Elektromagnit va lazer nurlanishlari
Kineskopli monitorlarda, ekrandagi tasvirga qarab 30 000 Voltgacha bo'lgan yuqori kuchlanish, sistemali blokda 3000 000 000 Gersgacha bo'lgan yuqori chastotali elektr signallari mavjud bo'lib, ularning ikkalasi ham oson nurlana oladi. Bunday nurlarni to'sib qolish uchun barcha choralar ko'rilgan va inson sog'lig'i uchun xavfli emas.
Kompyuter texnikasidan noto'g'ri foydalanish, ayniqsa bitta xonada katta miqdordagi texnika yig'ilgan, ulardan kun bo'yi foydalanilgan, xona havosida yetarli miqdorda chang bo'lgan hollarda bu nurlanish havodagi chang zarralarining oz miqdorda bo'lsa-da ionlashuviga (zaryadlanishiga) olib kelishi va foydalanuvchilarning kayfiyatiga salbiy ta'sir qilishi mumkin. Buning oldini olish uchun kompyuter xonasiga toza havoning tabiiy ravishda havo shaxtalari orqali va majburiy ravishda ventilyatorlar orqali kirishi ko'zda tutilgan bo'lishi kerak.
Kompyuter texnikasi tarkibida lazer nuridan foydalanadigan qurilmalar ham bo'lib, ular sarasiga kompakt disklarni o'qish va yozish qurilmalari va lazerli chop etish qurilmalari kiradi. Bu qurilmalar 1-sinf lazerli qurilmalar bo'lib, ulardagi lazer nuri sog'liq uchun xavfli emas va qurilmadan tashqariga taralmaydi. Lekin ularni ta'mirlash vaqtida lazer nuriga uning yo'nalishida va lupa orqali qarash ko'z qorachig'iga zarar yetkazishi mumkin va ularni faqat maxsus tayyorgarlik ko'rgan mutaxassislar ta'mirlashi mumkin.
Zaharli moddalar
Lazerli printerning kukuni tarkibiga zaharli moddalar kiradi. Ular qog'ozga tushirilayotgan paytda kuydiriladi va butunlay zararsizlantiriladi. Printerga tiqilib qolgan qog'oz sug'urib olinganda undagi kukunning bir qismi kuydirilmagan bo'ladi va havoga chang tarzida tarqalishi, kiyim va teriga yuqib, inson organizmiga kirib borishi mumkin. Bunday chala kuydirilgan qog'ozlarni qarovsiz qoldirish, ulardan boshqa maqsadlarda foydalanish va axlat qutilariga tashlash mumkin emas. Ularni darhol avvaldan tayyorlab qo'yilgan yupqa sellofan yoki qog'oz paketlarga joylash va tashqariga olib chiqib kuydirib tashlash kerak.
Lazerli printerlarda faqat ularda foydalanish ko'zda tutilgan qog'ozlarni ishlatish kerak. Boshqa turdagi, ayniqsa qipiqlanadigan gazeta qog'ozlaridan foydalanish tavsiya etilmaydi.
Sanitariya-gigiena talablari
Informatika darsida o'quvchilar kompyuterda ishlaganlarida, boshqa darslardan farqli o'laroq, ularning bir qator mushaklari tarang holatda bo'ladi va kompyuterda uzoq muddat ishlash to'liq shakllanib ulgurmagan o'quvchilarning badanlarining zo'riqishiga va noto'g'ri shakllanishiga olib kelishi mumkin. Buning oldini olish uchun quyilarga talablarga rioya qilish kerak.
1) Kompyuter monitori o'tirgan o'quvchilarning ko'zlari darajasida bo'lib, o'quvchilar undan 40 sm dan 80 sm gacha bo'lgan masofada o'tirishlari imkoniyatiga ega bo'lishlari kerak.
2) Kompyuterning klaviaturasi o'tirgan o'quvchilarning bukilgan tirsaklari darajasida bo'lishi kerak. Sichqon uchun klaviaturaning ikkala tomonidan yetarlicha joy qoldirilishi va ular bir xil balandlikda bo'lishlari kerak.
3 ) Kompyuterlarni hatto maxsus ishlangan stend va shkaf ko'rinishidagi mebellarga joylash taqiqlanadi. Kompyuter stolining tortmalari bo'lsa, ular o'quvchilarning o'tirgan holda oyoqlarini oxirigacha uzatishlariga halaqit berishi kerak emas.
4) Kompyuterda muttasil ishlash vaqti o'quvchilar uchun 30 minutdan ortmasligi kerak.
5) Kompyuter xonasining kvadrat metrlardagi sathi unga joylangan kompyuterlar sonidan kamida 6 marta ko'p bo'lishi kerak.
6) Kompyuter xonalari yetarli quvvatga ega ventilyasiya tizimiga ega bo'lishi kerak.
7) Kompyuter klaviaturasida iflos qo'llar va o'stirilgan tirnoqlar bilan ishlashga ruxsat berilmaydi.
8) Yuqumli kasalliklar huruji paytida o'quvchilar kompyuterda ishlashdan oldin va keyin qo'llarini sovun bilan yuvishlari kerak.
9) Klaviaturaning kompyuter ishlamayotgan paytda uzoq muddatga ochiq holda qolishi va unda chang yig'ilib qolishining oldini olish lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |