Qadimgi afg’oniston, eron va janubiy osiyo mundarija



Download 0,8 Mb.
bet7/7
Sana02.06.2022
Hajmi0,8 Mb.
#630461
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
QADIMGI AFG’ONISTON, ERON VA JANUBIY OSIYO

QADIMGI JANUBIY OSIYO
Shimoliy Hindistonda ilk davlatlarning tashkil topishi (mil.avv. XIII–VII asrlar). Qadimgi Sharqning o‘ziga xos noyob sivilizatsiyalaridan biri hind sivilizatsiyasidir. Qadimgi hind sivilizatsiyasi insoniyat madaniy taraqqiyotiga qo‘shilgan ulkan hissadir. Hind sivilizatsiyasi qadimdan Sharqning qator mamlakatlari bilan tarixiy-madaniy aloqa o‘rnatib, ularning madaniy taraqqiyotiga hayotbaxsh ta’sir qildi. Sharqning O‘rta Osiyo, Arab, Eron yozuvchi va olimlari Hindistonga bordilar va hind fanining dunyoning tuzilishi, unda insonning o‘rni to‘g‘risidagi ta’limotlari va yutuqlarini o‘zlashtirdilar. Hindiston o‘zining bepoyon hududi, iqlim sharoitlari, relyefi, joylashishi va tuprog‘i jihatidan bir necha zonaga bo‘linadi. Shimoliy-g‘arbiy viloyatlar qadimda qalin o‘rmonlar bilan qoplangan. Hind vodiysining tuprog‘i juda hosildor. Hind daryosi vodiysida mil.avv. III ming yillikda Janubiy Osiyodagi eng qadimgi shahar sivilizatsiyasi shakllandi. Hindiston shimol va shimoliy-sharqidan Osiyoning boshqa qismidan Himolay tog‘lari bilan ajratilgan. Mil.avv. II ming yillikda bu yerdan turli etnik birliklar, qabilalarning yo‘li o‘tgan. Hind-Gang tekisligining markaziy qismi qadimda «oriy»larning «muqaddas yeri» (Ar’yavarta) deb atalgan. Ikki buyuk daryoning oralig‘ida va Gangning yuqori qismida mil.avv. I ming yillikning birinchi yarmida Veda sivilizatsiyasi shakllanadi. Gang daryosining shimoliy-sharqiy havzasida namlik darajasi juda yuqori va xilma-xil tropik o‘simliklarga ega. Mil.avv. I ming yillik o‘rtalarida bu hududda keng miqyosda dehqonchilik ishlari boshlanadi. Mil.avv. I ming yillikning ikkinchi yarmida bu yerda qadimgi Hindistonning eng muhim siyosiy va madaniy markazlari vujudga keldi. Hind-Gang tekisligini Dekan (qadimgi hind tilida «Danishna» – janub) yarim orolidan yassi tog‘lar ajratib turadi. Dekan yarim orolida faqat milodiy I asr boshlarida yirik davlatlar paydo bo‘ldi. Orolning markaziy qismida Shri-Lanka (Seylon) o‘rmonli tog‘lik hudud joylashgan. Orolning geografik o‘rnini Janubiy Hindiston qirg‘og‘i bilan muntazam aloqalar belgilab beradi. Janubiy Osiyoni hozirgi aholisining katta qismi asosiy yevropoid irqiga mansub. Faqat yarim orolning janubiy qismi va Shri-Lankaning aholisi irqiy belgilariga qarab (badani, sochining qora rangi va boshqalar) avstroloidlarga yaqin turadi. Shimoliy-sharqning qator qabilalari janubiy mongoloid irqiga mansub. Shimolda hind-yevropa tillari (hind, bengal va boshqalar), janubda dravid (masalan, tamil), Dekan va Shimoliy-Sharqiy Hindistonning qator tillari Janubiy-Sharqiy Osiyo, Tibet va Xitoyda tibet-birma va mund tillari bilan yaqin turadi. Shri-Lanka aholisining ko‘pchilik qismi hind-yevropa (singal ) tilida, ozchilik qismi dravid (tamil) tilida so‘zlashadi. Ma’lumki, oriy qabilalari O‘rta Osiyodan Afg‘oniston orqali Hindistonga mil.avv. II ming yillikda kirib keldilar. Singallar materikdan Shri-Lankaga mil.avv. I ming yillikda paydo bo‘ldilar.
Hindistonda olib borilgan arxeologik qazishmalar bu hududda odamlar eng qadimgi davrlarda yashaganidan dalolat beradi. Hozirgi Pokiston va Hindistonning turli hududlarida ilk paleolit madaniyatlari topildi. Xo‘jalik, mehnat qurollarining rivojlanishi bu hududlarda ijtimoiy munosabatlar paleolitdan mezolit va neolitga o‘tishga olib keladi. XX asrning 70-yillarida Pokistonning Mehrgard hududida fransuz arxeologi J. F. Jarij o‘tkazgan arxeologik qazishmalar mahalliy madaniyatlar neolit davrigacha uzoq vaqt tizimli rivojlanganini ko‘rsatdi. Bu ilgari fanda mavjud bo‘lgan qarashlar Hindistonda neolit boshqa Sharq hududlariga nisbatan kech boshlangan degan tushunchaning asossizligini ko‘rsatdi. Hindistonda o‘troq dehqonchilikning neolit manzilgohlari mil.avv. VII ming yillikdan shakllangan. Bu davrda aholi donli ekinlarni ko‘p ekib, yirik shoxli qoramollarni xonakilashtiradi. O‘rta Osiyo va Eron bilan madaniy aloqaga kirishadi. Shu davrlardan Hindiston qadimgi Sharq sivilizatsiyasining eng birinchi madaniyatlari qatoridan o‘rin oladi. Janubiy Osiyoning qadimgi tarixi quyidagi davrlarga bo‘linadi:
1. Eng qadimgi hind sivilizatsiyasi. Taxminan mil.avv. XXIII– XVIII asrlar bilan belgilanadi (ilk shaharlar, davlatlarning paydo bo‘lishi).
2. Mil.avv. II ming yillikning ikkinchi yarmida oriylarning paydo bo‘lishi. Mil.avv. II ming yillikning oxiridan – mil.avv. VII asrgacha «Veda» davri. Bu davrda yaratilgan muqaddas kitoblar «vedalar» nomi bilan mashhur.
3. «Budda davri». Mil.avv. VI–III asrlar. Budda dinining paydo bo‘lish va tarqalish davri. Bu davrda iqtisodiyotning yuqori taraqqiyoti, shaharlar shakllanishi, yirik davlatlar Mauriylar umumhind davlatining tashkil topishi.
4. Mil.avv. II asrdan milodiy V asrgacha «Klassik davr» deb atalib, bu davrda Janubiy Osiyo mamlakatlarining iqtisodiyoti va madaniyati gullab-yashnaydigan davri.
Janubiy Osiyoga xos bo‘lgan xususiyat taraqqiyotning merosiyligi va davomiyligidir. Qadimgi va o‘rta asrlarda bu yerda keskin etnik o‘zgarishlar yuz bermagan. Ijtimoiy munosabatlarda kasta tuzumi va madaniy an’analarning barqarorligi ko‘rinib turadi. Qadimgi Hindistonning ko‘pgina asarlari hozirgacha hinduizm va buddizmning muqaddas kitoblari hisoblanadi. Yozma manbalar bizgacha ko‘plab yetib kelgan. Sanskrit tilini o‘rganish qadimgi til grammatik asarlariga, asosan, Panini grammatikasiga (mil.avv. IV asr) asoslanadi. Adabiyot asosan diniy madhiyalar (rigveda va boshqa vedalar), marosim sharhlari, nasihatlar to‘plamidan iborat. Ijtimoiy munosabatlarni o‘rganish uchun asosiy manba sifatida, diniy-axloqiy majburiyat – draxmalar («Manu qonunlari»), siyosat, san’at (Artxashastra), muhabbat to‘g‘risidagi (Kamasutra) maxsus traktatlardan foydalaniladi. Bu manbalarda fikrlar tarqoq, an’anaviy ruhda bayon qilingan. Shu bilan birga, bu asarlar qachon va qayerda tuzilganligini aniqlashning iloji yo‘q. Adabiyotlarda tarixiy voqealar kam tilga olinadi. Tarixiy voqealar ko‘p hollarda yarim afsonaviy qissalarda aks etadi. Ilk yilnomalar Milodiy I asrlarda Seylondagi budda monastirlarida tuzilgan. Davlat arxivlari, xususiy arxivlar bizgacha yetib kelmagan. Hujjatlar palma daraxti barglari, po‘stloq yoki mato parchasi kabi mo‘rt asosga yozilgani uchun hozirgacha saqlanib qolmagan. Ba’zi hujjatlarni hisobga olmagan qadimgi Janubiy Osiyo siyosiy tarixi bo‘yicha asosli ma’lumotlar juda kam. Katta tarixiy davrlar va keng hududlarni tahlil qilish bilan ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni faqatgina umumiy belgilarda tavsiflash mumkin. Bizgacha faqat mil.avv. III–II ming yilliklarga oid, o‘qish qiyin bo‘lgan Hind sivilizatsiyasiga mansub muhrlardagi qisqa yozuvlar va Ashoki davri (mil.avv. III asr) yozuvlarigina yetib kelgan. Ashoki ediktlari deb atalgan yozuvlarda davlat qonun-qoidalari va diniy-axloqiy yo‘riqlar berilgan. Antik mualliflar (Gerodot, Strabon, Diodor, Arrian) Hindiston to‘g‘risida ma’lumotlar beradilar. Salavk Nikatorning Hindistondagi elchisi Megasfen uzoq vaqt Maurilar saroyida yashab, o‘zining «Indika» asarini yozadi. U Hindistonning iqtisodiy-ijtimoiy hayoti, davlat hokimiyati va o‘sha davrdagi Hind kastachilik tuzumini tasvirlaydi. Xitoy tarixchisi Sima Syan va mil.avv. II asrda yashagan boshqa xitoy yozuvchilari qadimgi Hindiston to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlarni beradi. Xitoy sayyohi Fan Syan (IV–V asrlar) butun Hindistonni Seylongacha kezib chiqib, o‘sha davr Hindistoni to‘g‘risida, Chandragupta II davrida davlatning boshqaruv tizimi va ijtimoiy munosabatlar to‘g‘risida ma’lumot beradi. Qadimgi Hindistonda qurilish materiali sifatida asosan yog‘och ishlatilgan. Bu yog‘och inshootlarining umri qisqa. Bunday inshootlar vaqt o‘tishi bilan yo‘q bo‘lib ketgan. Tosh va jez haykaltaroshligi keyingi asrlardagina paydo bo‘ldi. Yana shuningdek, Hind qadimiy obidalarini o‘rganish asosan XX asrda boshlandi. Faqat ozgina shaharlar – Moxenjo-Daro va Xarappa katta maydonlarda qazib ochilgan.
Qadimgi Hindiston tarixi bo‘yicha o‘rta asrlardan boshlab tarixiy asarlar yozila boshlandi. O‘rta Osiyo va arab olimlari bu o‘lka tarixi, tili, e’tiqodi, urf-odat va an’analari to‘g‘risida asarlar yaratdilar. Mashhur qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy (973–1048-yillar) Hindistonda bir necha yil yashaydi. Uning «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar», «Hindiston» asarlarida qadimgi hind tarixi va madaniyati to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlar beriladi. Yangi davrdan boshlab Yevropa olimlari Hindistonga qiziqa boshladilar. Dastlab qadimgi hind tili, adabiyotini o‘rganish boshlandi (Gamilton, Rozen, Lassen, Rot, Myuller va boshqalar). XVIII asr oxirida sanskrit adabiyotining yodgorliklari: «Manu qonunlari», Kalidasining «Shakuntali» dramasi, falsafiy poema «Bxagavagita» tarjima qilinadi. Nemis tadqiqotchilari Hindistonda jahon madaniyatining ildizini qidirdilar. XIX asrning birinchi yarmida sanskrit tilining qadimgi fors, lotin va yunon tillari bilan qarindoshligi nazariyasi ilmiy asoslandi. XIX asrning o‘rtalarida va ikkinchi yarmida hind adabiyotining yodgorliklari, asosan vedalarni tarjima qilish va chop qilish yuzasidan muhim ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 50 tomli «Sharqning muqaddas kitoblari» (Oksford universitetida Maks Myuller asos solgan), ko‘p tomli sanskrit lug‘atlari paydo bo‘ldi. XIX asrning oxirida T. Ris, Devids pali tilidagi matnlarni o‘rganish va chop etish jamiyatini tashkil etdilar. XIX asrning 70-yillari XX asrning boshlarida Hindistonda arxeologik qazishmalar boshlanadi. Hindistonning ilk arxeologik xaritasini olim A. Kanningem tuzadi. XX asrning 20-30-yillarida Janubiy Osiyoning eng qadimgi hind sivilizatsiyasi ochildi. Tizimli arxeologik qazishmalar natijasida XX asr boshlaridan arxeolog Marshall Taksila shahri xarobalarini ochdi. Xarappa va Moxenjo-Daro shaharlaridan boy topilmalardan – eng qadimgi yozuv namunalari topildi (Banerji, Marshall, Makkey va boshqalar). XX asr boshlarida hindshunoslikning umumiy konsepsiyasida yevrosentrizm an’anasi kuchli edi. Qadimgi hind jamiyati turg‘un, mustaqil taraqqiyotga qobiliyatsiz, hind davlati teokratik va despotik, tafakkur chalg‘itilgan va faqat diniy deb asoslashga harakat qilindi. Hindistonga makedoniyalik Aleksandr yurishining siyosiy ahamiyati bo‘rttirib ko‘rsatiladi. Hind madaniyatining muhim yutuqlari (epik asarlar, poeziya, teatr) yunonlardan o‘zlashtirilgan deb uqtirildi. Faqat XX asrning birinchi yarmida hind milliy tarixnavisligining juda katta tadqiqotlari bunday qarashlarning asossizligini ko‘rsatdi. Hind milliy tarixnavisligi manbalarda ko‘p hollarda yetarlicha tanqidiy tahlil etilmadi. Qadimgi tarix ma’lum darajada modernizatsiya qilindi. Shunga qaramasdan, qadimgi hind tarixi va madaniyati bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqotlarda qadimgi hind sivilizatsiyasining mustaqil rivojlanib, noyob bir madaniyat sifatida mukammal shakllanganligi o‘z isbotini topdi.
XIX asrning 50-yillarida ingliz generali, ishqiboz arxeolog A. Kanningem Hindistonda arxeologik qazishmalarga boshchilik qildi. U hozirgi Pokistondagi Xarappada qadimgi shaharcha qoldiqlarini ko‘zdan kechirayotganda, noma’lum yozuvlar bitilgan muhrni topdi. Rejali arxeologik qazishmalar XX asrning 20-yillarida boshlandi. Hind daryosi vodiysidan Xarappa va Moxenjo-Daro (sinxi tilida «o‘liklar tepaligi») shaharlari qoldiqlari ochildi. Bu mil.avv. III–II ming yilliklarga oid fanda noma’lum bo‘lgan sivilizatsiya edi. Bu keyinchalik Hindistonda oriylargacha mavjud bo‘lgan Xarappa sivilizatsiyasi deb nomlandi. Janubiy Osiyoda eng qadimgi bo‘lgan hind sivilizatsiyasi Hind daryosi vodiysida (hozir asosan Pokiston hududi; taxminan, mil.avv. XXIII–XVII asrlar) paydo bo‘lib, qadimgi Sharq sivilizatsiyalarining yuzaga kelishiga ko‘ra, xronologiya bo‘yicha uchinchisi hisoblanadi. Hind daryosining g‘arbida neolit davrida (mil.avv. VII–VI ming yilliklar) aholi dehqonchilik bilan shug‘ullana boshlaydi. Vodiyda paxsa uyli kichik qo‘rg‘onlar paydo bo‘ladi. Hind arxeologi Rakxaldas Banerji 1922-yilda Hind daryosi yaqinidan qadimgi shahar xarobasini ochdi. Shahar qoldig‘i tepalik nomi bilan Moxenjo-Daro («o‘liklar tepaligi») deb ataldi. Shu yili boshqa hind arxeologi Ray Bahodir Dayaram Saxniy G‘arbiy Panjobda Xarappa shahri xarobalarini ochdi. Keyinchalik Chanxo-Daro va Kalibangan shahar qoldiqlari qazib ochiladi. Hozirgi vaqtda hind vodiysi havzasida hind sivilizatsiyasining bir necha yuz qo‘rg‘onlari ochilgan. Hindiston sivilizatsiyasining qo‘rg‘onlarini G.Majumdara, E.Makkey, D. Marshall va M.Vilerlar ilmiy tadqiq qildilar. Natijada bu madaniyatning yuqori darajada rivojlangani to‘g‘risida yetarli arxeologik dalillar to‘plangan. Hind sivilizatsiyasining shahar-qishloqlari ulkan hududga sochilib ketgan: shimoldan janubga 1100 km va g‘arbdan sharqqa 1600 km. Olimlarning hisobiga ko‘ra, eng katta shaharlarda 100 minggacha odamlar yashagan. Shaharlar savdo-hunarmandchilik markazi, ma’muriy hokimiyat turadigan joy bo‘lgan. Aholining ko‘pchiligini tashkil qilgan dehqon, chorvadorlar qishloq joylarida jamoa bo‘lib yashaganlar. Xarappa sivilizatsiyasining xronologiyasi mil.avv. 2500/2300 – mil.avv. 1800/1700-yillar deb ko‘rsatiladi. Xarappa sivilizatsiyasida shaharsozlik qurilish madaniyati yuqori darajada bo‘lgan. Shaharlar qurilishi qat’iy rejalashtirish asosida amalga oshirilgan. Ulkan me’moriy inshootlar, yozuv, o‘lchov va og‘irlik o‘lchovlari tizimi va san’at asarlarini mavjudligi bu davrda davlat va jamiyat tartib-qoidalari rivojlanganligidan dalolat beradi. Asosiy markazlar qazib ochilganda, ular har tomonlama puxta tuzilgan reja asosida qurilgani ko‘rinadi: ko‘chalar bir-biri bilan parallel bo‘lgan, to‘g‘ri burchakda biri ikkinchisi bilan kesishgan, bosh ko‘chalar ancha keng – 10 m gacha bo‘lgan. Misol uchun, Moxenjo-Daro shahri bir necha o‘n ming kishi yashaydigan 2 kv. km maydondan iborat bo‘lgan. Uylar 2 qavatli, kanalizatsiyaga ega. Barcha yirik shaharlar ikki qismdan iborat bo‘lgan: shahar ustida ko‘tarilgan qal’a va «quyi shahar». Qal’ada ko‘rinishidan shahar hokimiyati (ba’zi olimlarning fikricha, kohinlarning uyi ham shu yerda bo‘lgan) joylashgan. Uning yaqinida diniy marosimlar uchun xizmat qiladigan hovuz topilgan. «Quyi shahar»da esa aholining asosiy qismi yashagan. Arxeologik qazishmalar shaharning ikki qismi o‘rtasidagi aloqalar chek; langanligini ko‘rsatadi. Oddiy aholini qal’aga kiritmaslik uchun maxsus darvozalar mavjud bo‘lgan. Boy shaharliklar hatto uch qavatli uylarda yashaganlar. Aholining asosiy mashg‘uloti dehqonchilik bo‘lib, bug‘doyning bir necha navi, tariq va no‘xat ekilgan. Bog‘dorchilik ham mavjud bo‘lgan. Bir necha manzilgohlardan sholi qoldiqlari topilgan. Xarappa qal’asida ulkan g‘alla ombori qurilgan. Sug‘orma dehqonchilik uchun sun’iy sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Yer o‘g‘itlanib, yilda ikki marta hosil olingan. Yirik qoramol, qo‘y, echki boqilgan. Bu shahar sivilizatsiyasida o‘ziga xos yozuvdan foydalanilgan. Hozirgacha muhr, sopol, metall buyumlarga bitilgan ko‘plab yozuvlar topilgan. Olimlar 400 dan ko‘proq belgilarni ajratdilar. Yozuv o‘ngdan chapga tomon yozilgan. Bu sivilizatsiyaning ijodkori bo‘lgan aholi protodravid tiliga mansubligi aniqlangan. Shahar hunarmandchiligi to‘g‘risida aniq tasavvur hosil qilish mumkin. Kulolchilik, to‘qimachilik yuqori darajada rivojlangan. Haykalchalar kichik hajmda bo‘lib, hokim-kohin, yalang‘och ayolning (raqqosa deb taxmin qilinadi) jez haykalchalari topilgan. To‘g‘ri burchakli muhrlar topilib, ularning ko‘pchiligida mifologik manzaralar tasviri tushirilgan. Bu yerdan topilgan boshqa muhrlarga o‘xshash buyumlar hind vodiysidan uzoq bo‘lgan Bahrayn orollari, Mesopotamiya, Eron va Turkmanistondan topilgan. Bu Moxenjo-Daro va Xarappaning qadimgi Sharq sivilizatsiyalari bilan yaqin aloqada bo‘lganidan dalolat beradi. Xalqaro savdo yuqori darajada yo‘lga qo‘yilgan. Afg‘oniston, Belujiston va O‘rta Osiyodan tosh va metallar olib kelingan. Sharqiy va Janubiy Hindiston, Birma bilan savdo aloqalari o‘rnatilgan. Bu aloqalar quruqlik va dengiz yo‘llari bilan olib borilgan. Baxrayn orolidagi qazishmalar, bu yer Hind savdogarlari boshqa Sharq savdogarlari bilan mahsulot almashadigan joy ekanligini ko‘rsatadi. Lotxala (hozirgi Mumbay shahri yaqinidagi Xarappa shahri)dan topilgan muhrlarda machtali kemalar tasviri tushirilgan. Bu dengiz savdosi bo‘lganligidan dalolat beradi. Moxenjo-Daro va Xarappadan katta miqdorda jez va mis buyumlar, jumladan, boltalarning bir necha turlari, turli shakldagi pichoqlar, tig‘lar va tarozi topilgan. Qilich, xanjar, nayza va kamonlarning metall uchlari quyma va toblab yasalgan. Topilmalar ichida jez va mis oynalar ham mavjud. Oltin, kumush, mis va jezdan bilaguzuklar, uzuk va baldoqlar nihoyatda nafis tayyorlangan. Tosh asosiy xomashyo bo‘lib, toshdan yorg‘ichoqlar, bo‘yoqlarni eritadigan idishlar tayyorlangan. Tarozi toshlari slans, kvarsit, ohaktosh, yashma va alebastrdan yasalgan. Shimoliy-G‘arbiy Hindistonda kulolchilik san’ati yuqori darajada rivojlanib, tasvirli va tasvirsiz sopol buyumlar tayyorlangan. Naqshli sopol idishlar kulolchilik charxida tayyorlanib, tiniq bo‘lmagan qizil rang bilan qoplanib, keyin unga qora tasvir tushirilgan. Loydan yasalgan suv quvurlar, loy g‘ildiraklar, urchuq qismlari, loy bilaguzuk, siyohdon, o‘yinchoqlar va shamdonlar topilgan. Arxeologik qazishmalar natijasida topilgan tasvirlar va suyaklarga ko‘ra, hind sivilizatsiyasida dehqonchilik va chorvachilik yaxshi rivoj topgan. Tur, zebu, kalta shoxli ho‘kiz, buyvol, echki va it boqilgan. Fil qo‘lga o‘rgatilgan. Tovuq va tovus kabi parrandalar bo‘lgan. Bug‘doy, tariq va paxta ekilgan. Ovchilik, termachilik, baliqchilik bilan shug‘ullanganlar. Ho‘kiz qo‘shilgan aravalar transport vositasi sifatida xizmat qilgan. Moddiy madaniyat va san’at yodgorliklari asosida hind vodiysi aholisining diniy tasavvurlari to‘g‘risida tushuncha hosil qilish mumkin. Muhrlardagi tasvirlar bu yerda yashagan aholi daraxtlar, hayvonlar, osmon jismlariga e’tiqod qilganidan guvohlik beradi. Ona ma’buda haykalchasi dinning dehqonchilik xususiyatini ko‘rsatadi. To‘rt hayvon qurshovida Iog holatida turgan erkak ma’bud dunyoning to‘rt tomoni hukmdori deb qaraladi. Mil.avv. XVIII asr oxirida Xarappa madaniyati asta-sekin halokatga yuz tutadi. Hind sivilizatsiyasining siyosiy va ijtimoiy tizimi to‘g‘risida faqat umumiy tasavvur qilish mumkin. Qal’a va shaharlar reja asosida qurilishi davlat hokimiyati mavjudligidan darak beradi. G‘alla ombori va ishchilar uchun xonalar mavjudligi bu hududning aynan Mesopotamiyadagi ibodatxona, davlat xo‘jaligi bilan o‘xshashligini ko‘rsatadi. Ishlab chiqarish taraqqiyoti darajasi, shaharlar va yozuvning mavjudligi, uy-joy inshootlari hajmlarining katta-kichikligi aholi o‘rtasida ijtimoiy tengsizlikdan dalolat beradi. Qadimgi hind sivilizatsiyasining halokati turli hududlarda turli xil bo‘lgan. Ba’zi joylarda iqlimning o‘zgarishi, boshqasida turli epidemiyalar yoki tektonik o‘zgarishlar sivilizatsiya halokatiga olib kelgan. Antro- pologlarning XX asrning 70-yillaridagi suyak qoldiqlarini yangi uslub asosida tekshirishlari natijasida shahar-qishloqlar aholisining o‘limi sababi bezgak (malyariya) ekanligi aniqlandi. Bu halokat oriy qabilalarining Hindistonga kelishidan bir necha asr oldin yuz bergan. Mil.avv. XVII asrdan qadimgi Hindistonga oriylar kirib keldi. Ular Hind va Gang daryo vodiylarini egalladilar. Mahalliy aholining bir qismi Hindiston janubiga ko‘chdi. Oriylar bilan qolgan qoratanli mahalliy aholining bir qismi asta-sekin bir-biri bilan aralashib ketdi. Aborigenlar oriylarning madaniy ta’siri ostiga tushdilar. Mil.avv. XII–X asrlarda oriylar Hind-Gang tekisligining Markaziy qismini (oriylar bu hududni «O‘rtalikdagi yer» Arya varta- «Oriylar yeri» deb atadilar) o‘zlashtirdilar. Veda matnlari ma’lumotlari asosida hind-oriy qabilalarini sharqqa – Gang vodiysiga siljishini umumiy ko‘rish mumkin. Oriylarning Gang daryosining vodiysi tomon siljishlari bir necha asrlarni qamrab olgan davomiy jarayon edi.
Shimoliy Hindistonda ilk davlatlarning tashkil topishi (mil.avv. XIII–VII asrlar). Mil.avv. II ming yillikning oxiri – I ming yillik boshlaridagi Shimoliy Hindiston tarixini o‘rganishda asosiy manbalardan biri «Vedalar» hind diniy adabiyotining eng qadimgi yodgorliklari hisoblanadi. Vedalar madhiyalar, qo‘shiqlar, qurbonlik aytishlari, muqaddas marosimni tushuntiradigan keng asarlardan iborat to‘plamlardir. Til, din va mifologiya bo‘yicha ular «Avesto» bilan o‘xshashdir. «Avesto» vedalari tadqiqotchilarning fikricha, oriy («ariya» so‘zidan «oliyjanob») qabilalari tomonidan tuzilgan. Tuzilish bo‘yicha «vedalar»: Ilk veda (mil.avv. I ming yillik boshlari) va So‘nggi veda (mil.avv. IX–VII asrlar) davrlariga bo‘linadi. Ko‘pchilik olimlarning fikricha, hind oriylari yodgorligi «Rigveda» matnlari mil.avv. XI–X asrlarda shakllangan. «Rigveda» (hind-oriylarning vedalarini eng qadimgi qismi)da uchraydigan geografik nomlarga ko‘ra, u Panjobda tuzilgan. So‘nggi veda matnlari shakllangan paytda oriy qabilalari Hind-Gang tekisligining butun markaziy qismiga tarqalgan edi. «Rigveda» yaratilgan davrda oriylarda jamiyat va davlat hali shakllanmagan edi. Iqtisodiyotda yirik qoramolchilikka asoslangan chorvachilik rivojlangan. Bu davrda dehqonchilikka e’tibor berilmagan. Oriylar mis va jezdan foydalanganlar. Uy-joyni qamish va loydan qurganlar. Gang daryosining yuqori qismi, Gang va Jamna o‘rtasidagi yerlar «Mahabxarat» epik asarining syujetini tashkil qiladi. «Rigveda» davrida harbiy yo‘lboshchilar aravalarda jang qilganlar. Maxabxaratda yengil jang aravalari to‘g‘risida eslatiladi. Jang aravalarida musobaqa – poygalar o‘tkazilgan. Diniy va epik asarlarda aholining asosiy qismi to‘g‘risida ma’lumotlar juda kam. Ijtimoiy tashkilot qabila bo‘lgan. Qabila boshlig‘i roja – harbiy boshliq va yo‘lboshchi sifatida o‘z qarindoshlari va xizmatkorlariga tayangan. Qabila uch tabaqa: kohinlar, harbiylar va oddiy jamoachilarga bo‘lingan. Muhim masalalar yig‘ilishda hal qilingan. Vedalarda ko‘rsatilgan qo‘shnilar bilan podalarni haydab ketish mumkin bo‘lgan urushlar oddiy hol bo‘lgan. Veda tilida «urush» (gavishta) so‘zi «sigirlarni bosib olish» ma’nosini bildiradi. Ilk veda davrida qulchilik mavjud bo‘lgan. Qadimda hindcha «dasa» – qulni bildirgan so‘z ko‘pgina veda madhiyalarida uchraydi. Dastlab asirlar qulga aylantirilgan. Veda va dostonlarda qul erkaklar kam tilga olinadi. Ayol qullar to‘g‘risida keyinchalik ko‘p so‘zlanadi. Qulchilik xonaki tusda bo‘lib, veda jamiyati ham urug‘- jamoa tashkiloti darajasida bo‘lgan. Keyinchalik jamoa a’zolari ham qarzi uchun qul qilinganlar. Mil.avv. IX–VII asrlardan so‘nggi veda davrida iqtisodiyot, ijtimoiy-siyosiy tuzumda keskin o‘zgarishlar yuz beradi. Oriylar mahalliy aholidan shu hudud tabiati va iqlimiga mos keladigan xo‘jalik faoliyatini o‘rgandilar. Oriylar uchun asosiy harakatlanish vositasi bo‘lgan yilqi nam tropik sharoitda ko‘paymas edi. Gang chakalakzor o‘rmonlarida ko‘chmanchi chorvachilik qilish mumkin bo‘lmagan. Bu yerda asosiy ekin tariq va sholi bo‘lgan. Dehqonchilik rivojlanib, Hind-Gang vodiysida keng dalalar o‘zlashtiriladi. Daraxtning qattiq yogochidan omoch yasash boshlanadi. Eshaklar asosiy yuk tortish vazifasini bajargan. Sutli ovqat kundalik yemish bo‘lgan. Bayramlarda chorva mollari mo‘l-ko‘l qurbonlik qilingan. Temirdan faqat kamon o‘qi va nayza uchlari tayyorlangan. Uylar yog‘och va bambukdan qurilgan. Veda davri aholisi sholi, tariq, bug‘doy va dukkakli ekinlarni ekkan. Sholikorlik Gang daryosi vodiysini o‘zlashtirish davomida paydo bo‘ladi. Olimlarning fikricha, hind-oriylarga bu o‘simlik ilgari ma’lum bo‘lmagan. Sholikorliukni mahalliy aholidan o‘zlashtirib oladilar. Veda qabilalari uncha katta bo‘lmagan, mustahkamlangan manzilgohlarda yashaganlar. Shaharlar keyinchalik paydo bo‘lgan. Erkin va to‘la huquqli dehqonlar jamoani tashkil qilib, bir yoki bir necha qishloqda yashaganlar. Jamoatchilar qo‘shni va qon-qarindosh aloqalar asosida birlashganlar. Jamoada eng muhim masalalar urug‘ yiginlarida hal qilingan. Urug‘ jamoasi a’zolari yig‘ilib, butun jamoa nomidan asosiy marosimlar bajarilgan. Qishloq aholisining bir qismi to‘la huquqli bo‘lmagan. Ular boshqa joydan ko‘chib kelgan kishilar bo‘lgan. To‘la huquqli bo‘lmaganlar xizmat ko‘rsatadigan sohalar, jumladan, hunarmandchilik bilan shug‘ullanganlar. Qishloqda keskin mulkiy tabaqalanishga jamoa ichki aloqalarining o‘ta mustahkamligi qarshilik ko‘rsatgan edi. So‘nggi veda davrida o‘z-o‘zini boshqarish qishloq jamoasi bilan cheklanib qoladi. Qabila va qabilalararo munosabatlardagi barcha masalalar hokim va yo‘lboshchilar vakolatiga kiradi. Mil.avv. II ming yillik oxiri – I ming yillik boshlarida Shimoliy Hindistonning ijtimoiy-siyosiy taraqqiyotida jamiyatning quyidagi to‘rt toifasini ko‘ramiz: 1. Kohinlar; 2. Kshatriylar-qabila harbiy zodagonlari; 3. Vayshilar – savdogar, hunarmand, dehqonlar; 4. Shudra (qullar) – jamoaning pastki to‘la huquqli bo‘lmagan aholisi. Har bir qatlam yopiq toifa – varna (hindcha so‘zma-so‘z «rang», «nav»)ga aylanadi. Har bir varna vakilining merosiy mavqeyi ularning mashg‘uloti va diniy majburiyatlarini belgilagan. Braxmanlarga kohinlik va o‘qituvchilik majburiyati; kshatriylarga jang qilish va boshqarish; vayshilarga qishloq xo‘jaligi, hunarmandchilik va savdo bilan shu’gullanish; shudralarga uch oliy varnalarga so‘zsiz xizmat qilish majburiyati yuklatilgan. Bu toifaviy mavqe merosiy bo‘lib o‘tgan. Har bir varna uchun o‘z huquqi, o‘z ovqati, kiyimi, uy anjomi, kiyimining rangi va boshqalar qat’iy belgilangan edi. Braxmanlar turli varnalarni ilk odam – Purusha jismining turli qismidan (braxmanlar og‘zidan, kshatriylar qo‘lidan, vayshilar biqinidan, shudralar loyga botgan oyoqlaridan) yaratilgan deb o‘qitar edilar. Shu sababli, qolgan uchta varnaga xizmat qilish shudralarga buyurilgan. Brahmanlar qator imtiyozlarga ega bo‘lganlar. Uni hech kim haqorat qilishi, tazyiq o‘tkazishi yoki tan jarohati yetkazishi mumkin emas, aks holda brahman g‘azablanib butun dunyoni yondirib yuborishi mumkin. Muqaddas matn bag‘ishlanmaganlar qo‘liga tushmasligi va marosimiy bulg‘anmasligi uchun brahmanlarning bilimlari avloddan-avlodga og‘zaki uzatiladi. Olim brahman o‘smir o‘quvchilar qurshovida bo‘ladi, balog‘atga yetguncha ular o‘z o‘qituvchilari – guruhiga xizmat qiladilar, uning so‘zlaridan ko‘p ming bet bo‘ladigan matnlarni yodlaydi. Xotirada qolishi kerak bo‘lgan matn tili alohida «poklangan» («sanskrit») bo‘lgan. U hech qanday o‘zgarishi mumkin emas. Shu sababli aholi so‘zlashadigan jonli tillardan uzoqlashib, ajralib borgan. Qadimgi hind tarixining yangi davri Gang daryosi vodiysi bilan bog‘langan. Oriylarning ilk manzilgohlari savdo-hunarmandchilik o‘choqlari, siyosiy markazlarga aylandi. Mil.avv. I ming yillikda Gang vodiysida Koshala, Magadxa, Anga, Vatsa va boshqa davlatlar paydo bo‘ldi. Vedalar va dostonlarda Gang vodiysidagi eng qadimgi sulola va davlatlar nomlari tilga olinadi. Mahabxarat dostonida Pandav va Kauravlar sulolalari o‘rtasidagi urushlar to‘g‘risida hikoya qilinadi. Mayda davlatlar o‘rtasida yer-suv, chorva uchun muntazam urushlar bo‘lgan. Mil.avv. I ming yillik o‘rtalarida Hindistonda yirik davlatlar paydo bo‘ldi. Ularning ko‘pchiligida alohida sulolalar hukmronligi, ayrimlarida boy-zodagonlar hukmronlik qilgan oligarxik respublikalar mavjud edi.

1 Runion, M.L. The History of Afghanistan. – London: Greenwood Press, 2007. – P. 17.

Download 0,8 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish