INTEGRATSION TA’LIMNING SAMARADORLIGI VA RIVOJLANTIRISH YO’LLARI
Boymatova Moxira Qo’chqorovna Sirdaryo
viloyati Guliston shahar 13-umumta’lim maktabi
boshlang’ich sinf o’qituvchisi
Integratsiya atamasi lotincha “butun, bog’lam” degan ma’noni bildiradi. Integratsion ta’lim esa bir dars jarayoniga bir nechta fanni qamrab olgan holda darslarni tashkil qilish hisoblanadi. Ta’lim jarayonida integratsiyaning ahamiyati shundaki, yosh maktab o’quvchilari bizni o’rab turgan olamni bir butunlikda deb qabul qilinishiga erishish, fanga doir bilimlarni umumiy jihatlarini yaqinlashtirishdir.
Ta’lim integratsiyasining bosh maqsadi- shaxsni har tomonlama kamol topishini ta’minlash hisoblanib, bolani intellektual va ma’daniy rivojlantirishning muhim omili hisoblanadi. Boshlang’ich sinflarda integratsiya asosan tabiat, mehnat, o’qish fanlarini yaxlitlikda qarash, tabiat va matematika fanlarini uzviy aloqadorligi kabi yaxlitlash mumkin. Bu albatta o’qituvchining mahoratiga bog’liq. Integratsiyaning mazmun mohiyati quyidagi Farididdin Attorning fikrlarida aks etgan “Bu ro’yi zaminda mayda narsaning o’zi yo’q hamma narsa bir-biriga bog’liq va bir- birini to’ldiradi.”
Integratsiya o’quvchi bilan individual ishlash va uni faollashtirishning muhim vositasidir. Fanlararo aloqani darslarda tashkil qilish natijasida o’quv fanlarining soni kamayib, samarasi puxta bo’ladi, tahsil oluvchilarni mustaqil ishlashga jalb etish oson kechadi.
Integratsiyalashgan darslarni tashkil qilish orqali bahs-munozara qildirish, mustaqil tarzda ijodiy mulohaza yuritishga o’rgatish, guruhlararo musobaqa,savol- javoblar tashkil qilish mumkin. Bunday zamonaviy dars turlarini tashkil qilishdan maqsad o’quv jarayonida o’quvchilar faoliyatini faollashtirish o’quv materialini o’zlashtirishning yuqori darajaga chiqarishdan iborat.
Ayniqsa boshlang’ich sinflarda integratsiyalashgan darslarni tashkil qilish imkoniyati ko’proq bo’lib, o’qituvchi buni har bir darsida ma’lum darajada qo’llaydi. Masalan o’qish darsini misol sifatida oladigan bo’lsak: mavzu “serquyosh o’lka” she’ri. O’qituvchi avvalo o’zbekiston haqida, bu yurtning tabiati, quyoshli o’lkada pishib yetilgan mevalar ularning go’zalligi haqida savol-javob o’tkazishi , suhbat uyushtirishi, o’qilgan she’rning ot, fe’llarni topib uni sinonimlarini topib tahlil qildirish mumkin. O’qish darslarini ona tili, odobnoma, shuningdek rasm, tabiatshunoslik mehnat fanlari bilan bog’lab o’qitish uchun modulli dars texnologiyalariga amal qilish kerak. Chunki bunday darslar o’quvchilarni ijod qilishga mustaqil fikrlashga o’rgatadi.
Dars o’tishdagi asosiy shartlardan biri- sinfda o’qituvchi va o’quvchilar mutanosib muhitini yaratish zarur. Yil va chorak mavzusi “Devorlardagi sur’atlar” Hayvonot va o’simliklar dunyosi” paydo bo’ladi, bularni o’quvchilar o’ylab topishadi. Buning uchun turli badiiy va texnik vositalar, ma’lumot beruvchi nashrlar, ensiklopediyalar kerak bo’ladi.
Fanlar integratsiya qilib dars o’tilganda quyidagilarga e’tibor berish kerak
-har bir dars muayyan maqsadga yo’naltirilgan bo’lishi kerak
-fanlararo aloqalarga oid tanlangan qo’shimcha ma’lumot o’tiladigan mavzu bilan bog’lanishi shart.
-sinf o’quvchilari faolligini oshirish maqsadida ular bilan ishlash yo’llarini aniqlash zarur.
Integratsiyalashgan dars maqsadi yuqoridagilarga qamrab olingan jarayon nazorat qilinadi. Qo’yilgan fikrlarni shakllantirish o’quvchining talabiga, qi ziqishiga, intilishiga ko’ra rivojlantiriladi.
O’qituvchi qachon va qanaqa fanlarni integratsiyalashni bilishi zarur. Boshlang’ich sinf o’quvchilarini o’qitishda dars samaradorligiga erishishda integratsiyaga e’tibor berish zarur. Har bir sinfda fanlarni integratsiyalash har xil bo’ladi.
1-sinfda quyidagi fanlarni integratsiyalash mumkin: o’qish, yozuv, tasviriy san’at va mehnat. 1-sinfda integratsiyalash alohida ahamiyatga ega, chunki maktabda o’qish jarayoniga endi kirishgan o’quvchi faqat o’qish va yozishdan zerikadi. Bu esa o’quvchini maktabdan bezishiga va o’qishga qiziqishi pasayishiga olib keladi. 1 -sinf o’quvchisida birinchi darslardayoq o’qishga bo’lgan istak yo’q bo’lmasligi kerak. Uning ko’zlaridagi uchqun so’nmasligi lozim. Yuqorida aytib o’tilgan fanlarni mahorat bilan integratsiyalashtirgan o’qituvchining darsida bolaning hech qachon darsga qiziqishi so’nmaydi.
2-sinfda o’qish, ona tili, tabiatshunoslik , tasviriy san’at fanlarini integratsiyalash mumkin. 3-4-sinflarda esa bu fan doiralari yanada kengayishi va ko’p tarmoqli shaklda darslar tashkil qilinishiga erishiladi.
Hozirgi kun talabidan kelib chiqqan holda darslarni integratsiyalash juda muhim hisoblanadi. Bunda vaqtdan yutish va bir necha fan doiralarini qisqartirish ya’ni odobnoma fanini o’qish tarkibiga, tarbiyaviy soat tarkibiga kiritish mumkin. Tabiatshunoslik fani ona tilida mashqlar tarkibida, o’qish darslari va albatta matematika darslari tarkibida o’rgatish mumkin. Integratsiyani rivojlantirish va keng tadbiq qilish uchun integratsiya tushunchasi darsning maqsadi kabi har bir darsga kiritish qo’llash usullari, qaysi fan doirasida qo’llanilishi ko’rsatib o’tilishi lozim. Masalan o’qish darsida
“Ola buzoq” sheri
Darsning maqsadi
ta’limiy:o’quvchilarni ola buzoq she’ri bilan tanishtirish, FK1
tarbiyaviy:o’quvchilar qalbida tabiatga mehr uyg’otish, tabiatni asrash ruhida tarbiyalash FK2
d)rivojlantiruvchi:o’quvchilarda ifodali o’qish ko’nikmasini rivojlantirish
Fanlar integratsiyasi(FI)-ona tili fani she’rdagi fe’llarni topish, tabiatshunoslik fani uy hayvonlari va yovvoyi hayvonlar va ular haqida ma’lumot berish, matematika fani integratsiyasi she’r necha qator va nechta so’zdan iborat.
Bundan xulosa shuki, dars integratsiyalashgan dars sifatida tashkil qilinib, turli didaktik o’yinlar va musobaqalar tashkil qilgan holda o’tilsa yanada samaraliroq bo’ladi va o’zlashtirmovchi o’quvchilarning ham darsda faol qatnashishiga va fanga qiziqishi ortishiga sabab bo’ladi. Bir darsga qiziqmaydigan o’quvchi integratsiyalashgan darsda boshqa fanga qiziqishi natijasida albatta darsga e’tibori kuchayadi va bu fanga ham qiziqishi ortadi. Integratsiyalashgan darsda asosan noan’anaviy dars o’tish uslubidan foydalaniladi. Bu esa o’quvchilar qiziqishini oshirib darsda faollikni yanada kuchaytiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |