www.ziyouz.com
kutubxonasi
30
U yonboshlab yotganicha yaktagining cho‘ntagidan nosqovog‘ini chiqarib bir otim nosni
tili tagiga tashlaydi-da, ko‘zlarini qisib bahor oftobiga tikilgancha hassasini chertib
xirgoyi qiladi:
«Tolda chumchuq sayraydi, ko‘rsam ko‘nglim yayraydi...»
Shunda endi yo‘lga kirgan ukam ishtonchan chopqillagancha uning yoniga keladi. Ermon
buva xirgoyisini to‘xtatadi. Ukamning buti orasiga qo‘l cho‘zib hazillashadi:
— Nosdan bering, otam, nosdan bering.
Ukam qitig‘i kelib qiqirlab kuladi. Ermon buva tirnoqlari qiyshayib ketgan barmoqlarini
hidlagan bo‘ladi-da, ataylab aksa uradi.
— Ap-ap-ap-shu! Voy-bo‘! Nosingiz zo‘r ekan-ku, otam!
Ukam huzur qilib qiqirlaydi. Nariroqqa qochib boradi-da, tag‘in buvasiga «nos bergisi»
kelib qoladi. Qaytib keladi. Keyin hammasi yangitdan boshlanadi.
Bir mahal oyim maydon chekkasida turib meni imlab chaqirayotganini ko‘ramanu
yuguraman. Oyim qo‘lidagi obdastani uzatadi.
— Ma, buvangga oborib ber.
Bilaman, obdastada iliq suv bor. Bir qo‘lim bilan obdastaning bandidan, ikkinchi qo‘lim
bilan jo‘mragidan tutib halloslab chopib kelaman.
— Mang, buva!
Ermon buva hayron bo‘lgandek qarab turadi-da, mamnun jilmayadi:
— Peshin bo‘p qoldi deng, qoravoy? Barakalla! Umringizdan baraka toping, Poshsha
qizim sizlarning rohatingizni ko‘rsinlar.
Shunday deydi-da, bir qo‘lida hassa, bir qo‘lida obdasta panaga o‘tadi. Bir ozdan so‘ng
yuz-qo‘lini artib qaytib keladi. Qiyiqchani joynamoz qilib o‘t ustiga tashlaydi-da, pichirlab
uzoq namoz o‘qiydi. Bolalar jimib qolishadi. Nihoyat u cho‘kkalab o‘tirgancha ovozini
chiqaradi.
— Ilohi omi-in! Yurtimiz tinch bo‘lsin, u dunyoyu bu dunyo qirg‘inbarot bo‘lmasin, ollohu
akbar.
Bolalaru qizlar chuvillashib baravar salom berishadi. Ermon buva alik oladi-da, chordana
qurib o‘tiradi. Boyagi tugunni shoshilmasdan yechadi.
— Qani qoravoylar! Qani popuklar, — deydi qandaydir tantanavor ohangda. —
Dasturxonga marhamat. Uyalmanglar, tasadduqlar!
Dasturxonda zog‘ora nonmi, arpa nonmi bo‘lgan kuni hammamizga bayram. Ko‘pincha
unisiyam bo‘lmaydi, bunisiyam. Biroq tutmayiz albatta bo‘ladi. Tutmayizni yeb olsangiz
darrov qorningiz to‘yadi. Shunaqa shirin, shunaqa mazali! Men bir kaft mayizni og‘zimga
tashlaymanu uyga g‘irillayman. Oyim albatta choy damlab qo‘ygan bo‘ladi. Olma
choymi, boshqami, ishqilib choy-da! Shundoq qilib hammamiz birgalashib ovqatlanamiz.
Oxirida Ermon buva dasturxonga fotiha o‘qiydi.
— Yaratgan ne’matingga shukur! — deydi ingichka ovozda. — Ilohi omi-in! Yurtimiz
tinch bo‘lsin, u dunyoyu bu dunyo qirg‘inbarot bo‘lmasin, ollohu akbar!
Ana undan keyin Oltmishvoyning ta’rifi boshlanadi. Oltmishvoy Ermon buvaning o‘g‘li.
Habiba buvi ko‘p tuqqan. Hammasi chillasi chiqmasdan o‘lib ketgan. Ammo Oltmishvoy
boshqacha yigit-da! Bittayam kasal bo‘lmagan. Menday paytida otni egarlab o‘zi
choptirgan. Jo‘raboshimizday bo‘lganida ketmon bilan bir tanob yerni hashpash
deguncha ag‘darib tashlagan. Oltmishvoy ana shunaqa yigit!
Avvaliga Habiba buvi oltmishta tuqqani uchun Oltmishvoyning oti shunaqa deb o‘ylagan
edim. Yo‘q, keyin tushundim. Oltmishvoy Ermon buva oltmishga kirganda tug‘ilgan
ekan.
— Mening Oltmishvoyimdaka yigit dunyoda yo‘q,— deydi Ermon buva har kungi gapini
qaytarib. — Bunaqa yigitni xudo bitta yaratganu qolipini sindirib tashlagan! — U o‘zining
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |