2-mavzu. Eshkak eshish tarixi.
Eshkak eshishning yuzaga kelishi. Eshkak eshish qadim zamonlardan buyon insonlar hayotida muhim rol o’ynaydi. Daryolarni, ko’llarni va shunga o’xshash suv yo’llarini kechib o’tishda odamlar har xil vositalardan foydalanganlar.
Ko’plab tarixiy ma`lumotlar eshkak eshish qayiqlaridan qadimda keng foydalanilganligini ko’rsatadi. Qoya toshlar va piramida devorlaridagi yozuv va rasmlar, arxeologik qazishmalar natijasida olingan va adabiyotlardagi ma`lumotlar shular jumlasidandir.
Sahroi Kabrda o’tkazilgan arxeologik qazishmalarda eramizdan oldingi V-II ming yilliklarga tegishli ma`lumotlar daryo va ko’llar qirg’oqlarida yashovchi qabilalar baliq ovlash va ov qilishda qayiqlardan foydalanganligini ko’rsatadi. Daryo va ko’l bo’ylarida o’rmonzorlar bo’lgan, odamlar suv yo’llarini kechib o’tishda daraxt shohlaridan yasalgan sollardan foydalangan.
Kanoe (kayak) qayiqlarida suvda eshkak eshishning yuzaga kelishi 3500 yildan ortiq deb hisoblanadi. Zamonaviy kanoe qayiqlarining dastlabki namunalari shimolning tub aholishi (eskimoslar, chukchalar) tomonidan dengizda ov qilishda, yuklarni va odamlarni suv yo’llaridan o’tkazishda foydalanilgan. Kayak so’zining ma`nosi eskimoslar tilidan “qajaq”, “qayaq” (qai – “qoplangan”) so’zlaridan kelib chiqqan. Kayak an`anaviy tarzda tayoq sinchlarga, o’rmonlar bo’lmagan joylarda (sharqiy eskimoslar) kit qovurg’alariga morj va tyulenlarning terisini qoplash orqali tayyorlangan. Sinchlarning ulanish joylari va suv o’tkazmaydigan tikish joylari yopishda hayvon paylari, kit mo’ylovlari va yelimlardan foydalanilgan. Eng qadimgi eskimoslar madaniyati - qadimiy beringdengiz madaniyati (eramizdan avvalgi VIII asrlar) hisoblanadi. Bu madaniyat uchun dengiz sut emizuvchilarini ko’p kishilik baydarka va kanoe qayiqlarida murakkab garpunlar yordamida ovlash xos bo’lgan. Ularning asosiy ro’zg’ori dengiz ovchiligi bo’lgan (1,2-rasm).
1-rasm. Dengizda ov qilayotgan eskimos
Janubiy mamlakatlarda, masalan, Qadimgi Misrda ko’p asrlar davomida papirus (Afrikada o’sadigan buta) dan yasalgan yengil qayiqlardan foydalanganlar. Bunday qayiqlar suvda yaxshi turgan va ko’p yuk ko’tarishga moslashgan. Bunday qayiqlar nafaqat Nil daryosida balki, O’rta yer dengizida ham harakatlangan.
2-rasm. Daryoda qayiqlar yordamida ov qilish
Qayiqni harakatlantirishda oldinlari oddiy tayoqdan foydalanganlar, keyinchalik tezlikni sezilarli darajada oshirishga yordam beruvchi, yuzaga ega bo’lgan eshkaklardan foydalana boshlagan. Eramizdan 3000 yil oldin Misrda yigirmata va undan ko’p eshkak eshuvchilar joylashadigan qayiqlardan foydalanganlar.
O’rta asrlar oxirlarida ayrim shaharlarda professional-olib o’tuvchi eshkak eshuvchilar faoliyati boshlandi.
Eshkak eshish sport sifatida Angliyada XVIII asr boshlarida keng tarqala boshladi. Bu paytda orollarda joylashgan London shahrida ko’priklar bo’lmagan va suvda olib o’tish qurilmalari xabar almashishning yagona vositasi bo’lgan. Qayiqlar va olib o’tuvchilarning tayyorgarligini tekshirish maqsadida hukumat 1716 yildan boshlab har yili musobaqalar o’tkazishni yo’lga qo’ygan. Musobaqalarda g’olib bo’lgan olib o’tuvchi eshkak eshuvchining rasmi tushirilgan qizil bog’ichni qo’lga kiritgan. Bunday belgi nafaqat olib o’tuvchining o’zini, balki u ishlaydigan olib o’tish maskani egasini ham tanitishga imkon berardi. Angliyada eshkak eshish sporti juda ommalashib ketdi, ammo bu musobaqalarda turmush tarzi eshkak eshish bilan bog’liq bo’lgan professional eshkak eshuvchilar qatnashardi.
Do'stlaringiz bilan baham: |