Buyruq gap kesimning ifodalanish usuliga ko`ra farqlanadi:
1. Buyruq gapning kesimi ko`p hollarda buyruq-istak maylidagi fe’l bilan ifodalanadi. Masalan: Och odamning ustidan kulmang.
2. Buyruq gapning kesimi sifatida shart maylidagi fe’l keladi. Masalan: Iloji bo`lsa, uzoq kutdirib qo`ymasangiz... (J.Abdullaxonov). Unday bo`lsa, marhamat qilib uni ishlarimiz bilan ham oshno qilsangiz (J.Abdullaxonov).
3. Ba’zan buyruq gapning kesimi aniqlik (ijro, xabar) mayli shaklidagi fe’l bilan ifodalanishi mumkin. Masalan: Professor haliginday takror qo`l siltadi: - Raddiyani uning o`ziga yozdirasiz, bo`tam. (J.Abdullaxonov).
4. Buyruq gapning kesimi vazifasida fe’ldan boshqa so`zlar ham kelishi mumkin. Masalan: Uztoz Ali! Oldinga! (P.Q.). Bobur uning so`nggi yillarda o`rgangan chavandozlik mashqlaridan ko`rsatmoqchi ekanini sezdi. - Qani, qani,- dedi maroq bilan. (P.Q.). Hazratim, lozim bo`lsa, endi musiqadan, bir imtihon qilib ko`ring. -Qani, qani! (P.Q.). Orqadan kimdir: «E, bas, bas!» deb qichqirdi. (P.Q.).
Gapning emotsionallikka ko`ra turlari
Gaplar emotsionallikka ko`ra ikki xil bo`ladi:
1) emotsional bo`lmagan gaplar,
2) emotsional, yoki undov gaplar.
Xabar-darak, so`roq, buyurish intonatsiyasiga ega bo`lgan gaplar emotsional bo`lmagan gaplardir. Yuqorida ko`rib o`tilgan gaplarning barchasi, ya’ni darak gap, so`roq gap va buyruq gaplar emotsional bo`lmagan gaplarni tashkil qiladi.
Darak, so`roq, buyruq gaplar his-hayajon bilan aytilsa, undov gapga aylanadi. SHunga ko`ra undov gaplarning darak undov-gap, so`roq-undov gap, buyruq-undov gap turlari yuzaga keladi.
Darak-undov gap: Ishonganimdan senikiga olib keldim-da, o`rtoq! (O`.Hoshimov)
So`roq-undov gap: Bu gaplardan so`ng menga ko`ngillarini ocharmidilar?! (P.Q.).
Buyruq-undov gap: Yo`qolgan pichoqning sopi oltin bo`lavermasin!- dedi Davlatbekov. (P.Q.).
Undov gap quyidagi grammatik vositalar yordamida shakllanadi:
Turli his-tuyg`ularni: shodlik, quvonch, taajjub, afsuslanish, hayratlanish, g`azab va shu kabilarni bildiruvchi intonatsiya yordamida. Masalan: Odamlar bilan... yashash, ishlash, do`stlashish, yordamlashish va yordam olish naqadar yaxshi! (CH.Aytmatov). Aya, ayajon, shu ham gapmi! (A.Q.). Ayam bilan xollam yo`lga nima pishirsak ekan deb maslahat qilib o`tirishibdi! (A.Q.). Yillar, yillar o`tdi! (A.Q.). Kecha g`ishtdan tekkan edi, endi paxtadan tegibdi-da! (A.Q.);
undov so`zlar yordamida, masalan: E, u gaplar o`tdi-ketdi-da! (P.Q.). Obbo, noshudlar-ey!- dedi Ortiq qo`ziga achinib. (P.Q.). Ha, barakalla!- dedi keksa ishchi. (A.Q.). O`h-o`h-o`h! CHuchvarak-ku... Hay-hay, og`izda erib ketadi-ya!.. (A.Q.);
yuklamalar yordamida, masalan: Nahot, Mavloningiz jiyanining to`yiga kelmasa! (A.Q.). ... birpas tinch qo`ymaydi-ya!- deb bolalarini koyidi. (P.Q.). Boyaqishlar selda qoldi-yov!- deb Suyunboy aka qoyatoshning kamaridan chiqdi. (P.Q.).
Do'stlaringiz bilan baham: |