Ushbu tamoyildan quyidagi talablar kelib chiqadi:
Mashg‘ulot maqsadi va vazifalarini qo‘yish hamda ularning shug‘ullanuvchilar tomonidan anglanishi.
Pedagogik jarayonda harakatlarni ongli tarzda o‘rganish va egallash.
Egallangan bilim, ko‘nikma va malakalarni amaliyotda qo‘llash usullari hamda imkoniyatlarini anglash.
Jismoniy kamol topish jarayoniga tashabbuskorlik, mustaqillik hamda ijodiy faollik bilan munosabatda bo‘lishni tarbiyalash.
O‘qituvchi tomonidan maxsus metodik usullarning qo‘llanilishi onglilik va faollikning oshishiga yordam beradi. Shug‘ullanuvchilar harakatlarini nazorat qilish va baholash, ularning diqqatini harakatlar bajarilishini tahlil qilishga yo‘naltirish, mushak sezgilari orqali o‘z harakatlarini mustaqil nazorat qilishga o‘rgatish, ko‘rgazmali vositalar yordamida topshiriqlarni namoyish qilish, mashqlar bajarishga o‘rgatishda ko‘z va eshitish analizatorlaridan foydalanish, o‘rganilayotgan harakatlarni xayolda bajarib ko‘rish (ideomotor mashq), texnikani tahlil qilish bo‘yicha suhbat shunday metodik usullarga kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |