Estetik hissiyot
hayot hodisalarini yoki san’at asarlarini estetik idrok etish
jarayonida paydo bo‘ladi.
Estetik hissiyot shu idrok yuzaga keltiradigan o‘ziga xos kechinmadan iborat
bo‘lib, go‘zallikni va yuksaklikni, fojiaviylik yoki kulgililikni his qilish sifatida yuz
beradi. Insonning hayotga estetik munosabati nozik hissiyot tarixiy taraqqiyot
mahsulidir. U jamiyat estetik ongining darajasini aks ettiradi.
Estetik did turli estetik hodisalarga nozik baho berish, avvalo, chiroylilikni,
go‘zallikni xunuklikdan, jirkanchlikdan farq qila bilish qobiliyatidir. San’at asarlariga
baho beriladigan hollarda estetik did badiiy did ham deb ataladi. Yaxshi estetik did
chinakam go‘zallikdan lazzat ola bilish, mehnatda, turmushda, yurish-turishda,
san’atda go‘zallikni idrok etish va yaratishga ehtiyoj sezish demakdir. Aksincha,
yomon estetik did insonning voqelikka estetik munosabatini buzadi, chinakam
go‘zallikka uni loqayd qilib qo‘yadi, ba’zan esa hatto shunga olib keladiki, inson
xunuk narsadan lazzat oladigan bo‘ladi. Rivojlangan estetik didni shakllantirish —
estetik tarbiyaning eng muhim vazifalaridan biridir.
402
Ta’lim-tarbiyaning boshqa shakllari kabi estetik tarbiya ham o‘z diqqat-
e’tiborini yakka odamga va ijtimoiy guruhga qaratadi. Estetik tarbiya umuminsoniy
va milliy qadriyatlarni qaror toptirishga xizmat qiladi. Ayonki, tarbiya inson ongiga,
his-tuyg‘ulariga, tasavvurlariga, e’tiqodiga, dunyoqarashiga, xatti-harakatlariga, xulq-
atvoriga ta’sir o‘tkazishni o‘z oldiga maqsad va vazifa qilib qo‘yadi.
Estetik tarbiya ham ana shu umumiy maqsad va vazifaning tarkibiy qismi
sifatida amal qilib, ijtimoiy jihatdan ahamiyatga molik hodisani anglatadi. Shuni
ta’kidlash lozimki, qadimgi dunyoda umuman tarbiya maqsadi estetik asosda
namoyon bo‘lgan. Masalan, qadimgi yunonlarda estetik tarbiya maqsadi fuqarolarni
har tomonlama rivojlanishga, «ruh va badan» hamohangligini qaror toptirishga
yo‘naltirilgan edi.
Aflotun va Arastu kabi zabardast mutafakkirlar ta’limotlarida estetik tarbiya
tizimining bir-biridan farqli tomonlari bo‘lgani holda umumiylik ham mavjud bo‘lib,
u yagona estetik orzuni qaror toptirishga, yagona axloqiy xulq-atvor va fuqarolik
xislat-fazilatlarni shakllantirishga xizmat qilgan edi.
Bugungi kunda estetik tarbiyaning ahamiyati yanada ortib bormoqda.
Birinchidan, mustaqillik sharoitida inson omili ortib bormoqda, hayotning
barcha jabhalarida faoliyat ko‘rsatayotgan insonlarning ezgu xislat-fazilatlari,
ongliligi, faolligi, ijodiy qobiliyatlari o‘smoqda.
Ikkinchidan, O‘zbekiston aholisining ko‘pchiligining umumiy madaniyati
yuksalib borishi jarayonida yangi texnika va texnologiyalar, ishlab chiqarishni tashkil
qilish ishi tobora takomillashib boryapti.
Uchinchidan, yangi ishlab chiqarish munosabatlari, bozor iqtisodiyotining keng
o‘rin egallab borayotganligi, qonunchilikning yanada rivojlanib, amal qilayotganligi
fuqarolarning umumiy madaniyati, ayniqsa, estetik madaniyati darajasining yuksalib
borishini taqozo etmoqda.
To‘rtinchidan, hozirgi davr ilmiy-texnika inqilobi sharoitida elektronika,
avtomatika, kibernetika, informatika kabi fanlar ishlab chiqarish sohasini tubdan
qayta qurishga imkoniyatlar yaratib berayapti. Bu hol ishlab chiqarishda band bo‘lgan
403
odamlarning ruhiy holatining ham tubdan o‘zgarishini, ijtimoiy-ruhiy, axloqiy-estetik
saviyasini oshirishni taqozo etmoqda.
Beshinchidan, radio, matbuot, ayniqsa, «oynai jahon» kabi ommaviy axborot
vositalarining turmushdan keng o‘rin olishi natijasida badiiy axborot hajmining ham
keskin ortib borishi estetik tarbiyaga yanada ko‘proq e’tibor berishni talab etmoqda.
Avvallari estetik tarbiya o‘ta tor va bir tomonlama talqin qilinar, ya’ni uni san’at
asarlarini to‘g‘ri idrok etish, bu bilan alohida lazzatlanish yoki biror san’at turini bilib
olib, muayyan badiiy ko‘nikmalarga ega bo‘lish doirasida in’ikos etilar edi.
Badiiy tarbiya estetik tarbiyaning tarkibiy qismi bo‘lib, u estetik tarbiyaning
asosiy mazmuni va maqsad-yo‘nalishlarini to‘la ifodalamaydi. Badiiy tarbiyaning
asosiy maqsadi munosabatlarni san’at vositalari yordamida shakllantirishdir.
Estetik tarbiya bilan badiiy tarbiyani bir-biriga tenglashtirish ham, qorishtirish
ham, qarama-qarshi qo‘yish ham xato bo‘lardi. Shuni esda tutish lozimki, estetik
tarbiya san’at bilan chegaralanib qolmaydi, balki uning asosiy mazmuni insonning
voqelikka estetik munosabatini faollashtirish va rivojlantirishdan iboratdir.
Estetik tarbiya insonning estetik ongini shakllantirish jarayonida uni axloqiy,
mehnat, ekologik jihatlardan ham tarbiyalash vazifalarini qamrab oladi.
Estetik tarbiyaning axloqiy tarbiyaga ta’siri shundaki, nafosat olami ezgulik va
yaxshilikdan, beg‘arazlikdan ajralmagan holda amal qiladi. Estetik tarbiyaning
mehnat tarbiyasi bilan birlashib ketishi, mehnat jarayoni shaxsning tabiiy ehtiyojiga
aylanib borishida o‘z ifodasini topadi.
Estetik tarbiya bilan ekologik tarbiya bog‘liqligi esa tabiatga beg‘araz, insoniy
munosabatda bo‘lishda, jamiyat bilan tabiat o‘rtasida hamohang aloqadorlik
munosabatlarini o‘rnatishda namoyon bo‘ladi.
Shunday qilib, estetik tarbiya — bu estetik jihatdan rivojlangan va ijodiy faol
bo‘lgan inson shaxsini shakllantirish demakdir. Estetik tarbiya insonparvar
mohiyatga, estetik orzu mos keladigan voqelikni idrok etish, baholash va nafosat
qonunlari asosida qayta yaratishga qodir bo‘lgan inson shaxsini shakllantirishga
mo‘ljallangan ta’lim-tarbiya sohasidir.
404
Estetik tarbiyaning eng muhim vositasi sifatida san’at nafaqat badiiy
qadriyatlarni idrok qilish, balki ularni yaratishni ham o‘z ichiga oladi. Badiiy
qadriyatlarni yaratishda jamiyat a’zolarining, ayniqsa, yosh avlodning faol ishtirok
etishi muhimdir. Buning uchun esa ularda estetik did-farosat va estetik talab-
ehtiyojlari rivojlangan bo‘lishi zarur.
Estetik tarbiya ijtimoiy faol, har tomonlama va hamohang rivojlangan shaxsni
tarbiyalash maqsadiga xizmat qiladi. Yoshlarni har tomonlama ham aqlan, ham
jismonan barkamol, axloqan yetuk, ma’naviy pok, estetik idrokli qilib tarbiyalashdek
muhim va dolzarb muammolarni hal etishni taqozo qiladi.
Estetik tarbiya shaxsning estetik kamolotiga ta’sir o‘tkazadigan tashqi va ichki
shart-sharoitlarga bog‘liqdir. Estetik tarbiya vositalari deb, shaxsning voqelikka
estetik munosabatini rivojlantirishga xizmat qiladigan tarbiyaviy faoliyat shakllariga
aytamiz. Estetik tarbiya omillari va vositalari o‘rtasidagi chegara nisbiy va shartlidir.
Muayyan sharoitlarda estetik tarbiya omillari estetik tarbiya vositalari vazifasini
o‘tashi va aksincha bo‘lishi ham mumkin.
Yoshlarni go‘zallikka oshno qilish, ularda hayotiy voqealarni to‘g‘ri tushunish
olijanob his-tuyg‘ularni va intilishlarni shakllantirishga yordam beradi. Yoshlarda
go‘zallikni idrok qilishni tarbiyalash orqali ularda boshqa kishilarning kechinmalarini
his eta bilish, kishilarning xursandchiliklariga sherik bo‘lish, qayg‘usini birga baham
ko‘rish kabi xususiyatlar shakllantiriladi.
Ayrim yoshlar yasama, sun’iy «go‘zallik» bilan o‘zlarini badbashara qilib
qo‘yadilar, ular haqiqiy go‘zallik yuzning tabiiy latofatida, sodda va xushbichim
kiyimda ekanini unutib qo‘yadilar. Kishining tashqi go‘zalligi kiyim ranglarining bir-
biriga mos kelishida, tabiiylik va soddalikda yaqqol ko‘rinadi. Ko‘zga tashlanmagan
holda husniga tabiiy latofat va nafosat beradigan, ayrim kamchiliklarini bilintirmay
ketadigan ust-bosh kiygan inson ko‘rkam va go‘zaldir.
Insonning did-farosati kiyim-boshida, xatti-harakatlarida, o‘zini tuta bilishida
ko‘zga tashlanadi. Samimiy, oqko‘ngil, o‘ziga talabchan, tarbiyalangan inson tashqi
ko‘rinishida sun’iylik, qalbakilikni ko‘rsatuvchi biron-bir bema’nilikka yo‘l
qo‘ymaydigan tarzda kiyinishga, o‘zini shunga munosib tutishga harakat qiladi.
405
Didli-farosatli kishi hamisha ana shu qiyofani saqlab qoladi. Tashqi qiyofaga e’tibor
berish ichki, ma’naviy go‘zallikning ifodasi hisoblanadi.
Estetik taraqqiyot shaxsning estetik ongi va estetik faoliyatining shakllanishi va
takomillashuvida uzoq vaqtni talab etadigan jarayondir. Shaxsning estetik taraqqiyoti
ijtimoiy-tarixiy va estetik tajribani ijodiy o‘zlashtirish natijasida yuzaga keladi. Bu
har xil yo‘llar va shakllar orqali amalga oshiriladi. Shaxsning estetik jihatdan
rivojlanishida ta’lim va tarbiya hal etuvchi rol o‘ynaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |