Keng ma’noda siyosat ijtimoiy hayotning ob’ektiv manzarasini ifodalaydi. U jamiyat hayotining xilma-xil sohalarida ro’y beradigan voqea-hodisalar, o’zgarishlarni aks ettiradi va ularni iqtisodiy siyosat, madaniy siyosat, sotsial siyosat, harbiy siyosat kabi turli tushunchalar orqali ifodalaydi.
Tor ma’noda esa siyosat jamiyat hayotining alohida bir sohasida, ya’ni siyosiy sohada ro’y beradigan o’zgarishlarni ifodalaydi va shu sohaning o’ziga nisbatan qo’llaniladi. Jamiyatdagi barcha siyosiy va ijtimoiy tashkilotlarning faoliyati siyosatning tor ma’nosi orqali ochib beriladi. Xalqaro tashkilotlarning siyosiy faoliyati ham siyosatning tor ma’nodagi ifodasidir. Siyosat tor ma’noda davlatlarning 1) ichki va 2) tashqi faoliyati, xalqaro siyosiy munosabatlar bilan bog’liq bo’lgan masalalarni ham o’zida aks ettiradi.
Siyosat o’z mohiyati va xususiyatlariga ko’ra 2 turga bo’linadi:
adolatli yoki taraqqiyparvar siyosat;
adolatsiz yoki reaktsion siyosat.
Siyosat o’z tuzilishiga ko’ra 2 turga: 1) ichki va 2) tashqi siyosatga bo’linadi.
Ichki siyosat – bu siyosat sub’ektlarining mamlakat ichkarisida amalga oshiriladigan faoliyatidir.
Tashqi siyosat – tashqi turli davlatlar bilan olib boriladi. Bu davlat idoralari, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari tomonidan xalqaro maydonda amalga oshiriladigan faoliyatdir.
2. Siyosiy jarayon tushunchasi hamda uning tartib va turlari
Siyosiy jarayon – siyosiy tizim faoliyatining shakli. U siyosiy tizimning vujudga kelishi, amal qilishi, yangilanishi va inqirozli holatlarini uning barcha tarkibiy qismlari, aloqalari, ta’siri harakati jarayonida o’rganish, aniq va yaxlit tasavvur qilish imkonini beradi.
«Siyosiy jarayon» tushunchasi – biror yo’nalishga ega harakat, holatlarning izchil almashinishi, biror natijaga erishishiga qaratilgan faoliyatlar birligini anglatadi. SHuningdek, siyosiy jarayon tushunchasi o’z navbatida siyosiy holatlar va hodisalarning ichki bog’liqlikka ega zanjir, siyosat sub’ektlarining hokimiyatga qaratilgan harakatlari o’zaro munosabatlari birligidir.
Siyosiy jarayonlar quyidagi ko’rinishlarda amal qiladi:
1) Siyosiy tizim tashkilotlarini shakllantirish. Bunda siyosiy tizim tarkibida yangi tashkilotlar tuziladi, ular o’rtasidagi me’yoriy munosabatlar o’rganiladi.
2) Siyosiy tizimni qo’llab-quvvatlash. Unda barqarorligini an’analar, tadbirlar, huquqiy va mafkuraviy ko’rsatmalar vositasida ta’minlash.
3) Siyosiy qarorlarni qabul qilish va ijro etish.
Do'stlaringiz bilan baham: |