4-fasl. Yosh avlodni milliy ma’naviyatimiz an’analari ruhida tarbiyalash - ular ongini turli g’arazli "oqimlar" ta’siridan himoyalashning eng samarali yo’li.
E’tiqod ma’naviyatning o’zak tomiri. E’tiqodsiz kishida ma’naviyat bo’lmaydi, tashqi madaniy ko’rinish, hatto ancha-muncha bilim ham bo’lishi mumkin, ammo mag’zida ma’naviyat bo’lmaydi.
Kishida umurtqa pog’onasi shikastlangan bo’lsa, unday inson gavdasini tik tutib tura olmaydi. Ma’naviy olam uchun e’tiqod ham shunday bir narsadir. Kommunistlar olg’a surgan g’oyalarga xalq ozmi-ko’pmi ishongan, umid bog’lagan davrda Sovet davlati ancha-muncha o’sdi, rivojlandi. “Kommunizm” g’oyalari puch narsa ekani ma’lum bo’lib qolgach, asta-sekin bu tuzum ich-ichidan emirila boshladi va oxiri barbod bo’ldi. Shuning uchun yolg’on g’oyalarga ishonish, o’ylab topilgan aqidalarning etagini tutish yaxshilikka olib bormaydi. E’tiqod masalasi - jiddiy masala. Tarixda turli yolg’on payg’ambarlar ko’p bo’lgan. Ular oxir-oqibat beburdlikka mahkum bo’lganlar. Bashariyat, el, xalq qabul qilgan Oliy haqiqatlar esa asl ma’nosi bilan ilohiy, azaliy va abadiy manbaga egadir. Islom dinimiz ana shunday ilohiy inoyat hisoblanadi. Bizni 70 yil bu e’tiqoddan qaytarishga urindilar, jazoladilar, masxaraladilar, taqiqladilar. Bari befoyda bo’ldi. SSSRda mafkuraviy tazyiq kuchaygan sari, jahonda islomning nufuzi oshib bordi. Amerika, Evropa, Avstraliyaga islom dadil kirib bormoqda. Marksist dahriylar islomni arab bosqinchiligi bilan bog’lamoqchi bo’ldilar. Nahot 1400 yil avvalgi bosqinchilik asorati shuncha kuchli bo’lishi aqlga to’g’ri kelsa? Aleksandr Makedonskiy, Chingizxon, chor Rossiyasi olib kelgan e’tiqodlar qani? Haqiqat boshqa narsa, bosqinchilik boshqa.
Imom Buxoriy kabi ulug’larimiz birovning tazyiqi bilan musulmon bo’ladigan shaxslar emasdi. Ular haqiqat fidoyilari edi.
“Lo ikroha fi-d-din”, ya’ni “dinda zo’rlash yo’q” deyilgan. Avvalo, islomda tadrijiylik mavjud, Muhammad (SAV)ga nozil etilgan ilohiy kitobda o’zidan avvalgi kitoblar va barcha payg’ambarlar, jumladan, Muso va Iso alayhissalomlar to’liq e’tirof etiladi va barcha payg’ambarlarning hurmati barobar ekanligi ta’kidlanadi. Qolaversa, ma’naviyat ahli uchun yuzta musulmonlik da’vosini qiluvchi riyokordan bitta e’tiqodli dahriy yoki butparast afzal. Ajdodlarimiz bizga shunday ta’lim beradi. Masalan, Amir Xusrav Dehlaviy “Shirin va Xusrav” dostonining “Dar fazilati ishq” bobida yozadi:
Ba ishq gar butparasti, din-t pok ast,
Va-gar toat kuni bi ishq xok ast.171
(Sen ishqda butparast bo’lsang - dining pok, Agar ishq bo’lmasa, toat erur xok.)
Payg’ambarimiz uchun vatan va imon tushunchalari bir-biridan ajralmas edi. Makkadan Yasribga hijrat qilish ul janobning imonlarini yanada baquvvat qildi.
171 Amir Xusrau Dixlavi. Shirin i Xusrau. M.-«Nauka»-1979, s.40
230
Bugun ham xorijdagi birodarlarimizning ko’pchiligi uchun imon va Vatan mehri bir-birini quvvatlab turibdi, zero Vataniga tosh otgan kimsalardan imon umidi ham behudadir.
Din va ma’naviyat nisbati haqidagi suhbatning xulosasi shuki, dinni siyosiylashtirishdan qochish, unga buyuk ma’naviy qadriyat sifatida yondoshib, yoshlarimizdagi e’tiqod ehtiyojini ayni shu yo’nalishda, Prezidentimiz “jaholatga qarshi ma’rifat”deb chiroyli ifodalagan ma’noda botiniy qudratga, ma’naviy kamolot sari etaklovchi boqiy quvvatga aylantirish uchun butun imkoniyatlarni safarbar qilmog’imiz zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |