Investitsiya loyihalarini sindikatli kreditlash xususiyatlari
Hozirda kredit munosabatlari sohasida banklar faoliyatini birlashtirish zarurati tug‘ilmoqda. Birlashmalarni tashkil etish maqsadlari xilma-xil, lekin ular bank operatsiyalari bo‘yicha xatarlarni qisqartirgan holda katta ko‘lamdagi tadbirlarni moliyalash bilan yoki bitta bank yolg‘iz o‘zi hal qila olmaydigan vazifalarni bajarish bilan bog‘liq. Uzoq muddatga kredit berish bilan bog‘liq xatarlar mana shunday birlashma ishtirokchilari o‘rtasida taqsimlanadi, bu esa a’zo banklarga o‘zlarining likvid zahiralarini ancha pastroq darajada saqlab turish imkonini beradi.
Bunday birlashmalarda kredit, kafolatlash yoki boshqa kredit-moliya operatsiyalarini birgalikda amalga oshirish uchun tashkil etiladigan bank sindikatlari yoki boshqa bank birlashmalari alohida o‘rin tutadi. Davlatning sindikatlashtirilgan kreditlarga ehtiyoji eng avvalo byudjet dasturlarini moliyalash zarurligi bilan, xalq xo‘jaligining turli tarmoqlaridagi davlat korxonalarini modernizatsiyalash va texnika bilan qayta qurollantirishga mablag‘larni investitsiyalash bilan bog‘liqdir.
Firma va banklar sindikatlashtirilgan kredit hisobiga, qoida tariqasida, tashqi iqtisodiy faoliyat bilan, shuningdek, investitsiyalash sohasi bilan, energetika, ekologiya, xom - ashyo resurslarini qazib chiqarish, fan - texnika ishlanmalarini amaliyotga joriy etish va shu kabilar bilan bog‘liq ehtiyojlarni moliyalashtiradilar. Bank sektorini yanada isloh qilish va erkinlashtirishning davlat dasturlarida tijorat banklarining investitsiyalanadigan loyihalarni moliyalash, shu jumladan, xorijiy bank sarmoyasini jalb etgan holda moliyalash uchun sindikatlashtirilgan kreditlar berish tizimini rivojlantirilishi ko‘zda tutilgan.
Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining “Tijorat banklari tomonidan yirik investitsiyalash loyihalarini sindikatlashtirilgan kreditlashni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi 2005 yil 16 iyulda qabul qilingan Nizomga muvofiq, sindikatlashtirilgan kredit deganda yirik investitsiya loyihalarini bir necha banklar tomonidan birgalikda kreditlash tushuniladi. Respublikamiz Markaziy banki tomonidan ishlab chiqilgan “Tijorat banklari tomonidan yirik investitsiya loyihalarini sinditsiyalashtirilgan kreditlashni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi” nizomda olingan kreditni qaytara olmaslik xatarini oldini olish maqsadida qarz oluvchi tez va
erkin sotilish talablariga javob beradigan ta’minotga ega bo‘lishi kerakligi ta’kidlanib, mulk yoki qimmatli qog‘ozlar garovi, bank yoki sug‘urta tashkiloti kafolati, uchinchi shaxsning kafilligi kabilarni ta’minot sifatida qabul qilinishi belgilangan. Lekin, sindikatlashtirilgan kreditda yuqorida ta’kidlaganimizdek, kredit summasining katta miqdorda bo‘lishi qayd etilgan ta’minot turlarini har doim ham yig‘ish imkoniyatini bermaydi. Shuning uchun ko‘p hollarda loyiha ob’ekti garov hisobida qabul qilinadi. Hozirgi kunda investitsiya loyihalarini moliyalashtirishning yangi usuli sinditsirlashtirilgan kreditlash (sindikatga uyushgan bir necha kreditorlarning kreditlari majmui) paydo bo‘ldi. Iqtisodiy adabiyotlarda bu so‘zning aniq atamasi yo‘qligi sababli, ko‘pchilik hollarda moliyalashtirishning bu turini sindikatlashtirilgan kredit deb ham ataladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |