Bog'liq UMK Psixodiagnostila va eksperimental psixologiya 2021-2022
Psixodiagnostikaning kasbiy, axloqiy jihatlari. Psixodiagnostik tadqiqotlarni tashkil etishda amaliy psixolog tomonidan kasbiy axloqiy, ma’naviy tamoyillarga rioya qilish talab etiladi. Ana shunday tamoyillardan:
1. Sir saqlash tamoyili. Bu tamoyilga ko’ra psixodiagnostik tadqiqot davomida olingan natija, ana shu shaxsning roziligisiz oshkor qilinmasligi kerak. Bu birinchi navbatda voyaga yetmagan kishilarga nisbatan tadbiq etiladi. Voyaga yetmaganlar uchun ularning o’rnini bosuvchi huquqiy asosga ega bo’lgan shaxslar roziligi bilan amalga oshiriladi.
2. Ilmiy asoslanganlik tamoyili. Psixodiagnostika maqsadida qo’llaniladigan metodlar ilmiy jihatdan yaxshi ishlab chiqilgan ishonchli va natijalar mukammal bo’lishi zarur.
3. Shikast va zarar yetkazmaslik tamoyili. Psixodiagnostika asosida olingan ma’lumotlar hech qachon ana shu kishining zarari hisobiga foydalanilmasligi lozim.
4. Xulosalarning ob’yektiv bo’lishi tamoyili. Tadqiqot mobaynida olingan ma’lumotlar asosida xulosa chiqarishda ularning ilmiy asoslanganligi va ob’yektivligiga vlohida e’tibor beriladi. Amaliy psixolog barcha tekshiriluvchilarga bir xil munosabatda bo’lishi va natijalarni tahlil qilishda tenglik tamoyiliga rioya qilishi kerak.
5. Ishlab chiqilgan tavsiyalarning samaradorligi tamoyili.
Har qanday psixologik tadqiqot davomida olingan natijalar asosida ishlab chiqilgan tavsiyalar shu shaxs yoki guruh uchun ma’lum ahamiyatga ega bo’lishi va uning rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko’rsatishi kerak.
Amaliy psixolog o’z faoliyatida quyidagi axloqiy-ma’naviy qoidalarga rioya qilishi kerak:
Shaxsni ixtiyorisiz yoki uning roziligisiz psixodiagnostik tekshiruvga jalb etish mumkin emas;
Psixodiagnostik tadqiqotni boshlashdan avval tekshiriluvchini tadqiqot mobaynida o’zi boshqalardan sir tutayotgan ma’lumotlarni ham ochib qo’yishi mumkinligi haqida ogohlantirishi kerak;
Har bir inson agar qonun tomonidan cheklanmangan bo’lsa, o’z ustida o’tkazilgan tadqiqot natijalarini bilish huquqiga ega;
Tadqiqot natijalari tekshiriluvchiga yoki ana shu ma’lumotlar zarur bo’lgan shaxsga uning uchun tushunarli va to’g’ri shaklda ifodalangan holda tavsiya etilishi lozim;
Tadqiqot voyaga yetmaganlar ustida amalga oshirilsa uning ota-onalari yoki boshqa homiylari tadqiqot natijalarini bilish huquqiga egadirlar;
Agar tadqiqot tanlov yoki kasbiy saralash maqsadida aqliy taraqqiyot darajasini aniqlash uchun o’tkazilayotgan bo’lsa, uning natijalari qanday me’zonlarga ko’ra aniqlanganligini tekshiriluvchi bilish huquqiga ega;
Psixodiagnostik metodlarni qo’llashda, xulosa chiqarishda va tavsiyalar ishlab chiqishdagi mas’uliyat asosan psixolog zimmasiga yuklatiladi.