«Harf kassalari»dan zamonaviy usulda foydalaning
Uzoq yillardan buyon pedagoglarimiz so‘zlarni to‘g‘ri yozishga o‘rgatish uchun foydalanib kelayotgan ko‘rgazmali qurollardan biri bu — harf kassalaridir. Ko‘pincha harf kassasi sinf doskasi yonida osilib turadi va o‘qituvchi darsda javob bergan o‘quvchiga mazkur harf kassasidan foydalanib, biror bir so‘zni yozib berishni so‘raydi.
Bunda muallima ona tili darslarida «Harf kassasi»dan foydalanib, 5 daqiqa «To‘g‘ri yozuv» mashqini o‘tkazadi. Mashqda har bir o‘quvchi oldiga harf kassasini oladi va o‘qituvchi tomonidan aytilayotgan bo‘g‘in va sodda so‘zlarni, shuningdek, yozilishi murakkab bo‘lgan so‘z va gaplarni yozadi. O‘quvchilar so‘zlarni yozayotganida o‘qituvchi partalar oralab yuradi va har bir o‘quvchining ish jarayonini, qanday xatoga yo‘l qo‘yayotganini kuzatadi. Xatoga yo‘l qo‘ygan o‘quvchilar doskadagi «Harf kassasi»da so‘zni qaytadan to‘g‘ri yozib berishadi.
Bu usulning qulayligi shundaki, o‘quvchi ustozi aytayotgan so‘zni eshitadi, his qiladi va uni ko‘rib turgan harflari yordamida o‘z qo‘li bilan yozadi. Bu, birinchi- dan, mazkur so‘zning yozilish tartibini xotirasida yaxshi saqlab qolishga yordam beradi, ikkinchidan esa, pedagogning bir vaqtning o‘zida sinfdagi barcha o‘quvchilar bilan ishlashiga sharoit yaratadi. Hozirda maxsus maktab o‘quv-qurollari sotiladigan ko‘pgina do‘konlarda bunday «Harf kassa»larini arzon narxda sotib olish mumkin
Xatolar ustida ishlash borasida aytilgan yuqoridagi barcha usul va tajribalar bilan tanishish asnosida o‘qituvchilar bir gapni ta’kidlashadi: ularni muntazam va izchil qo‘llash, onda-sonda yoki mavzu to‘g‘ri kelganidagina ularga murojaat qilish kutilgan natijani bermaydi. Shu bois, o‘qituvchilarimiz o‘quvchilarining imlo savodxonligini oshirishni istar ekan, umrboqiy haqiqat — ularni badiiy kitob o‘qishga undashdan charchamasligi va yuqoridagi kabi rang-barang va zamonaviy pedagogik usullarni tegishli darslarda muntazam izchillik asosida olib borishi kerak. Shundagina o‘qituvchilarimiz uning samarasini o‘quvchilarining ravon nutqi va xatosiz yozuvlarida ko‘rish baxtiga erishishadi. O‘quvchilarda yangi mavzu haqidagi tushunchalar, mashqlar yordamida mustahkamlanadi.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining og‘zaki va yozma nutqni egallashlarida fonetikadan olgan bilimlarining ahamiyati katta:
fonetik bilimga asoslangan holda 1-sinf o‘quvchilari savod o‘rganish davrida o‘qishni va yozishni bilib oladilar;
fonetik bilim so‘zni to‘g‘ri talaffuz qilish (tovushlarni to‘g‘ri talaffuz qilish, urg‘uli bo‘g‘inni farqlash, orfoepik me’yorga rioya qilish) asosini tashkil etadi;
fonetik bilim morfologik va so‘z yasalishiga oid bilimlar bilan birga o‘quvchilarda qator imloviy malakalar shakllantirishga asos bo‘ladi;
fonetik bilim gapning ohangiga ko‘ra to‘g‘ri aytish, logik urg‘u va gap qurilishidagi to‘xtamlarga rioya qilish uchun zarur; so‘zning tovush tomonini bilish uning ma’nosini tushunish va nutqda ongli qo‘llash uchun muhimdir.
Sizga ma’lum, boshlang‘ich sinflarda o‘qitiladigan barcha fanlarga oid darslarda so‘zni aniq va to‘g‘ri talaffuz qilish ustida doimiy ishlab boradi, shu maqsadda ko‘pincha so‘zni tovush tomondan tahlil qilishdan foydalaniladi.
Maktab dasturiga ko‘ra, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari fonetik-grafik ko‘nikmalar tizimini hosil qiladilar: tovushlar va harflar, unli va undosh tovushlar, jufti bor jarangli va jarangsiz undoshlar, jufti yo‘q jarangli va jufti yo‘q jarangsiz undoshlar, so‘zni bo‘g‘inlarga bo‘lish, urg‘uli bo‘g‘inni talaffuz qilish orqali amaliy farqlash ko‘nikmalariga ega bo‘ladilar.
1-sinfda fonetika va grafikani o‘rganishga katta o‘rin beriladi, aynan shu sinfda o‘quvchilar o‘qish va yozish jarayonini egallaydilar. Keyingi sinflarda esa, olgan bilimlari mustahkamlanib, takomillashtiriladi.
Tovush murakkab tushuncha bo‘lgani uchun boshlang‘ich sinflarda unga ta’rif berilmaydi. Ammo, tovush haqidagi to‘g‘ri ilmiy tasavvur, kichik yoshdagi o‘quvchilarda amaliy mashqlar yordamida hosil qilinadi. Bunda asosiy usul so‘zdagi tovushlarning talaffuzi, so‘zning leksik ma’nosi, so‘zdagi tovushlarning tarkibiga bog‘liqligi ustida kuzatish hisoblanadi.
So‘zning tovush tarkibi ustida ishlash savod o‘rgatish davridanoq boshlanib, o‘quvchilar bu davrda eshitilgan so‘zlarni tovushlardan tuzilishini bilib oladilar. Ular so‘zni tovush tomonidan tahlil qilishga o‘rganadilar, bunda so‘zni bo‘g‘inlarga bo‘ladilar, so‘zdagi tovushlarni tartibi bilan aytadilar. Bu jarayonda tovush tomondan tahlilni harf tomondan tahlil bilan almashtirmaslikka alohida ahamiyat beriladi.
So‘zdagi tovushlarni tartibini to‘g‘ri tasavvur etish, undagi harflarni tushirmay yoki o‘rnini almashtirmay yozish malakasini shakllantirish va so‘zni to‘g‘ri talaffuz qilish uchun katta ahamiyatga ega. Shu bois, savod o‘rgatishdan so‘ng ham so‘zni tovush tomonidan tahlil qilish mashqlari yordamida so‘zdagi tovushlar tarkibini aniqlash ko‘nikmasini rivojlantirish ustida muntazam ishlash zarur.
O‘zbek alifbosidagi tovushlar ikki katta guruhga bo‘linadi: unli tovushlar va undosh tovushlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |