8.3. Muzloq (kriogen) relef
Maqsadi va vazifalari: Ko‘p yillik muzloq erlarda tarqalgan kriogen relef shakllari bilan tanishish; ko‘p yillik muzloq erlarning hosil bo‘lishi, tarqalish rayonlari, muzloqlarning faoliyati ta’sirida vujudga kelgan kriogen jarayonlar hamda bu jarayonlar ta’sirida hosil bo‘lgan relef shakllari, ularning xususiyatlari to‘g’risida ma’lumot berish.
Tayanch so‘zlar va iboralar: Ko‘p yillik muzloq erlar, faol qatlam, muzloq erlar turlari, kiriogen jarayonlar va relef shakllari, bo‘rtish va yaxmalak hosil bo‘lish, sovuq nurash, materiallarning saralanishi, soliflyuktsiya, yoriqlarning hosil bo‘lishi, termokarst, toshli sochilmalar, bayjaraxlar, gidrolakkolitlar (bulgunyaxlar), alaslar, tosh xalqalar.
Yer sharidagi barcha quruqlikning 20-25 foizi ko‘p yillik muzloq yerlar bilan band. Bu yerlarda grunt yer betidan ma’lum chuqurlikda uzoq vaqtlardan beri muzlab yotadi. Bu gruntlardagi suv ham asosan muz holatida bo‘ladi.
Bevosita yer betidan ko‘p yillik muzloqning ustki chegarasigacha bo‘lgan qismida faol qatlam joylashgan. Faol qatlam issiq faslda erib, sovuk faslda muzlaydi. Tuproqlarning paydo bo‘lishi, er osti hayvonlari va o‘simlik ildizlarining faoliyati, relefda o‘z aksini qoldiruvchi fizik va mexaniq jarayonlar mana shu faol qatlam bilan bog’liqdir.
Ko‘p yillik muzloqning qalinligi har xil, ba’zan yuzlab metrga etadi va umuman shimoldan janubga tomon kamaya boradi. Rossiya Yevropa qismining shimolida 40 m, Vorkutada 60 m, Yakutskda 215 m, Taymirda 800 m ga teng.
Muzloq grunt yaxlit yoki qatlam-qatlam bo‘lishi mumkin. Muzloq qatlamlari orasida erigan qatlam joylashadi. Shunga ko‘ra muzloqlar sidirg’a, ba’zi joylari erigan sidirg’a va orolsimon muzloqlarga bo‘linadi (8.3.1-jadval).
Ko‘p yillik muzloq erlar Shimoliy Osiyo va Shimoliy Amerikada hamda Oltoy, Tyanshan va boshqa tog’li o‘lkalarda mavjud. Ko‘p yillik muzloqlarning janubiy chegarasi Yevrosiyoda Kola yarim orolining shimoli-sharqidan boshlanib, qutb doirasi yonidan Uralgacha, so‘ngra Toshloq Tunguska daryosining quyar joyiga boradi, so‘ngra janubga keskin buriladi va Yenisey daryosining sharqiy qirg’og’i bo‘ylab ketadi; Mongoliya Respublikasining bir qismini o‘z ichiga olib, keyin sharqqa tomon davom etib, Amur daryosi va Kamchatka yarim orolining o‘rta qismiga o‘tadi. Shimoliy Amerikada ko‘p yillik muzloq Yukon, Makenzi daryolari hamda Gudzon ko‘ltig’i havzalarini, shuningdek Labrador yarim orolining shimoliy yarmini egallaydi.
Muzloq erlarda kriogen (lotincha krio-sovuq, muz) relef shakllari tarqalgan. Relef shakllarining hosil bo‘lishi va rivojlanishi turli suvlarni o‘zida tutib turuvchi tog’ jinslarining muzlashi va erishidan hosil bo‘lgan kriogen jarayonlarga bog’liqdir. Kriogen jarayonlarga kiradi: 1) bo‘rtish va yaxmalak hosil bo‘lish; 2) sovuq nurash, materiallarning saralanishi, soliflyuktsiya; 3) yoriqlarning hosil bo‘lishi; 4) termokarst. Kriogen relef shakllarining hosil bo‘lishida yuqoridagi barcha jarayonlar ishtirok etadi. Kriogen jarayonlar eroziya, abraziya va boshqa jarayonlar bilan aloqada bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |