Davolash. O’pka silida kompleks davo qo’llaniladi.
Ovqat bekam-u ko’st, baquvvat, oqsilga va vitaminlargaboy bo’lishi, kuniga 4—5 mahal ovqatlanish, ko’p miqdorda sutli mahsulotlar va qimiz ichish kerak.
Ochiq havoda ko’proq sayr qilish o’pka ventilatsiyasiniyaxshilaydi. Gelioterapiya — quyosh nurlari bilan davolash yaxshi ta’sir ko’rsatadi, bu muolajalar hamshiralar nazoratida o’tkaziladi.
Nafas gimnastikasi tayinlanadi.
Silga qarshi preparatlar buyuriladi. Ular 2 guruhga bo’linadi.
I. Asosiy guruh preparatlari: tubazid (sutkasiga 0,5—0,9 g), ftivazid 0,5 g dan 2 —3 mahal (sutkada 1—1,5 g); metazid 0,5 g dan 2 mahal, saluzid 5%—10% m/o, v/i yoki intrabronxeal yo’l bilan yuboriladi. Streptomitsin m/o 1 g (1 sut 1 mln TB) yoki intrabronxeal ingalatsiyalar, plevra orasiga. PASK (paraaminosalitsilat kislota) sutkasiga 6—15 g sut bilan ichiladi.
Agar asosiy guruh preparatlari yetarlicha kor qilmasa, rezerv guruh preparatlari buyuriladi. II. Rezerv guruh preparatlari: florimitsin (viomitsin) 0,5 g dan 2 mahal m/o, sikloserin 0,25 g dan 3—4 mahal ichiladi, tibon 0,01 g dan 2 mahal ichiladi asta-sekin 0,05 g gacha oshiriladi, rifampitsin 0,15 g kapsulalarda 3—4 mahal, etambutol 0,4 g 2—3 mahal ichishga buyuriladi.
Sil jarayoni so’nib turganda tuberkulin bilan 2—4 oy mobaynida davo qilinadi, t/o yoki elektroforez yo’li bilan yuboriladi. Davoni oxirigacha yetkazish uchun bemorlar 2—4 oy davomida sil sanatoriylarida davolanadi, asosiy terapiya kursini davom ettirish uchun y yerda ambulatoriyaga o’tkaziladi va 9 oydan 2 yilgacha davolanadi.
Kollapsoterapiya va xirurgik yo’l bilan davolash. O’pka kollapsi—o’pka to’qimasining tarangligini susaytirib, hajmini kichraytirishdan iborat (plevra bo’shlig’iga havo yuborish). Bu usul o’pkadan qon ketganda, bir o’pka zararlanganda buyuriladi.
Xirurgik davo — kasallangan o’pka bo’lagini rezeksiya qilishdir (olib tashlash).
Ximioprofilaktika quyidagi hollarda buyuriladi:
— bemor bilan muloqotda (kontakt) bo’lgan kishilarga; — tuberkulinga sezgir bo’lgan kishilarga;
— kasalligi qo’zishi mumkin bo’lgan kishilarga.
Sil profilaktikasi quyidagi maqsadlarda o’tkaziladi:
— aholining farovonligini oshirish;
— silning oldini olish uchun spetsifik profilaktika, aholini ommaviy ravishda flurografiyadan o’tkazish;
— sil bilan kasallangan bemorlarning davolanish sifatini oshirish;
— sil o’chog’ida sog’lomlashtirish ishlarini olib borish; — sanitariya-maorif ishlarini olib borish.
Spetsifik profilaktika — BTSJ emlash va qayta emlash (vaksinatsiya revaksinatsiya) va ximioprofilaktikadan iborat.
BTSJ da yelkaning tashqi yuzasiga 0,1 ml fiziologik eritmada eritilgan 0,05 ml vaksina yuboriladi. 4—6 hafta o’tgach emlash joyida infiltrat paydo bo’ladi, 2—4 oy saqlanadi, keyin chandiq hosil bo’ladi. Shu vaksinatsiya 6—7 yilgacha immunitet hosil qiladi, keyin revaksinatsiya o’tkaziladi. Revaksinatsiya 7—12—17 yoshda, so’ngra 30 yoshgacha har 7 yilda qilinadi.
Quyidagi odamlarga mantu qilinmaydi:
— reaksiya musbat bo’lganlarga;
— o’tkir infeksion kasallik bilan og’riganlarga; — allergik reaksiyalari bor kishilarga; — og’ir yotgan kasallarga.
Parvarishi. Sil bilan og’rigan bemor o’ziga alohida e’tiborni talab qiladi. Silga qarshi muassasada ishlaydigan tibbiyot hamshirasi bemorlarga muomala qilishda, ayniqsa, sabr-toqatli va muloyim bo’lishi, u yoki bu muolajalarning zarurligini ularga tushuntirib berishi, ularning shikoyatlarini toqat bilan tinglashi kerak. U balg’amni faqat cho’ntakda olib yuriladigan tufdonga tashlash kerakligini, rejimga amal qilish sil bilan og’rigan kasal uchun eng muhim davo omillaridan biri ekanligini tushuntirishi lozim. O’pka sili bilan og’rigan bemorlar uzoq, ba’zan bir yilgacha statsionarda yotib davolanishadi.
Bemorlarga jismoniy, ruhiy osoyishtalik buyuriladi. Bemor ko’proq toza havoda bo’lishi yoki u yotgan xona havosi tez-tez almashtirilib turilishi kerak, xona chang bo’lmasligi, nam latta bilan tez-tez artib turilishi lozim. Balg’amni dezinfeksiya qilish uchun tufdon tubiga ozroq 0,5 % li xloramin eritmasi solib qo’yiladi.
Surunkali obstruktiv bronxit
Etiologiyasi. Bu kasallik har xil zararli omillarning bronxlarga ta’siri natijasida bronxlarning shilimshiq ishlab chiqarishi va drenaj funksiyasi buzilishi, yo’tal, balg’am ko’chishi va hansirash bilan o’tadigan bronxlar shilliq pardasining xronik diffuz yallig’lanishi bilan xarakterlanadi. Kasallikni keltirib chiqaruvchi sabablarning talaygina qismini bakterial agentlar: pnevmokokklar, gemolitik streptokokklar, tillarang streptokokklar, gripp virusi, Fridlender tayoqchasi va shu kabilar tashkil qiladi. Kasallik rivojlanishiga moyillik ko’rsatadigan sabablarga sovuq qotish, spirtli ichimliklarni iste’mol qilish, tamaki chekish, ba’zi kimyoviy moddalardan surunkali zaharlanish kiradi. Yuqori nafas yo’llarida infeksiya o’chog’ining borligi (sinusit, gaymorit) ham bronxit rivojlanishiga sharoit yaratuvchi omillardan hisoblanadi. Bu kasallik bilan ko’proq erkaklar kasallanadilar.
Patogenezi. Bakterial agent yuqori nafas yo’llari va bronxlarning shilliq qavatini, simpatik nerv tolalari tugunlarini zararlaydi, bu zararlanish, o’z navbatida, bronxlar trofikasining buzilishiga olib keladi. Bakterial agentlar va ular ishlab chiqargan zararli moddalar nafas yo’llarining himoya xususiyatlarini, spetsifik va nospetsifik chidamlilik qobiliyatini keskin kamaytiradi va natijada bronxlar yallig’lanadi.
Surunkali obstruktiv bronxit—bu bronxlarning tarqoq holdagi obstruksiyasi, ya’ni qisqarishi bilan o’tadigan surunkali kasallikdir.
Klinikasi. Nafas siqilishi kasallikning eng asosiy belgisi hisoblanadi. Kasallikning dastlabki davrlarida nafas siqishi faqat jismoniy zo’riqish, sovuq havo ta’siri ostida, namgarchilik tufayli paydo bo’ladi. Bemor ko’proq ertalab bezovta bo’ladi, balg’am ajralishi esa nafas siqishini ozgina bo’lsa ham yengillashtiradi. Kasallikning yana bir simptomi yo’taldir. Yo’tal oz miqdorda qiyin ajraladigan balg’am bilan bo’ladi.
O’pka eshitib ko’rilganda juda ko’p quruq xirillash aniqlanadi. O’pkada asta-sekin emfizema belgilari paydo bo’ladi. Ko’krak qafasi biroz kengaygan, perkussiyada „qutichasimon tovush“ga yaqin bo’lgan o’zgarishlar eshitiladi. Teri qoplamining ayrim sohalari ko’karib turadi. Kasallik kuchaygan davrda qon tahlilida leykositlar ko’payib, ECHT oshgani qayd qilinadi. Bronxoskopiya traxeya va bronxlar shilliq pardasini ko’zdan kechirish uchun, o’smalar diagnostikasi uchun, yot jismlarni chiqarib olish va poliplarni olib tashlash, bronxoektazlarga davo qilish uchun qo’llaniladi.
Davolash. Bemorga vitaminlarga boy, to’laqonli parhez buyuriladi. Dori-darmonlardan antibiotiklar, sulfanilamid preparatlar (sulfomonometoksin, sulfaperidazin, sulfalen, balg’am ko’chiruvchi preparatlar, bronxolitiklar (efedrin, teofedrin, salbutamol va boshqalar) buyuriladi. Og’ir hollarda gormonal preparatlar, prednizalon, prednizon maxsus sxema bo’yicha tavsiya etiladi Bronx yo’llarini balg’amdan tozalashda nafas gimnastikasining ahamiyati katta. Ko’krak qafasini massaj qilish va fizioterapevtik muolajalar (diatermiya, ko’krak qafasiga UVCH, kalsiy xloridli elektroforez va boshqa) zarur.
Parvarishlash. Ko’pgina hollarda bemorlar tibbiyot xodimlari parvarishiga muhtoj bo’ladilar. Ayniqsa, nafas siqilishi bilan boradigan kasalliklarda bemorni o’rniga qulay yotqizish, bemor yotgan xonaning havosini almashtirib turish, yelvizaklardan xoli bo’lishi, bemor yotgan xona iliq va yetarli darajada nam bo’lishi kerak. Ahvoli og’ir bemorlarning o’rin-ko’rpasi, oqliklari, ich kiyimlari tez-tez almashtirib turilishi, yotoq yaralar hosil bo’lishining oldi olinishi kerak.
Profilaktikasi. O’pka surunkali kasalliklarining oldini olishda tibbiyot hamshirasining o’rni muhim. O’pkaning o’tkir kechadigan kasalliklari — yuqori nafas yo’llarining virusli kasalliklari, o’pka sili, zotiljam kasalliklarining eng dastlabki belgilari paydo bo’lgandayoq shifokorga murojaat qilish surunkali kasalliklarning oldini olishda katta ahamiyatga ega. Chekish, alkogolli ichimliklarni ko’p iste’mol qilish nafaqat nafas yo’llari kasalliklari, balki boshqa kasalliklarni ham keltirib chiqarishi haqida aholi o’rtasida tushuntirish ishlarini olib borish kerak. Hozirgi zamon tibbiyot hamshirasi faoliyatini ko’proq profilaktik yo’nalishda olib borilishi ko’zda tutilmoqda.
O’pka raki
O’pka raki (saraton kasalligi) xavfli kasallik bo’lib, bronxlar va bezlar epiteliy to’qimasida o’sib, rivojlanadi. Keyingi vaqtlarda rivojlangan mamlakatlarda o’pka raki birdan rivojlanib ketdi. O’pka raki o’sma kasalliklari ichida 2- o’rinni egallaydi, ayniqsa, erkaklar o’pka raki bilan ko’p kasallanadilar. Kasallikning kelib chiqishiga surunkali bronxit, bronxoektatik kasalliklar, changlarning nafas yo’llariga ta’siri, kimyoviy birikmalar, ishlab chiqarish korxonalarining chiqindi mahsulotlari sabab bo’ladi. Zararli odatlardan—sigaret chekish ham rakning kelib chiqish sababchisidir. Kashandalarga qaraganda chekmaydigan odamning o’pka raki bilan kamroq og’rishi aniqlangan.
Klinikasi. O’pka rakidagi klinik belgilar o’smaning joylashuvi (markaziy, periferik), uning o’sish turi (endofit, ekzofit, infiltrativ), o’pkadagi ikkilamchi yallig’lanish bo’yicha turlicha rivojlanganligidir. Markaziy rakda shilliq qavatlarning ta’sirlanishi, suyuqlikning ko’p ishlab chiqarilishi, nafas o’tkazuvchanligining buzilishi, quriq yoki oz miqdorda balg’am ajralishi bilan o’tadigan yo’tal, oz miqdorda qon tuflash, vaqt-vaqti bilan tana haroratining ko’tarilib turishi, ko’krak qafasida og’riq kuzatiladi. Periferik rak—uzoq vaqt simptomsiz o’tadi, ayrim hollarda rentgenologik tekshiruvda aniqlanib qolinadi. Bemorda yo’tal, qon tuflash, ko’krak qafasida og’riq, etining uvishib turishi kabi belgilar aniqlanadi. Uni ko’zdan kechirganda ko’krak qafasidagi teri osti venasi kengayganligi, bo’yin sohasidagi teri osti yog’ qavati shishib qolganligi kuzatiladi. O’pka rakida bemorlarda ozib ketish belgilari, ovozning chiqmay qolishi (afoniya), ovqatni yaxshi yuta olmay qolish (disfagiya) kabi belgilar paydo bo’ladi. O’pka auskultatsiya qilib ko’rilganda susaygan vezikular nafas eshitiladi yoki mutlaqo eshtilmay qo’yadi. Kasallik 1—2 yil davom etadi. Bemorning ahvoli asta-sekin yomonlashib, tobora darmoni qurib, ishtahasi pasayib, ozib ketadi. Laboratoriya tekshiruvida qonda leykotsitlar miqdorining oshganligi ma’lum bo’ladi. Balg’amda qonning shaklli elementlari, atipik rak hujayralarini topish mumkin bo’ladi.
Davolash. O’pka rakini davolash o’smaning joylashuvi, rivojlanish bosqichi va tuzilishiga bog’liq. Asosiy davo choralaridan biri—jarrohlik yo’li bilan o’pkani limfa tugunlari bilan qo’shib olib tashlash (pnevmoektamiya), o’pka rakining III bosqichida esa nur va kimyoterapiya yo’li bilan davolashdir. Kimyoterapevtik vositalarga metatreksat, siklofosfanlar kiradi. Nur bilan davolashda gamma nurlar 50—60R miqdorda qo’llanadi. Konservativ davo vaqtida bemorga ruhiy osayishtalik, tinchlik yaratiladi. Og’riqni bartaraf etish uchun norkotik analgetiklardan foydalaniladi.
Parvarishi. Tibbiyot hamshirasi etika va estetika talabiga rioya qilgan holda bemorning azob-uqubatlarini mumkin qadar yengillashtirishni o’z oldiga maqsad qilib qo’yishi kerak. Bemor doimiy ravishda kuzatuv va nazorat ostida bo’ladi. Shifokor tamonidan buyurilgan muolajalarni o’z vaqtida bajarish hamshiraning asosiy vazifasi hisoblanadi. Bemor ahvolidan umid yo’qligini o’zi bilmasligi kerak. Nogahon aytilgan so’z dunyodan ko’z yumib borayotgan odamga ortiqcha azob berishini hamshira yoddan chiqarmasligi, uning ahvolini yengillashtirishi lozim. O’pka rakida qon ketish xavfi bo’lgani uchun hamshira shoshilinch yordam ko’rsatish choralarini, shifokorga o’z vaqtida xabar berishni bilishi zarur.
XULOSA
Oʻpka havo bilan nafas oluvchi hayvonlar(toʻrt oyoqlilar, baʼzi baliq va shilliqqurtlar)ning nafas olish organidir. Sutemizuvchilarda oʻpka ikkita boʻlib, koʻkrak qafasida, yurak atrofida joylashgan boʻladi. Oʻpkaning asosiy vazifasi havodan kislorod olib, qonga singdirish va qondan karbonat angidridni ajratib, tashqariga chiqarishdir. Bundan tashqari, oʻpka boshqa vazifalarni (masalan, yurakni zarbadan himoyalash, angiotenzin almashtirish va hk) ham bajaradi.
Oʻpka — odam, quruqlikda yashovchi hayvonlar va baʼzi baliqlarning havodan nafas olish aʼzosi. Oʻ. ayrim mollyuskalar (quruqlikda va chuchuk suvda yashovchi qorinoyoqlilar), boʻgʻimoyoqlilar (chayonlar), baliqlar (ikki xil nafas oluvchilar, panjaqanotlilar, koʻpqanotlilar), quruqlikda yashovchi umurtqali hayvonlar va odamda qon bilan nafas olingan havo oʻrtasida gaz almashinuvini amalga oshiradi. Ikki xil nafas oluvchi baliqlar Oʻ.si kataklarga boʻlingan, koʻp qanotlilarda — silliq devorli xaltachadan iborat. Quruqlikdagi umurtqalilar Oʻ.si qadimgi panjaqanotli baliqlar halqumi qorin qismi devorining boʻrtib chiqishi tufayli hosil boʻlgan. Suvda va quruqlikda yashovchilar Oʻ.si silliq devorli xaltasimon, devorida burmalari bor. Sudralib yuruvchilar Oʻ.si ham xaltasimon, lekin ichki qismi juda koʻp toʻsiq va burmali. Qushlar Oʻ.si gʻovak. Sut emizuvchilar Oʻ.sidagi bronxlarning shoxlangan uchki qismida juda mayda pufakchalar — alveolalar boʻladi; Oʻ. devorlari kapillyar qon tomirlari toʻri bilan qoplangan. Oʻ.ga havo nafas yoʻllari (boʻgʻiz, kekirdak, bronxlar) orqali oʻtadi.
Odamda Oʻ. bir juft boʻlib, koʻkrak qafasining ikki tomonida joylashgan. U yaltiroq yupqa parda — plevra bilan zich oʻralgan, shakli konusga oʻxshash; plevra boʻshligʻidagi ozgina suyuqlik nafas olganda Oʻ.ning erkin harakatini taʼminlaydi. Pastki yuzasi yoki asosi botiq boʻlib, koʻkrak boʻshligʻini qorin boʻshligʻidan ajratib turadigan toʻsiq — muskuldan iborat diaframaga taqalib turadi. Oʻ.ning uchi oʻmrov suyagi ustidan 2—3 sm koʻtarilib, boʻyinning pastki kismiga kirib boradi. Qovurgʻalarga takalgan yuzasi qavariq boʻladi. Ichki yuzasi botiq boʻlib, yurakka va koʻks oraligʻidagi boshqa aʼzolarga taqaladi; bosh bronx va Oʻ. arteriyasi shu yuzadan Oʻ.ga kirib, undan ikkita Oʻ. venasi chiqadi (Oʻ. darvozasi). Har bir Oʻ. plevra egatchalari bilan boʻlaklarga boʻlinadi; chap Oʻ. ikki (yuqori va pastki), oʻng Oʻ. esa uch (yuqori, oʻrta va pastki) boʻlakka ajralgan. Oʻ. boʻlaklari segmentlardan, boʻlakchalardan tashkil topgan (har bir Oʻ. 10 segmentdan iborat). Segment hajmi 0,5—1,0 sm, piramida shaklida tuzilgan segmentlar esa boʻlakchalardan tashkil topgan. Bu boʻlakchalar bir-biridan biriktiruvchi toʻqimadan tuzilgan devorcha va qon tomir bilan ajralib turadi. Boʻlakchalararo devorchalar nafas olishda boʻlakchalarning harakatchan boʻlishini taʼminlaydi.
Nafas bronxiolasi va undan tarqalgan nafas naychasi, pufakchalari va alveolalar qoʻshilib, uzum shingili shaklidagi Oʻ.larning struktura va funksional bir’ligi — atsinus yoki alveolalar daraxtini tashkil etadi. 12—18 atsinus birgalikda Oʻ. boʻlakchasini, bir nechta boʻlakchalar qoʻshilib, Oʻ. segmentini hosil qiladi.
Alveolalarning juda yupqa devori yarim oʻtkazuvchi biologik membrana boʻlib, kapillyarlardagi qon bilan alveolalardagi havo oʻrtasida shu parda orqali gazlar almashinadi.
Oʻ. segmentlari oʻzaro qoʻshilib, Oʻ. boʻlagi va nihoyat, Oʻ. boʻlaklaridan Oʻ. hosil boʻladi. Oʻ.larda 800000 atsinuslar yoki 300—500 mln alveolalar uchraydi. Ularning sathi 30—100 m2boʻladi. Oʻ. bronxlari havo almashish jarayonidan tashqari, organizmda, suv, tuz va xlor miqdori bir meʼyorda saqlanishiga ham yordam beradi.
Katta odamlarda ikkala Oʻ.da oʻrtacha 4,9—5,0 l havo boʻladi. Ulardan tinch nafas olish vaqtida (har bir nafas olganda) faqat 500 ml havo Oʻ.larga kirsa, chuqur nafas olganda esa 1600 ml toza havo kirib, 1600 ml karbonat angidridga boy boʻlgan havo chiqadi. Shunday qilib, Oʻ.larda hayotiy havo sigʻimi oʻrtacha 3500— 3700 ml gacha boʻladi. Qolgan 1300— 1400 ml havo esa qoldiq havo boʻlib, oʻpkada doimo boʻladi. Oʻ.ga simpatik va parasimpatik nerv tolalari boradi. Oʻ. orqali suyuqlik va baʼzi gazsimon mahsulotlar ajraladi. Oʻ. gavda trasining muntazam bir meʼyorda turishi va qon ivishini tartibga solib, organizmda oqsil, yogʻ va uglevodlar almashinuvida ishtirok etadi. Oʻ. havo orqali kiradigan bakteriyalardan organizmni himoya qiladi. Oʻ. kasalliklaridan zotshjam, oʻpka emfizemasi, sil va Oʻ. oʻsmasi koʻproq uchraydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |