-chi, sen bundan-da yomonroq vaziyatni xayolingga keltira
olasanmi?
- Yoʻq, - dedi Kendin oʻylab oʻtirmay.
- Men ham, - dedi Jin va davom etdi:
- Insonlar kunlab yemay, ichmay, bir zum tin olmay urushadilar. Nafas
olishning oʻzi ham tavakkal bu yerda.
Ular suratga boqib gaplashib turganlarida baʼzi askarlar vaqti-vaqti bilan
ortga chekinib, yarim soat, koʻpi bilan bir soat uxlab olar, soʻngra
uygʻonib yana jang qilishda davom etardi. Fursat topishsa, boshqalari
bilan oʻrin almashishardi. Atrofda uxlash uchun na yotoq, na boshqa
narsa bor edi. Munosib bir chuqur topsalar, miltiqlarini quchoqlab,
tepkisini barmoqlariga bogʻlagan holda uyquga ketishardi.
Kendin yotogʻi qonli havza, koʻrpasi oʻq yomgʻiri boʻlgan bu
jangchilarning uxlashini tomosha qildi. Uxlab yotardilar. Qattiq
charchoqdan soʻng uxlaganlariga qaramay hurrak otganlar yoʻq edi.
Kendin Jinga qarab:
- Urushga chaqirilgan askarlarni hurrak otmaydiganlardan tanlaydilarmi?,
- deb soʻrab qoldi.
Jin koʻrinib turgan manzaraga hech yarashmagan bir vaziyatda qahqaha
otib kuldi. Soʻngra birdan toʻxtadi.
- Yoʻq, albatta. Urushda qoʻllaniladigan oʻqlar quloqlari eng yaxshi
eshitadiganlardan tanlanadi...
Davom etarkan, Jin maʼyus jilmayib qoʻydi:
- Bu insonlarning har biri boshqa hududdan, turli oʻlkalardan kelishgan
bu yerga. Hech kim oʻrganib ketish uchun muddatga ehtiyoj sezmaydi.
Kelish vaqtlari bilan yeyishdan, ichishdan, uxlashdan uzilgan onlari bir
boʻladi.
Soʻngra tun qorongʻusida yerga qarab ochiladigan qandaydir eshikdan
ichkariga tushdilar. Ichkarida 4 odam bor boʻlib, siniq bir stol atrofida
gaplashishar, koʻzlarida oʻt yonib turardi. Ovoz chiqarmay, pichirlab
maxfiy soʻzlashardilar. "Chanoqqalʼani berib qoʻymaymiz!" dedi
oralaridan biri. Uning gapi tugamay ayni shu jumla bir oʻq ila miltiq
uchidan dushman tomon uchdi.
Jin shunday dedi:
- Oʻlim yoqasida turarkan, inson uxlash u yoqda tursin, hatto nafas ham
ololmaydi. Baʼzida urushlar yillab davom etadi, muddatning ahamiyati
yoʻq. Bu insonlar 1000 yil nafas olmay yashashga ham tayyor. Koʻp
holatlarda uyidagi rohat-u, issiq yotogʻiga ham ragʻbat qilmagan bu
insonlarning ayni damda aqliga uxlash kelarmidi?
Kendin tushundi... Endilikda u ushbu fidokorlik moʻjizasini juda yaxshi
anglay boshlagandi. Bu orada uning koʻzi oq otiga minib, askarlar ortidan
ergashib yoʻlga tushgan qilichli odamga tushdi. Uning qilichi uchida 300
ming ajal bor edi...
Do'stlaringiz bilan baham: |