Qadriyatlar – eng qimmatli ma’naviy boylik bo’lib, inson uni haqoratlanishi va tahqirlanishidan himoya qiladi, saqlaydi. Odatda qadriyatlarning umuminsoniy, biron ijtimoiy guruh qadriyatlari va shaxsiy turlari farqlanadi. Umuminsoniy qadriyatlar inson qayerda yashashidan, boyligidan, mansabidan va boshqa xususiyatlaridan qat’i nazar, doim ardoqlanadigan mazmundir, masalan – tinchlik, hayot, ozodlik, birdamlik, mas’uliyat, oriyat.
Ijtimoiy guruh qadriyatlari bir guruh insonlar uchun qadrli va boshqa bir guruh tomonidan e’tiborsiz ma’naviy boylik bo’lib, milliylik, yoshlik va keksalik, oilaviy, siyosiy, hududiy oriyentirlardan iborat. Shaxsiy qadriyatlar deb, ayni shaxsga tegishli qadriyatlarning o’ziga xos majmuiga aytiladi. Har bir insonning ichki dunyosida sanab o’tilgan qadriyatlarning hamma guruhi mavjud. Yuqorida sanalgan uch guruh qadriyatlarning o’zaro uyg’unlashuvi shaxs va jamiyat o’rtasidagi muvofiqlikni belgilaydi. Agar shaxsiy qadriyatlar ro’yxatida umuminsoniy va guruhiy qadriyatlar yetakchi bo’lsa, insonning jamiyatdagi o’rni va hayoti nihoyatda yengil va ravnaqlidir. Aks holda, inson ichki dunyosida uchraydigan turli guruh qadriyatlari o’rtasidagi nomuvofiqlik shaxsda ichki tug’yon va nizoni keltirib chiqaradi.
Shaxsning ijtimoiy-psixologik strukturasi
Ustanovka – bu ibora psixologiyada inson xatti-harakatining anglanmagan programmasi sifatida tushuniladi. Inson doimiy bajaradigan xatti-harakat dastavval anglanilgan holda amalga oshadi va u takrorlangani sari beixtiyor, avtomatlashgan holatga o’tib boradi. Aynan shunday anglanilmagan harakat rejasi ustanovka deb ataladi. Xodimdagi maqbul harakatlar muntazam takrorlanishi natijasida unda maqsadga muvofiq faoliyat ustanovkasi shakllanadi. Binobarin, xodimning doimiy faoliyati va xulqini kuzatgan holda unda qay mazmundagi ustanovkalar ustuvor ekanligi haqida xulosa chiqarish mumkin.
Piramida shaklida tasvirlangan shaxs tizimining asosiy psixologik mazmuni shundan iboratki, inson hayotining mazmuni bo’lmish missiyasi va e’tiqodi, pastki qatlamda turuvchi qadriyat va ustanovkalar asosida shakllanadi. Qadriyat esa, o’z navbatida, inson qadrlovchi oriyentir sifatida ustanovkalarning rivojlanish natijasidir. Qatlamlar o’rtasidagi bunday bog’liqlik inson faoliyatiga ma’lum ma’no kiritadi va hatto inson ichki dunyosini bir butun, yaxlit tarzda tushunish imkonini beradi. Gap shundaki, komil insonning hayotidagi hamma qatlamlar birbiri bilan uyg’unlashgan holda namoyon bo’ladi. Demak, uning qilayotgan ishlari qadriyatlariga mos keladi, e’tiqodiga va hayotidagi asosiy maqsadi bo’lmish missiyasiga qarshi chiqmaydi.
Rahbar o’z xodimini sinchkovlik bilan kuzatishi orqali, uning shaxsidagi qatlamlar o’rtasida uyg’unlik yoki ziddiyatni ilg’ashi mumkin. Rahbarning bunday nazarga ega bo’lishini yana bir sharti - xodim ruhiyatidagi qatlamlar ziddiyatiga tashkilot miqyosida shakllangan muhit ham sabab bo’ladi. Demak, tashkilotda shakllangan normalar nosog’lom bo’lsa, xodim nosamimiy harakatlarga yo’l qo’yadi va u o’z e’tiqodi va qadriyatlariga zid chiqishi mumkin.
Yuqorida keltirilgan shaxs strukturasiga asoslangan holda zamonaviy rahbarni tavsiflar ekanmiz, unga xos bo’lgan ijtimoiy-siyosiy jihatlar haqida ham gapirib o’tish lozim bo’ladi. Aynan shu jihatlar insonning missiya va e’tiqod qatlamlarida mujassamlashgan holda samarali rahbarning negizini tashkil etadi. Rahbar e’tiqodining, yetakchi qadriyatining jamiyatdagi dolzarb ijtimoiy-siyosiy vazifalar bilan uyg’unlashganligi, uning faoliyati samarasini belgilaydi. Shuning uchun boshqaruv lavozimiga kadrlarni qo’yish hamda rahbar kadrlarni baholash jarayonida e’tiqod sohalarini birlamchi deb qabul qilinsa va bu mezonga asosiy e’tibor qaratilsa, o’rinli bo’lardi. Demak, davr talabi bilan, rahbarning siyosiy boshqaruvga qobiliyati dolzarb masalaga aylanadi. Albatta, bunday qobiliyat rahbarning ma’muriy-xo’jalik majburiyatidan bir oz chetlanish deb o’ylanishi mumkin. Lekin, mamlakatimizning hozirgi rivojlanish bosqichi, xo’jaligimizning umumjahon iqtisodiyoti bilan integrasiyasi, investisiyalar sohasidagi hamkorlik masalasi zamonaviy rahbarni xo’jalik muammolari doirasida cheklanib qolmay, balki atrofdagi voqealarni kengroq idrok etishini talab qiladi. Shu nuqtai nazardan, zamonaviy rahbar nafaqat tashkilotni iqtisodiy cho’qqiga yetaklovchi shaxs, balki, targ’ib etilayotgan davlat siyosatini mehnat jamoasi ongiga yetkazuvchi faol hamdir. Yuqoridagi matndan quyidagi fikrlar kelib chiqadi: rahbarlarni tayyorlash va malakasini oshirish mobaynida iloji boricha shaxsning o’z-o’zini anglashi, o’z e’tiqodi va qadriyatlarini hayoti davomida aniq ifodalash choralari haqida bilim va ko’nikmalar shakllantirish lozim. Axir, aynan, ichki poklik, samimiylik va inson tabiatining yaxlitligi o’zgaga ta’sir etishdagi asosiy kuch sifatida maydonga chiqadi. Rahbarni tayyorlash, uning malakasini oshirish bilan bog’liq har qanday tadbir oxir-oqibatda rahbar shaxsi, uning boshqaruv mahoratini takomillashtirish, o’zgalarga ta’sir etish ko’lamini kuchaytirish maqsadini qo’yadi.16
Do'stlaringiz bilan baham: |