4-bob
MOVIY SEVGILISI ILA KUNDA IKKI SOAT
Kattagina xonaning oʻrtasida turardilar. Atrof yoyilib yotardi.
Xonada bir-biriga birlashtirilgan uchta stol kattaligidagi ish stoli bor edi.
Uning usti elektron sxemalar, kabellar va yana koʻpi inson uchun
keraksiz deb hisoblanadigan mayda-chuyda narsalarga toʻla edi. Kumush
patnis ichida hafsala bilan tayyorlangan, ammo qoʻl ham urilmagan
dasturxon, stol ustidagi ichida kerosin boʻlgan kir tunuka idishning
yoniga qoʻyilgandi. Shundayin bir dasturxon u yagʻir idish yoniga hech
ham yarashmasdi. Shubhasiz uni "Och emasman" deya kimdir oʻsha
yoqqa surib qoʻygandi. Stoldan uzoqroq bir burchakda odatiy 4-5 stul,
tartibsiz shaklda sochilib yotardi. Devorda keragidan ortiq kerosin lampa
bor edi. Ularning hammasi yoniq, odamda "dunyodagi eng yorugʻ makon
shu yer boʻlsa kerak" degan fikr uygʻotardi.
Kendin atrofni tomosha qilarkan, Jin ham Kendinni kuzatib turardi.
Atrofda hech kimsa yoʻq. Qayerdandir arra ovozi eshitilardi. Koʻzlari
ovoz kelayotgan tomondagi eshikka tushdi. Eshikka yaqinlashganlari sari
ovoz ham kuchayib bordi. Ichkariga kirdilar. Moviy koʻrpasiga oʻrangan
bir odam hech gʻam-tashvishi yoʻqdek hurrak otib uxlab yotardi.
- Adashib boshqa yerga keldik shekilli!, - dedi Kendin. Yuz ifodasidan
xuddi Jinning bir xatosini topgandek edi. Jin eslatdi:
- Sabrli boʻlishing kerak edi.
... Kutdilar. Biroz oʻtib u odam uygʻondi. Shoshilinch toʻlashi kerak
boʻlgan bir qarzi esiga tushgandek yotogʻidan sapchib turdi, qoʻshni
xonadagi stol ustiga kelib tezlik bilan ishlay boshladi. Bir oz avval hurrak
otib uxlab yotgan inson u emasdek edi goʻyo. Stolning ustidagi narsalarni
bir-biriga ishqalab, nimadir qilishga urinardi. Birini boshqasining uchiga
ulab, soʻng uni yana boshqa narsaga mahkamlar, bazan toʻxtab,
qimirlamasdan uni shunchaki kuzatardi. Bu kuzatish ham tanaffussiz
davom etgan ishning bir qismi edi.
- Bu kim, Xudo haqqi, jinni-pinni emasmi?, - soʻradi Kendin. Jin javob
bermasdan Kendinning oʻzi yana:
- Bu bir inson, - dedi. Jin boshini qimirlatib tasdiq ishorasini berdi va
yana bir qum soatini koʻrsatib turib:
- Bu 6 soatlik, - dedi. Kendin va Jin oʻzaro suhbatlashib, u insonni
kuzatishardi. Biroz oʻtib nima boʻldi-yu, u hamma ishini tashlab yana
narigi xonaga kirib ketdi. Qum soatiga qaradilar. Uning ishlashni
boshlaganiga 3 soat boʻlgandi. Xonaga kiriboq, takror moviy koʻrpasiga
oʻranib, pishillab uxlab qoldi. Jin:
- Koʻrdingmi? Yana uxladi, - dedi. Kutdilar, 15 daqiqa oʻtib yana
uygʻondi, shoshilinch toʻlashi kerak boʻlgan bir qarzi esiga tushib
qolgandek yotogʻidan sapchib turdi, - bilaman, bu jumlani bir oz avval
ham tuzgandim. Lekin u odam har safar shunday uygʻonsa, menda nima
ayb? - va takror ish xonasidagi stol oldiga keldi.
Biroz oʻtib xonaga bir ayol kirdi va stol ustidagi patnisdan 15-20 sm
uzoqroqqa yangi patnis qoʻydi. Eskisini olib, kelgan eshigiga tomon
yurdi. Bir-ikki qadam yurib, u odamga "Oʻlib qolasan-ku, yetar endi!"
demoqchi boʻlgandek bir alfozda, ammo uni ranjitmaslik uchun buni
aytmagani sezilib turgan ifoda bilan:
- Qani, biroz dam ol, nimadir yeb ol!, - dedi. Odam javob bermadi. Ayol
tarvuzi qoʻltigʻidan tushib xonadan chiqib ketdi. Ayol ham
koʻrinmasmikin, ajabo, u inson hatto javob bermadi. Kendin xayolidan
kechgan bu savolni Jinga berdi.
- Yoʻq, - dedi Jin.
Ular gaplashib turganida, odam taomlar solingan kumush patnisni
avvalgisining oʻrniga itarib qoʻydi.
- Ayol koʻrinadi, albatta. Lekin u oʻz ishiga shu qadar bogʻlanganki, koʻzi
boshqa narsani koʻrmaydi, - soʻzida davom etdi Jin, ammo uning
aytadigan yana koʻp narsalari bor edi:
- Bu inson hayotini har uch soatda bir marta 15 daqiqa uxlab oʻtkazdi.
Yaʼni kunda umumiy 2 soat uxlaydi. Oradan vaqtlar oʻtadi, biz bu inson
haqida Edison deya gapiramiz. Dunyoni yorugʻlikka toʻldirgan, uxlash va
ovqat yeyishga ham aytarli vaqt topa olmagan buyuk dohiy.
Kendin sham va kerosin chiroqni, oqshomni nurga toʻldirib, tarixga
koʻmgan insonni koʻrib turgani uchun hayajonlandi. Bu orada Edison
yana hamma narsani tashlab, takror moviy sevgilisiga oʻranib, uyquga
ketdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |