www.ziyouz.com
kutubxonasi
35
— Shinni yeyishgami? — dedim hovliqib.
Onam ohista bosh chayqadi.
— Yo‘q. Habiba buvi zotiljam bo‘p qopti. O‘tini yo‘qmish. Ko‘mir oborib beramiz.
Bultur o‘zimizning o‘tinimiz qolmaganida qanaqa ahvolga tushganimiz esimdan
chiqqanmas. Shuning uchun bo‘lsa kerak, bu yil dadam ko‘mirni yaxshilab g‘amlab
qo‘ygan edi.
— Menam oboraman! — dedim irg‘ishlab. — Qopda oboraman!
— Bo‘pti, — oyim boshimni siladi. — Sen qop ko‘tarolmaysan, chelakda oborasan.
Dadam ishda, akalarim maktabda. Opam echki sutini sotish uchun shaharga ketgan.
Uyda oyim, ukam qolgan. Ukamni amallab beshikka tiqdik. Oyim aldab-suldab uxlatdi.
Oshxonaga kirib qopga ko‘mir soldik. Men og‘zini ochib turdim, oyim xokandoz bilan
soldi. Sandalga yirik ko‘mir bo‘lmaydi. Albatta kukunidan solish kerak. Tez cho‘g‘ oladi,
uzoq turadi. Onam har gal xokandozni bo‘shatganida qop-qora chang ko‘tariladi. Bir
zumda oyimning ham, mening ham og‘iz-burnimiz qorayib ketdi. Keyin kichikroq paqirga
men ko‘mir to‘ldirdim. Ikkalamiz yo‘lga tushdik. Onam burni yerga tekkudek bo‘lib
enkaygancha qorda chuqur-chuqur iz qoldirib yurib ketdi. Ketidan men ergashdim.
Kichkinagina chelak avvaliga yengil tuyulgan edi. Ellik qadamcha yurmasimdan juda
og‘irlashib ketdi. U qo‘limdan bu qo‘limga olaman, bu qo‘limdan u qo‘limga olaman,
sirg‘anib-sirg‘anib ketaman. Bu ham yetmagandek, qo‘limga so‘zak kirib ketdi. Paqirning
bandi kaftimga chippa yopishib qolgan. O‘ng qo‘limdan chap qo‘limga olayotganimda
terimni shilib olayotgandek bo‘ladi.
— Oyi, qo‘lim muzlab qoldi, — deyman yig‘lamsirab.
Onam menga achinib qarab qo‘yadi-yu, to‘xtamaydi.
— Yura qol, jon bolam, yaqin qoldi.
Qopning tagini ham sichqon teshgan ekan: qor ustida bora borgancha qop-qora iz tushib
bordi.
Nihoyat Ermon buvaning ochiq eshigi oldiga keldik.
— Sen kirmay qo‘ya qol, — dedi onam harsillab. — Men hozir. — Shunday dedi-yu, ikki
bukilgancha hovliga kirib ketdi, zum o‘tmay qaytib chiqib paqirni ham olib kirdi.
— Alahlab yotibdi bechora! — dedi qaytib chiqib. — Buvang tepasida duo o‘qib o‘tiribdi.
Bu safar buvining shinnisiga umid bog‘lamadim. Oyim ikkalamiz darrov izimizga qaytdik.
Oyimning qo‘lida paqir, paqir ichida bo‘shagan qop...
Qorda tushgan ko‘mir izini dadam ko‘ribdi shekilli, kechqurun oyimdan so‘radi:
— Kimga ko‘mir berding?
Oyim aybdor qiyofada yerga qarab turdi-da, rostini aytdi.
— Habiba buvi shamollab qopti. Ko‘miri yo‘q ekan, oborib berdim.
Dadam oyimni urishmadi.
— Chatoq bo‘pti, — dedi sekin. — Achinskaga xabar berish kerak.
Onam bosh chayqadi.
— Judayam zarilmas shekilli. Mana, uyi isib qoldi. Ajabmas, erta-indin tuzalib ketsa...
Lekin Habiba buvi tuzalmadi... Indini ertalab ishga ketgan dadam yarim yo‘ldan qaytib
keldi. Ukamni tizzasiga o‘tkazib choy ichirayotgan oyim hayron bo‘lib dadamga qaradi:
— Tinchlikmi?
Dadam negadir ko‘zini yashirdi:
— Odamzodning ahvoli shu ekan-da, — dedi xo‘rsinib. — Habiba buvi omonatini
topshiribdi.
— Voy... Voy bechora! — Oyimning rangi quv o‘chgancha shunday ingrab yubordiki,
qo‘rqib ketgan ukam bir zum olazarak bo‘lib turdi-da, chirillab yig‘lay boshladi. — Kecha
borganimda tuzalib qoluvdi-ku! — Oyimning ko‘zidan tirqirab yosh chiqib ketdi. Ukamni
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |