15 – MAVZU: INVESTITSIYALARNI MOLIYALASHTIRISHNING LIZING
MEXANIZMI
15.1 – mavzu: Lizingning iqtisodiy mazmuni
REJA:
1. Lizingning iqtisodiy tabiati, mazmuni va mohiyati
2. Lizing turlari
3. Lizing munosabatlarini tashkil etish va amalga oshirish tartibi
1. Lizingning iqtisodiy tabiati, mazmuni va mohiyati
Moliyaviy xizmatlar bozorida lizing iqtisodiy tushuncha sifatida investitsion
faoliyat turlaridan biri sifatida e’tirof etilib, u rivojlangan bozor iqtisodiyotining
mahsuli va turkumlaridan biri bo‘lib hisoblanadi. O‘zbekiston uchun tadbirkorlik
faoliyatini moliyalashtirishning yangi usulini keng joriy qilish, shu bilan birga xorijiy
mamlakatlar lizing biznesidan foydalanish uchun avvalo lizing munosabatlarining
mohiyati va iqtisodiy tabiatini oydinlashtirib olish lozim. Tadbirkorlik faoliyatini
rivojlantirish vositasi hisoblangan lizing raqobat natijasida paydo bo‘lgan va uning
muayyan afzalliklari bo‘lgan. Tadbirkorlik faoliyati uchun investitsiya resurslarini
qidirib topish yoki mulkni qo‘lga kiritish, unga egalik qilish hamda undan
foydalanish huquqini olishning boshqa usullariga nisbatan lizingning u yoki bu
afzalliklari turli huquqiy va iqtisodiy makonlarda turlicha namoyon bo‘ladi. Ya’ni,
lizing mol-mulkidan tadbirkorlik maqsadlarida foydalanish imkoniyatini olish
vositasi sifatida lizingdan ko‘riladigan manfaatlar yoki zararlar, uning afzalliklari
yoki kamchiliklari iqtisodiy, shu jumladan, huquqiy, moliya-kredit munosabatlarining
darajasi bilan belgilanadi
1
.
Ba’zi adabiyotlarda lizing ijarani moliyalashtirish deb hisoblanadi va lizing
usulida moliyalashtirish bankning texnika yoki mashinalarni sotib olib, ularni o‘z
mijozlariga ijaraga berishini nazarda tutadi deb, ta’kidlanadi
2
. Haqiqatda esa bank
mulkchilik huquqini sotib olmaydi, balki moliyalashtiradi, to‘g‘rirog‘i, ijarachining
ijara munosabatlari vositasida va lizing shartnomalarida ko‘rsatilgan muddatlarda
mol-mulkni qo‘lga kiritish niyatida bo‘lg‘usi huquqini moliyalashtiradi. Bank va
lizingning moliyaviy muassasa sifatida tub farqi ham shundadir. Bunga qo‘shimcha
1
Газибеков Д.Г., Собиров О.Ш. «Лизинг и его развитие в Узбекистане», - Т.: Молия, 2001 132 с.
2
Роуз Питер С. Банковский менеджмент. — Пер. с анг., 2-го изд.- М.: Дело Лтд. 1995. 173 с.
ravishda shuni ham ta’kidlash kerakki, lizing texnologiyalar va texnikalar sotib olish
va samarali qo‘llash uchun lizing beruvchi va lizing oluvchilar o‘zaro maqbul kredit
munosabatlariga kirishishining shaklidir. Ayrim iqtisodchilar, lizingni vaqtincha
bo‘sh turgan yoki jalb etilgan moliyaviy mablag‘larni investitsiyalashga qaratilgan
tadbirkorlik faoliyatining bir turi deb ta’riflaydilar. Lizing kompaniyalarining bo‘sh
moliyaviy resurslarni jalb etish imkoniyatlari ularda salmoqli o‘z kapitallarining
borligi bilan izohlanadi. Lizing institutlari endigina paydo bo‘layotgan O‘zbekiston
kabi rivojlanayotgan mamlakatda bozor munosabatlarining qonunchilik negizini
shakllantirish bilan birga lizing tadbirkorlikning alohida turiga aylangani yo‘q. Shu
sababli, bizning nazarimizda lizing – investitsiyalarni moliyalashtirish shakllari yoki
usullaridan biridir, deb hisoblayotgan mualliflarning fikrini qo‘llab-quvvatlash
mumkin
3
. Bizning fikrimizcha, lizing munosabatlari qarz olish-berish asosida vujudga
keladigan iqtisodiy va huquqiy munosabatlarning yaxlit tizimi deb qabul qilinmog‘i
zarur. Lizing rivojlanishining tarixidan ma’lumki, uning paydo bo‘lishiga ob’ektiv
sharoitlar va tegishli shartlar ko‘maklashib kelgan. Bu shart-sharoitlar bir tomondan,
lizing mulkini taklif qilish, ikkinchi tomondan, unga bo‘lgan talabni shakllantirish,
uchinchi tomondan esa lizing munosabatlarini amalga oshirish uchun, bo‘sh turgan
moliyaviy resurslarni jalb qilish imkonini bergan.
Umuman, lizing munosabatlari o‘zining iqtisodiy mazmuniga ko‘ra, bizning
nazarimizda, avvalo qarz olish munosabatlarini, lizing beruvchi va mulk yetkazib
beruvchi bilan, davlat va milliy iqtisodiyotning norezidentlari (xorijiy davlatlar,
xalqaro moliya institutlari, chet el investorlari va boshqalar) bilan mulkiy, huquqiy,
taqsimot va boshqa uyg‘unlashgan munosabatlarini ifodalaydi. Har qanday holatda
ham lizing munosabatlari o‘z mazmuniga ko‘ra makon va zamonda qarz olish, ya’ni
taqsimot, mulkiy munosabatlarni, lizing ob’ektiga egalik qilish huquqi va undan
foydalanish huquqlarini ifodalaydi va o‘z navbatida iqtisodiy jarayondagi qayta
taqsimot munosabatlarini shakllantiradi. Yuqoridagi fikrlarni umumlashtirsak,
zamonaviy lizingning yana bir muhim jihati bo‘lgan – uchinchi (vositachi) shaxsning,
ya’ni lizing kompaniyalarining vujudga kelishi uchun poydevor qurilganligini
3
Коноплицский В., Филина Г. «Это бизнес» Толковый словарь экономических терминов.- Киев: «Альтерпресс», 1996. – 149,
447 с.; Козлов Д. «Лизинг: новые горизонты предпринимательства», Экономика и статистика, 29 июль., 1996.
kuzatishimiz mumkin. Shulardan xulosa qilib, lizingga ta’rif bersak. Xalkaro moliya
korporatsiyasi mutaxassislari tomonidan lizing quyidagicha talqin qilingan: “Lizing –
bu mulkiy munosabatlar majmui bo‘lib, bunda bir taraf (lizing beruvchi) boshqa bir
taraf (lizing oluvchi)ning topshirig‘iga ko‘ra uchinchi taraf (mol yetkazib
beruvchi)dan lizing shartnomasiga muvofiq lizing ob’ekti bo‘lgan mulkni o‘z mulki
qilib sotib olib, uni to‘lash asosida lizing shartnomasida belgilangan shartlar bilan
vaqtinchalik foydalanish va egalik qilish uchun lizing oluvchiga beradi”.
Lizingga berilgan bu ta’rifda lizingning mulkiy munosabatlar majmui va bozor
iqtisodiyotining asosiy tamoyillaridan biri bo‘lgan foyda olish istagining mahsuli
ekanligiga alohida e’tibor karatilgan. Bundan tashqari, Yevropa federatsiyasining
lizing bo‘yicha milliy assotsiatsiyasi tomonidan lizingga berilgan ta’rifi ham
e’tiborga molikdir, ya’ni “Lizing – bu ijarachining ishlab chiqarish maqsadida zavod,
sanoat tovarlari, uskunalar va ko‘chmas mulklardan foydalanish bo‘yicha ijara
shartnomasi bo‘lib, bunda mazkur tovarlar ijaraga beruvchi tomonidan sotib olinib, u
mulkka bo‘lgan egalik qilish huquqini saqlab qoladi”. Ushbu ta’rifda lizing ijara
shartnomasi sifatida baholanib, uning huquqiy jihatlariga e’tibor qaratilgan.
Lizingni ta’riflashda dastlab uning mulkiy munosabatlar ekanligini e’tiborga
olib, bu ta’rifda unda ishtirok etayotgan barcha sub’ektlarning mavqei va manfaatlari
o‘z ifodasini topishi kerakdir. Shu nuqtai nazardan olib qarasak, Sh.U. Xaydarov,
X.A. Ortiqov va X.A. Tuxsanovlar o‘zlarining asarlarida lizingga quyidagicha ta’rif
berib o‘tishgan: “Lizing deganda bir taraf (lizing beruvchi) boshqa bir tarafning
(lizing oluvchining) topshirig‘iga muvofiq lizing ob’ekti bo‘lgan mulkni o‘z mulki
qilib sotib olib, uni lizing oluvchiga haq evaziga lizing shartnomasida belgilangan
shartlar bilan vaqtinchalik foydalanish va egalik qilish uchun hamda shartnoma
tugagandan so‘ng lizing ob’ektini sotib olish huquqi bilan beriladigan mulkiy
munosabatlar majmuidir”
4
. Ushbu ta’rifda lizingning o‘ziga xos xususiyati, ya’ni bu
munosabatlarda uch sub’ektning ishtirok etishi hamda mulkchilik huquqining
o‘zgarishiga alohida to‘xtalib o‘tilgan.
4
Ҳайдаров Ш.У, Ортиков Х.А, Тухсанов Х.А. Лизинг: Тан олиш, баҳолаш ва унинг ҳисоби.- Т.: «NORMA»
МЧЖ, 2006. 43-бет.
Xorijiy adabiyotlarda mutaxassislar lizingga ta’rif berishda uning lug‘aviy
ma’nosiga ham e’tibor berishgan (inglizcha “to lease” fe’lidan olingan bo‘lib,
“mulkni ijaraga berish” yoki “mulkni ijaraga olish” ma’nolarini anglatadi). Ba’zi
manbalarda ta’kidlanishicha, mashina, jixoz, transport vositalari va boshqa ishlab
chiqarishga taalluqli harakatlanuvchi mulkni uzoq muddatli ijaraga olish lizing
sifatida e’tirof etilgan
5
. Bu ta’riflarda lizingga asosan ijara munosabati sifatida
yondashilib, uning o‘ziga xos xususiyatlariga e’tibor berilmagan.
M.I. Leshenko tomonidan lizingga berilgan ta’riflar yuqoridagilardan bir
muncha farq qiladi. Uning fikricha lizing – bu shunday tovar kreditiki, u lizingga
beruvchidan lizingga oluvchiga turli shakldagi mulk (qurilma, uskuna, mashina,
kema va hokazo)ni foydalanishga berilishi bilan an’anaviy bank ssudasidan farq
qiladi. Lizingga beruvchi ishlab chiqaruvchi (sotuvchi)dan mulkni to‘liq qiymati
bo‘yicha egaligiga olib moliyaviy xizmat ko‘rsatadi, lizingga oluvchi esa ushbu
qiymatni davriy ravishda to‘lov (badal)lar hamda kreditdan foydalanganlik uchun
foizlarni birgalikda to‘lab qoplaydi
6
. Bu yerda lizingning o‘ziga xos xususiyati
mulkka egalik qilish huquqida namoyon bo‘ladi. Mulkka egalik qilish huquqi lizing
muddati mobaynida to‘liqligicha lizingga beruvchida bo‘ladi. Bu huquq lizingga
oluvchiga faqatgina shartnomada ko‘rsatilgan muddatda kelishilgan to‘lovlar
butunlay to‘langandan keyingina o‘tadi. Bularning barchasi lizing operatsiyalarining
lizing bozori ishtirokchilari uchun naqadar foydali ekanligidan dalolat berib turibdi.
Yuqorida keltirilgan fikrlarni umumlashtirib, lizingga quyidagicha ta’rif berib
o‘tamiz: “Lizing – bu vaqtinchalik bo‘sh turgan yoki jalb qilingan moliyaviy
vositalarni investitsiyalashni o‘zida aks ettirib, bunda lizingga beruvchi ma’lum bir
sotuvchidan mulkiy shartnomada kelishilgan mol-mulkka egalik qilish va ushbu mol-
mulkni vaqtinchalik foydalanganlik uchun to‘lov asosida oxirida harid qilish huquqi
bo‘yicha lizingga oluvchiga taqdim etish majburiyatini oladi”.
5
Джуха В.М. Лизинг. Серия «Учебники, учебные пособия». -Ростов н/Д: «Феникс», 1999.56-бет.
6
Лещенко М.И. Основа лизинга: Учеб. пособие ч-е изд. перераб. и доп. - М.: Финансы и статистика, 2004.
Do'stlaringiz bilan baham: |