Estetik ideal. Ideal deganda, biz odatda muayyan bir inson shaxsi yoki ijtimoiy-tarixiy hodisaning boshqalar tomonidan yuksak namuna, oliy maqsad hamda komillik tarzida qabul qilinishini nazarda tutamiz. U tasavvurdagi shaxs yoki jamiyatni real shaxslar va mavjud jamiyatdan yuqori qo’yish, ya’ni ideallashtirish bilan bog’liq. Masalan, o’zbekistonni kelajagi buyuk davlat sifatida tasavvur etishimiz uning hozirgi reallikdan baland, namunaviy bo’lishi lozimligini anglatadi. Ayni paytda ana shu yuksak namunaviylik har bir o’zini tanigan odam uchun oliy ijtimoiy maqsaddir. Yoki Navoiy shaxsini olib ko’raylik, u komil inson sifatida biz uchun ideal hisoblanadi. Bularni biz ijtimoiy ideallar sirasiga kiritamiz. SHuningdek, har bir inson o’zi intiladigan sub’ektiv ideallar ham mavjud bo’ladi, o’z idealini belgilab olmagan inson shaxs hisoblanmaydi. Zero har bir odam ko’rib turganidan yorug’roq, musafforoq, yuksakroq narsaga intilishi shart, aks holda uning hayoti ma’nosiz kechadi, uning mavjudligi faqat biologik jonzodligi bilan chegaralanib qoladi.
Ideal borasida gap ketganda, uning mavjudlik shartlari masalasi muhim. Ijtimoiy ideal ko’proq kelajak bilan, shaxsiy ideal esa asosan o’tmish bilan bog’liq. Masalan Forobiyning fozil odamlar shahri – kelajakda ma’lum ma’noda reallikka aylanishi mumkin bo’lgan ideal jamiyat. Bir necha asr avval yashab o’tgan Jaloliddin Manguberdi esa o’zbek millati uchun, ayniqsa yoshlarimiz uchun ideal qahramon. Lekin har ikki holda ham ideal real hayotimizda mavjud emas – biri kelajakdan, ikkinchisi esa o’tmish qa’ridan turib bizni yuksak axloqiylik, baxt va qahramonlikka chorlaydi. To’g’ri, shaxsiy ideal real hayotda ham mavjud bo’lishi mumkin. Biroq bunday ideal ko’pincha ma’naviyatni mafkuraga bo’ysundirish oqibatida vujudga keladi. SHu sababli unga ko’proq vaqtinchalik, o’tkinchilik xususiyati xos: u jamiyatga hodisa sifatidagina ruhiy ta’sir ko’rsatadi va Yangi bir mohiyat ochilgan paytda o’z ideallik xususiyatini yo’qotadi: «unday emas», «bunday» bo’lib chiqadi. G’oyaning o’z realligiga mos emasligi ochilib qoladi. «Zero ideal – deydi, Gegel – o’z realligi bilan aynanlashgan g’oyadir». Masalan, Lenin, Stalin kabi shaxslar Yolg’on tashviqot, siyosiy firibgarliklar, vositasida jamiyatni totalitar mafkuraviylashtirish natijasida ma’lum muddat ideal sifatida qabul qilindilar. Lekin ularning asl mohiyati, munofiqliklari, qattolliklari, qizil terrorga asoslanib siyosat yurgizganliklari fosh etilgach, ular aksil idealga aylandilar.
Idealning murakkab tomoni shundaki, u qadriyat bilan bog’liq. Qadriyat idealning ob’ektdagi in’ikosi tarzida namoyon bo’ladi. Gegel so’zlari bilan aytganda: «Ideal mavjud bo’lishi uchun tashqi shakl o’z-o’zicha qalbga mos kelishi lozim». Ya’ni ideal jonli sub’ektning qalbiga mos keladigan namunaviy shakldir, unda inson o’z g’oyalarining hissiy-intellektual ko’rinishini ma’naviy qadriyat sifatida idrok etadi. Bordiyu mazkur g’oyalar o’ta mafkuraviylashtirilsa yuqorida aytganimizdek, ideal o’rnida aksil ideal paydo bo’ladi. Ijtimoiy-axloqiy idealning o’zgaruvchanlik xususiyati ko’pincha ana shu bilan bog’liq. Bu hodisa tarixiy jarayonlar, zamon, jamiyat talablaridan kelib chiqib, qadriyatlarning qayta baholanishi natijasida ro’y beradi. Lekin diniy ideal o’zgarmaslik tabiatiga ega. Masalan, musulmonlar uchun Muhammad alayhissalom, nasroniylar uchun Iso alayhissalom, buddhaviylik dinidagilar uchun Buddha ideal hisoblanadi va har qanday sharoitda ham ular idealligicha qolaveradi.
Mana, biz ma’lum ma’noda ijtimoiy ideal haqida tushunchaga ega bo’ldik. Endi estetik ideal nimada, uning ahamiyati nima degan savollarga javob topishga harakat qilamiz.
Avvalo shuni aytish kerakki, estetik ideal inson, shaxs va jamiyatning estetik tajribasidan vujudga keladi. Inson dunyoni ana shu tajriba vositasida estetik idrok etadi. SHu sababli estetik ideal go’zallik, ulug’vorlik mo’’jizaviylik va boshqa. estetik xususiyatlarni belgilovchi mezon sifatida yuzaga chiqadi. Inson ana shu idealga mos keladigan go’zallik yoki ulug’vorlikni tan oladi, mos kelmaydiganlarini esa aksil estetik hodisa sifatida inkor etadi.
Estetik ideal o’ziga mos go’zallik, ulug’vorlikni yoki mo’’jizaviylikni ko’proq san’atdan topadi. SHu tufayli u doimo erkinlikni talab qiladi. Avvalo san’at asari orqali san’atkor voqelikni o’z ideali prizmasidan o’tkazib tasvirlaydi, boshqacharoq aytganda, o’z ideallarini san’at vositasida moddiylashtiradi: binoga, haykalga, romanga, spektaklga, rasmga, badiiy asarga va boshqa ma’naviy hodisalarga aylantiradi: san’atkor erkin harakat qiladi. Biz esa o’z ideallarimizni ulardagi obrazlar orqali tanlaymiz, ularni o’zimiz uchun ma’lum muddatga yoki bir umrga namuna qilib belgilaymiz, bu holatdagi xatti-harakatimiz ham erkinlik orqali ro’y beradi. Ya’ni, san’at har bir insonni individual o’ziga xosligini hisobga olgan holda, uning o’z estetik idealini obrazlar vositasida shakllantiradi. Estetik idealning ana shu shakllanish jarayoni murakkab; uzoq muddatni, hissiy-intellektual qudratni, tanlov imkonini beradigan muayyan shart-sharoitni, erkin jamiyatni taqozo etadi; ana o’shanda shaxs uchun to’g’ri ruhiy yo’lanma vujudga keladi.
Qisqacha qilib aytganda, estetik idealning shakllanishida go’zallik, ulug’vorlik, hayoliylik, mo’’jizaviylik, uyg’unlik singari xususiyatlar asos vazifasini o’taydi. Ayni paytda u fojeaviylik va kulgililik tushunchalarida ham o’zini namoyon etadi, xunuklik va tubanlik kabi hodisalarni baholashda ishtirok qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |